IIV Birlashgan tahririyati

O'zbekiston Respublikasi IIVning «Postda» va «Na postu» gazetalari 1930 yil 12 maydan chiqa boshladi. Gazetalar dastlab faqat ichki ishlar organlari xodimlariga mo'ljallangan bo'lib, unda respublika ichki ishlar organlari faoliyatiga oid materiallar berib borilgan. O'sha davrda bir oyda uch marta, 150 nusxada chop etilgan bo'lsa, 50-yillarga kelib, gazetalar tiraji 6 mingga etdi. Tahririyat xodimlarining sa'y-harakati bilan 1960 yildan e'tiboran haftasiga ikki marta 10 ming nusxada chiqa boshladi.

1965 yil 1 avgustdan boshlab nashrlarning keng jamoatchilikka mo'ljallangan yakshanba sonlarini chop etish yo'lga qo'yildi. Gazetalar tez ommalashdi, mushtariylarning talab-ehtiyojlaridan kelib chiqib, 1970 yildan gazetalar haftada uch marta bosila boshlandi. 

XX asrning 90-yillar boshida Ichki ishlar vazirligi rahbariyati tashabbusi bilan 1990 yilda «Postda» va «Na postu» gazetalarini qayta tiklashga qaror qilindi. 1991 yil 1 yanvarda ikki tilda alohida chop etilgan nashrlarning ilk soni ichki ishlar organlari xodimlari va keng jamoatchilikka etib bordi.

Dastlab to'rt sahifadan iborat bo'lgan gazetalarni haftada uch marta chiqarish yo'lga qo'yildi. Tahririyat moddiy bazasi mustahkamlangach, sahifalar soni sakkiztaga etkazildi, keyinchalik esa 16 sahifada chop etila boshlandi. Nashrlarni qayta tiklashda Zokir Ataev, G'ayrat Boltaboev, Konstantin Timoxin, Siddiqxo'ja Sulaymonxo'jaev, Habibulla SHodiev kabi insonlarning ham xizmati katta bo'ldi.

1998 yilning mart oyida O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining tegishli buyrug'i bilan «Postda» va «Na postu» gazetalari tahririyati bazasida IIV Birlashgan tahririyati tashkil etildi. O'sha yil sentyabr` oyida «Qalqon» va «Щit» jurnallarini chop etish yo'lga qo'yildi.

Gazeta va jurnallarda berilayotgan materiallarning saviyasi yaxshilandi, mundarijasi kengaytirildi, maqolalarning har bir nashr uchun alohida-alohida, aynan bir-birini takrorlamaydigan qilib tayyorlashga e'tibor kuchaytirildi, dizayni zamon talabiga javob beradigan darajaga keltirildi. «Postda» va «Na postu» gazetalarida «Sulola», «Dinastiya», «Ibrat», «Soha fidoyilari», «Qonun – huquq kafolati» kabi  sahifalar ham tashkil etildi.

«Qalqon» va «Щit» jurnallarida ichki ishlar organlari xodimlarining mashaqqatli xizmatini tahliliy yoritishga, xorij politsiya tizimlari faoliyatiga bag'ishlangan materiallarga, sud ocherklariga, badiiy iqtidorga ega ichki ishlar xodimlari asarlarini chop etib borishga asosiy e'tibor qaratildi.

2009 yilga kelib «Postda» va «Na postu» gazetalarining umumiy adadi 62 mingdan oshgan bo'lsa, «Qalqon» va «Щit» jurnallarining umumiy tiraji qariyb 15 mingtaga etdi.

Nashrlarda o'quvchilarga manzur bo'ladigan yangi ruknlar, qiziqarli detektiv qissalar, maroqli maqolalar chop etilishi mushtariylar sonining oshishiga olib keldi. 

2020 yilda 12 may kuni IIV nashrlari bo'lgan – «Postda» va «Na postu» gazetalari o'zining 90 yilligini nishonladi. Tahririyat xodimlari ushbu sanani munosib yutuqlar bilan kutib olish uchun ijodiy izlanishlar olib bormoqdalar.

© 2006-2020. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага