21 Fevral 2020 177

Odam savdosi-global muammo

Barchaga ma'lumki, so'nggi paytlarda odam savdosi butun dunyo hamjamiyatini tashvishga solayotgan jiddiy muammoga aylangan. Uning ko'lami kundan kunga kengayib, ortib bormoqda. Fuqarolarning chet ellarga noqonuniy ravishda chiqib ketishlari, ularning norasmiy yo'llar bilan firibgar vositachilar yordamida ish topib, qalbaki hujjatlar rasmiylashtirishi, noma'lum odamlarga pasport va boshqa shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarini topshirib qo'yishlari ularning tom ma'noda qulga aylanib qolishlariga sabab bo'lmoqda.       

Shu bilan birga, fuqarolarni chet mamlakatlarda bo'lish vaqtida yashab va ishlab turgan davlat qonunchiligi, mehnat faoliyatini amalga oshirish davrida amal qilinishi lozim bo'lgan qoidalarni bilmasliklari ayanchli oqibatlarga olib kelmoqda. Ayniqsa, borgan yurtlari tilini bilmasligi, muayyan kasb va malakaga ega bo'lmasligi, aksariyat odamlarning o'z haqqini talab qila olmasligi og'ir mehnat sharoitlarida qul sifatida ekspluatatsiya qilinishlariga sabab bo'lmoqda. 

Shu boisdan yuqoridagi kabi salbiy holatlarni oldini olish maqsadida “Odam savdosi - davr muammosi” loyihasi doirasida targ'ibot guruhlari tashkil etilib, Namangan viloyati IIB, uning hududiy bo'limlari va boshqa aloqador tashkilot vakillari tomonidan aholi, ayniqsa yoshlar orasida odam savdosiga qarshi tushuntirish ishlari olib borilmoqda. 

20 fevral` payshanba kuni viloyatning barcha shahar tumanlarida IIB xodimlari tosmonidan “Yoshlar orasida odam savdosini oldini olish, bu jinoyatning tuzog'iga tushib qolmaslik va mazkur illat keltirib chiqarayotgan mudxish oqibatlari” mavzusida targ'ibot tadbiri bo'lib o'tdi. Unda aloqador idora vakillari va hudud yoshlari ishtirok etdi. Suhbat davomida viloyat IIB vakillari tomonidan ushbu illatga aralashib qolishning ildizi bu ma'naviy va huquqiy bilimning etarli emasligida ekanligi ta'kidlandi. SHu boisdan har bir shaxs o'zining huquq va burchlarini bilishi bilan bir qatorda, bo'sh vaqtidan oqilona foydalanishi lozimligi tushuntirildi. Bu borada amaliy hamkorlik olib borish taklifi ham berildi. 

Davra suhbati davomida bir necha hayotiy misollar bilan odam savdosi qurboni bo'lgan shaxslarning kechinmalari tasvirlangan videorolik namoyish etildi. Ushbu mavzu haqida o'quvchilar ham o'zlarini qiziqtirgan savollarni berish bilan bir qatorda, bu boradagi fikr mulohazalarini ham bildirib o'tdilar. 

Har payshanba “Huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni” munosabati bilan odam savdosiga qarshi kurashishda aholi, ayniqsa yoshlar o'rtasida ushbu illatning xavfi va oqibatlari haqida tushuntirish ishlari olib borish, fuqarolarni bu boradagi vaziyatdan ogoh etish hamda xabardorligini ta'minlash maqsadida “Odam savdosiga qarshi kurash” tadbiri barcha shahar va tumanlarda o'tkazib kelinmoqda. 

Namangan viloyati IIB Axborot xizmati

© 2006-2020. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech
Тепага