Axborot xizmati haqida

O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi to'g'risida
NIZOM

1-bob. Umumiy qoidalar

1. O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi (keyingi o'rinlarda Boshqarma deb ataladi) O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi (keyingi o'rinlarda IIV deb ataladi) markaziy apparatining tarkibiy tuzilmasi hisoblanib, ichki ishlar organlari matbuot xizmati ishini tashkil etish va muvofiqlashtirishni ta'minlaydi.

2. Boshqarma o'z faoliyatida O'zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, «Axborotlashtirish to'g'risida», «Axborot erkinligi printsiplari va kafolatlari to'g'risida», «Ommaviy axborot vositalari to'g'risida», «Ichki ishlar organlari to'g'risida»gi va boshqa O'zbekiston Respublikasi qonunlariga, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, Ichki ishlar vazirining buyruqlari va farmoyishlariga, shuningdek ushbu Nizomga amal qiladi.

3. Boshqarma o'z faoliyati masalalari bo'yicha belgilangan tartibda ichki ishlar boshqa organlari, huquqni muhofaza qilish organlari hamda davlat boshqa organlari, tashkilotlar, shuningdek fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qiladi.

4. Ichki ishlar organlari matbuot xizmati tizimiga quyidagilar kiradi:
O'zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi;
«O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining «Postda» — «Na postu» gazetalari va «Qalqon» — «Щit» jurnallari birlashgan tahririyati» davlat unitar korxonasi;
Qoraqalpog'iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalarining matbuot guruhlari;
ichki ishlar organlari tarmoq xizmatlari va ta'lim muassasalarining matbuot guruhlari.

5. Boshqarma O'zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o'z nomi yozilgan muhrga, shtampga ega hamda O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri tasdiqlagan boshqarma faoliyati spetsifikasi tasvirlangan ramzga ega bo'lishi mumkin.

2-bob. Boshqarmaning asosiy vazifalari va funktsiyalari

6. Quyidagilar Boshqarmaning asosiy vazifalari hisoblanadi:
ichki ishlar organlari faoliyatini axborot kuzatuvi ishlarini muvofiqlashtirish, ular mansabdor shaxslarining fuqarolik jamiyati institutlari va jamoatchilik vakillari bilan uchrashuv va brifinglarini, jamoat xavfsizligini ta'minlash va mamlakatda huquq-tartibotni mustahkamlash masalalari bo'yicha fuqarolar bilan ochiq, to'g'ridan-to'g'ri muloqotlarini tashkil etish;
huquqbuzarliklar profilaktikasi, jamoat tartibini saqlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasidagi ichki ishlar organlari faoliyati to'g'risida aholiga o'z vaqtida va ishonchli axborot etkazish bo'yicha kompleks chora-tadbirlar ko'rish va zarur shart-sharoitlar yaratish;
hududiy ichki ishlar organlarining matbuot xizmatlari faoliyatiga tashkiliy-uslubiy yordam ko'rsatish, ularni respublikaning jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari bilan mustahkam hamkorlik o'rnatishlarini ta'minlash;
ommaviy axborot vositalari va butunjahon Internet axborot tarmog'i materiallarini tunu-kun monitoring va tahlil qilishni ta'minlash, noto'g'ri xabar yoki ichki ishlar organlari obro'siga putur etkazuvchi materiallarga zudlik bilan munosabat bildirish;
O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi rasmiy veb-saytining samarali faoliyatini tashkil etish, unga doimiy ravishda axborot materiallarini joylash hamda ichki ishlar organlari tarkibiy bo'linmalarining veb-resurslarini nazorat qilish va muvofiqlashtirish.

7. Boshqarma o'ziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi asosiy funktsiyalarni amalga oshiradi:
a) ichki ishlar organlari mansabdor xodimlarining uchrashuv va brifinglarini efirga uzatish shartlari bilan doimiy ravishda jamoatchilik va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari bilan jamoat xavfsizligini ta'minlash va huquq-tartibotni mustahkamlash masalalari bo'yicha fuqarolar bilan ochiq, to'g'ridan-to'g'ri muloqotni tashkil etish ishlarini muvofiqlashtirish sohasida:
ichki ishlar organlari axborot kuzatuvi ishlari tizimida tahlil va rejalashtirish, ushbu yo'nalishda tashkiliy tadbirlarni ishlab chiqish va o'tkazish;
ichki ishlar organlari o'tkazadigan tadbirlar, chiqishlar va uchrashuvlarni belgilangan tartibda keng yoritish;
O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining vakolati doirasidagi qonunchilik va huquq-tartibot, ichki ishlar organlariga jamoat tartibi va jamoat xavfsizligini ta'minlashda ko'maklashish masalalari bo'yicha fuqarolik jamiyati institutlari vakillari bilan uchrashuvlarini tashkil etish;
ichki ishlar organlari mansabdor xodimlarining jamoatchilik va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari bilan uchrashuv va brifinglarini tashkil etish choralarini ko'rish;
ichki ishlar organlari mansabdor xodimlarining aholi bilan ochiq, to'g'ridan-to'g'ri muloqotini amalga oshirishda ko'maklashish, jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishning dolzarb masalalarini va fuqarolarning kundalik muammolarini muhokama etish va hal qilish uchun keng jamoatchilikni jalb etish;
Boshqarma vakolatiga kiruvchi masalalar bo'yicha normativ-huquqiy hujjatlar va boshqa hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va unda ishtirok etish;
b) aholini ichki ishlar organlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi, jinoyatchilikka qarshi kurashish borasidagi faoliyati haqida o'z vaqtida va ishonchli xabardor qilish bo'yicha kompleks chora-tadbirlar ko'rish va zarur shart-sharoitlar yaratish sohasida:
ommaviy axborot vositalari va butunjahon Internet axborot tarmog'i orqali ichki ishlar organlarining jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish faoliyati bo'yicha dolzarb masalalarni aholiga doimiy ravishda etkazib turish;
ichki ishlar organlari faoliyati to'g'risida noto'g'ri va boshqa axborotlar tarqalishining oldini olish maqsadida,mamlakatdagi huquqbuzarliklar to'g'risidagi vaziyatning o'z vaqtida va haqqoniy yoritilishini ta'minlash;
«O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining «Postda» — «Na postu» gazetalari va «Qalqon» — «Щit» jurnallari birlashgan tahririyati» davlat unitar korxonasi faoliyatini muvofiqlashtirish, tizimli takliflar asosida uning ishlash shakl va uslublarini takomillashtirish, tarmoq bosma nashrlarini chop etishga ko'maklashish;
aholini jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda ichki ishlar organlari xodimlarining obro'sini ko'tarish, ularning namunali obrazini shakllantirish va mustahkamlashga qaratilgan tashviqot va axborot-tushuntirish tusidagi tadbirlarni o'tkazishni tashkil etish;
v) hududiy ichki ishlar organlari matbuot xizmatlari faoliyatiga tashkiliy-uslubiy ko'maklashish, respublika jamoatchiligi va ommaviy axborot vositalari vakillari bilan o'zaro hamkorlikni ta'minlash sohasida:
ichki ishlar organlari tarmoq xizmatlari, o'quv muassasalari va hududiy bo'linmalari matbuot guruhlari faoliyatini tahlil va monitoring qilish ishlarini tashkil etish bo'yicha tavsiya va uslubiy qo'llanmalar ishlab chiqish;
ichki ishlar organlari faoliyatini axborot kuzatuvi sohasida «O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining «Postda» — «Na postu» gazetalari va «Qalqon» — «Щit» jurnallari birlashgan tahririyati» davlat unitar korxonasi faoliyatiga baho berish;
ichki ishlar organlarining ommaviy axborot vositalari tahririyatlari, jamoat birlashmalari bilan o'zaro hamkorligini ta'minlash kompleks chora-tadbirlarini tashkil etish va amalga oshirish;
ichki ishlar organlari faoliyati axborot ta'minotida fuqarolik jamiyati institutlarining samarali ishtiroki uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;
ichki ishlar organlari matbuot xizmati xodimlarining mutaxassislik yo'nalishlari bo'yicha malakalarini oshirish va ularni qayta tayyorlashni tashkil etish choralarini ko'rish;
g) ommaviy axborot vositalari va butunjahon Internet axborot tarmog'i materiallarini tunu-kun monitoring va tahlil qilib borishni ta'minlash, ichki ishlar organlari xodimlari obro'siga putur etkazuvchi, noto'g'ri axborotga ega materiallarga darhol munosabat bildirish sohasida:
ommaviy axborot vositalari va butunjahon Internet axborot tizimi materiallarini tunu-kun monitoring va tahlil qilishni ta'minlash, noto'g'ri xabar yoki ichki ishlar organlari obro'siga putur etkazuvchi materiallarga zudlik bilan munosabat bildirish;
ichki ishlar organlari faoliyatining axborot ta'minotiga xavf tug'dirishini aniqlash, baholash va ko'ra bilish, mazkur xavflarga qarshi kurashish bo'yicha takliflar tayyorlash;
O'zbekiston Respublikasi IIV rahbariyatiga ommaviy axborot vositalari va butunjahon Internet axborot tarmog'ida ichki ishlar organlari faoliyatiga berilgan baho haqida axborot berish;
d) O'zbekiston Respublikasi IIV rasmiy veb-saytining samarali ishlashini tashkil etish, tizimli ravishda unda axborot materiallar, shuningdek ichki ishlar organlari tarkibiy bo'linmalari veb-resurslarini nazorat qilish va muvofiqlashtirish sohasida;
ichki ishlar organlarida o'tkaziladigan uchrashuv va chiqishlar haqidagi materiallarni doimiy ravishda to'plab borish va umumlashtirish;
O'zbekiston Respublikasi IIV rasmiy veb-saytida ichki ishlar organlarining jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasidagi natijalar haqidagi ma'lumotlarni muntazam joylashtirish;
ichki ishlar organlari tarkibiy bo'linmalari rasmiy veb-saytlari faoliyatini nazorat qilish va uslubiy kuzatib borish.
Boshqarma qonun hujjatlariga muvofiq boshqa funktsiyalarni ham amalga oshirishi mumkin.

3-bob. Boshqarmaning huquqlari, vazifalari va majburiyatlari

8. Boshqarma o'ziga yuklangan vazifa va funktsiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:
tegishli davlat idoralari bo'linmalari, fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari, boshqa tashkilotlardan hamda fuqarolardan — axborot, ma'lumot va boshqa boshqarmalar faoliyatiga doir masalalar bo'yicha materiallarni belgilangan tartibda so'rash va olish;
Boshqarmaga yuklangan vazifalarni bajarishda ichki ishlar organlari bo'linmalari ma'lumotlar bazasidan belgilangan tartibda foydalanish;
ichki ishlar organlari rasmiy vakili sifatida ommaviy axborot vositalari va butunjahon Internet axborot tarmog'ida chiqishlar qilish, shuningdek, ular orqali ichki ishlar organlari faoliyati haqida axborot va videomateriallar tarqatish;
ichki ishlar organlari tomonidan berilgan axborot va materiallardan kelib chiqib ommaviy axborot vositalariga va butunjahon Internet axborot tarmog'iga joylashtirishga mo'ljallangan ma'lumotlarning zarurligi va hajmini belgilash;
ichki ishlar organlari tomonidan taqdim etilgan axborot va materiallarni tahrir qilish va ommaviy axborot vositalarida hamda O'zbekiston Respublikasi IIV rasmiy veb-saytida oxirgi tahrirda joylashtirish;
o'z vakolati doirasida ichki ishlar organlari matbuot xizmati bo'linmalari tomonidan bajarish uchun majburiy bo'lgan yozma va og'zaki ko'rsatmalar berish;
ichki ishlar organlari matbuot xizmati rahbarlari va xodimlarining xizmat tayyorgarligini oshirish doirasida o'quv-uslubiy yig'inlarni belgilangan tartibda tashkil etish;
ichki ishlar organlari matbuot xizmati moddiy-texnika ta'minotini yaxshilash, xodimlarining malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash bo'yicha takliflar kiritish.
Boshqarma qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarni ham amalga oshirishi mumkin.

