18 Fevral 2020 533

O'quv-seminari boshlandi

Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA)ning O'zbekistondagi vakolatxonasi ko'magida tashkil etilgan navbatdagi o'quv-seminari “Terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish” mavzusiga bag'ishlandi. 

Mashg'ulotning ochilish marosimida TIKAning mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari Jamoliddin Tuney, IIV Akademiyasi boshlig'ining birinchi o'rinbosari, polkovnik O'tkirbek Muhamedov, shuningdek Turkiya Respublikasi elchixonasi vakillari ishtirok etdi. So'zga chiqqanlar o'zaro hamkorlik natijasida tashkillashtirib kelinayotgan mashg'ulotlar jinoyatchilikka qarshi samarali kurashish, xalqaro tahdidlarning oldini olish, shuningdek huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlarining kasbiy ko'nikmalarini oshirishga xizmat qilayotganini ta'kidlab o'tishdi. 

Sir emaski, xalqaro terrorizm bugungi kunda jahon afkor-ommasini tashvishga solib kelayotgan ulkan xatarga aylandi. Dunyo mamlakatlarida ro'y berayotgan siyosiy ixtiloflar, qurolli mojarolar terrorizm va ekstremizmning chegara bilmasligini, unga qarshi bir mintaqa yoxud hududda kurashib bo'lmasligini ko'rsatmoqda. O'zbekiston Respublikasi mustaqillikning dastlabki yillardan boshlab terrorizmning har qanday ko'rinishlariga qarshi murosasiz kurashish yo'lida qat'iy siyosat yuritib kelmoqda. Bu borada milliy qonunchiligimiz, xalqaro umume'tirof etilgan konventsiya hamda hujjatlarning qabul qilingani terrorizmni moliyalashtirish, uning oldini olishda muhim huquqiy asos vazifasini o'tamoqda.

O'quv-seminari ham terrorizm va uni moliyalashtirishga qarshi kurashishda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, bu borada o'zaro tajriba almashish, soha xodimlarining kasbiy ko'nikmalarini oshirish maqsadida tashkil etilgani bilan dolzarb ahamiyat kasb etadi. Ichki ishlar vazirligining Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bosh boshqarmasi xodimlari, Akademiya professor-o'qituvchilari ishtirok etayotgan mashg'ulotlar joriy yilning 21 fevraliga qadar davom etadi. O'quv-seminari yakunida ishtirokchilarga sertifikatlar topshirilishi rejalashtirilgan.

IIV Akademiya Axborot xizmati  

© 2006-2020. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech
Тепага