17 Yanvar 2020 521

Shavkat Mirziyoyev Jahon banki delegatsiyasini qabul qildi

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti SHavkat Mirziyoev 17 yanvar` kuni Jahon banki vitse-prezidenti Siril Myuller boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Jahon banki guruhi dunyo miqyosidagi etakchi moliyaviy institut bo'lib, mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning yangi dasturini amalga oshirishda strategik sherikdir.

Bank ekspertlari O'zbekistonda qishloq va suv xo'jaligi, geologiya, bank-moliya va soliq, ta'lim sohalarida modernizatsiya ishlarini samarali amalga oshirishga doir takliflarni ishlab chiqishda, investitsiya va ishbilarmonlik muhitini takomillashtirish hamda boshqa ustuvor yo'nalishlarda faol ishtirok etmoqda.  

Bugungi kunda Jahon banki tomonidan O'zbekistonda amalga oshirilgan va davom ettirilayotgan loyihalarning qiymati 5,5 milliard dollarni tashkil etadi.

O'tgan yili ushbu global moliyaviy institut umumiy qiymati qariyb 1 milliard dollar bo'lgan yangi istiqbolli loyihalarni ma'qulladi. Navoiy viloyatida quyosh elektr stantsiyasini qurish bo'yicha kimoshdi savdosi, shuningdek, Vashington shahrida "Mamlakat platformasi" taqdimoti muvaffaqiyatli o'tkazildi.

Davlatimiz rahbari bularning barchasi O'zbekiston va Jahon banki o'rtasidagi yaqin hamkorlik, ochiq va konstruktiv muloqot natijasida erishilganini alohida ta'kidladi.

O'z navbatida, Siril Myuller Jahon banki guruhi prezidenti Devid Melpassning samimiy salomini etkazib, tashkilot O'zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar dasturini to'liq qo'llab-quvvatlashini yana bir bor qayd etdi.

Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalari va ustuvor yo'nalishlari muhokama qilindi.

© 2006-2020. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech
Тепага