9. Boshqarma quyidagilarga majbur:
o'z vakolatlari doirasida ichki ishlar organi faoliyatining ochiqligini ta'minlash, o'tkazilayotgan tadbirlarining har taraflama axborot kuzatuvini, shu jumladan, Huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni, YOng'inlar profilaktikasi kuni doirasida zarur chora-tadbirlar ko'rish;
O'zbekiston Respublikasi IIV rahbariyatiga ichki ishlar organlari matbuot xizmati ishlari to'g'risida zarur ma'lumotlarni tayyorlash va taqdim etish.
Boshqarma qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vazifalarni ham bajarishi mumkin.

10. Boshqarma zimmasiga yuklangan vazifalar va funktsiyalarning samarali bajarilishi uchun javob beradi.

4-bob. Boshqarma faoliyatini tashkil etish

11. Boshqarmaga O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri tomonidan tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan boshliq rahbarlik qiladi.
Boshqarma boshlig'i lavozimiga ko'ra bir vaqtning o'zida O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining matbuot kotibi hisoblanadi va belgilangan tartibda tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan bir nafar o'rinbosari bo'ladi.

12. Boshqarma boshlig'i:
ishlarni tashkillashtiradi va boshqarma faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi, zimmasiga yuklangan vazifalarni bajarishga shaxsan javob beradi, o'z o'rinbosari va ichki ishlar organlari tarmoq xizmatlari, ta'lim muassasalari va hududiy bo'linmalar matbuot guruhlarining funktsional vazifalarini belgilaydi;
Boshqarmaning ish rejasini tasdiqlaydi;
o'z vakolati doirasida ko'rsatmalar beradi va O'zbekiston Respublikasi IIV rahbariyatiga ichki ishlar organlari barcha shaxsiy tarkibi bajarishi majburiy bo'lgan buyruqlar, farmoyishlar loyihalarini kiritadi;
ichki ishlar organlari matbuot xizmatiga kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo'yish ishlari bajarilishini nazorat qiladi, ularning kasbiy darajasini oshirish, qayta tayyorlash, xizmat va mehnat intizomiga rioya qilishiga qaratilgan tadbirlarni tashkil etadi;
Boshqarma shaxsiy tarkibi o'rtasida profilaktik va tarbiyaviy ishlarni amalga oshiradi;
O'zbekiston Respublikasi IIV rahbariyatiga o'zining o'rinbosari, matbuot xizmati boshliqlari va shaxsiy tarkibini tayinlash, ish joyini o'zgartirish, egallab turgan lavozimidan ozod qilish va bo'shatish to'g'risida takliflar kiritadi.
O'zbekiston Respublikasi IIV rahbariyatiga boshqarma xodimlariga maxsus unvonlar berish, ularni rag'batlantirish yoki ularga nisbatan intizomiy jazo qo'llash haqida taqdimnoma kiritadi;
Boshqarma xodimlarini (ishchilarini) belgilangan tartibda xizmat safarlariga yuboradi;
Boshqarma xodimlariga (ishchilariga) o'z vakolati doirasida mehnat ta'tili beradi;
ichki ishlar organlari sohaviy xizmatlari, ta'lim muassasalari va hududiy bo'linmalari matbuot guruhlari rahbarlari hisobotini eshitadi;
Boshqarmaning safarbarlik tayyorgarligini belgilangan tartibda tashkil etadi va ta'minlaydi;
Boshqarmada maxfiylik tartibotiga rioya etilishi uchun javob beradi.
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.

13. Boshqarma boshlig'i yo'qligida uning vazifalarini o'rinbosar bajaradi.

14. Boshqarma xodimlari (ishchilari) belgilangan tartibda Boshqarma boshlig'i tavsiyasiga ko'ra lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi;

15. Ichki ishlar organlari sohaviy xizmat, o'quv muassasalari va hududiy bo'linmalari matbuot guruhlari rahbarlari va xodimlari (ishchilari) ushbu bo'linmalar boshliqlari tomonidan Boshqarma boshlig'i bilan kelishgan holda lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.

5-bob. YAkunlovchi qoidalar

16. Ish yuritish va maxfiylik tartibining tashkil etilishi va ta'minlanishi Boshqarma tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

17. Ichki ishlar organlari matbuot xizmatini texnika, jihozlar va boshqa moddiy-texnika vositalari bilan ta'minlash belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

© 2006-2020. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech
Тепага