22 May 2020 65

Navoiy viloyati IIBda profilaktika inspektori lavozimiga qabul qilingan yosh xodimlar ishtirokida o'quv-seminarlari o'tkazilib kelinmoqda

YUrtimiz osoyishtaligi va barqarorligini asrab-avaylash, xalqimiz tinchligi va xotirjamligini ta'minlash IIO tizimida o'z xizmat vazifasini olib borayotgan soha xodimlarining mas'uliyatli vazifasidir. Ayniqsa, jamiyatimiz bosh bo'g'ini hisoblangan mahallalarda burchini sidqidildan ado etib kelayotgan profilaktika inspektorlarining jamoat tartibini saqlash bo'yicha yordamchilarining mashaqqatli kasbdagi ko'magi e'tirofga loyiqdir.

Joriy yilning fevral` oyida qabul qilingan “Jamiyatda ijtimoiy-ma'naviy muhitni sog'lomlashtirish, mahalla institutini yanada qo'llab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari to'g'risida”gi 5938-sonli Prezidentimiz Farmoni ijrosini ta'minlash maqsadida, Navoiy viloyati IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasiga 121 nafar ichki ishlar organlarida safdorlik va serjantlik lavozimlarida xizmat qilayotgan yosh xodimlar hamda shu vaqtga qadar joylarda profilaktika inspektorlarining jamoat tartibini saqlash bo'yicha yordamchilari bo'lib xizmat qilib kelgan yigitlar profilaktika inspektori lavozimiga qabul qilindi. 

Ichki ishlar organi xodimlarining xizmat o'tash tartibi to'g'risidagi saf nizomi asosida, endilikda ular bilan saf ko'riklari o'tkazilib, saf tayyorgarligi mashg'ulotlari, safda guruh bo'lib harakatlanish, safdan chiqish va safga kirish ko'nikmalari bo'yicha o'quv mashg'ulotlari tashkil etilmoqda. 

Misol tariqasida aytish mumkinki, viloyatning Xatirchi tumanidagi 68 ta MFYda joylashgan 33 ta IIO tayanch punktlarida 32 nafar profilaktika inspektorlari o'z xizmat vazifalarini olib borgan bo'lsalar, ayni paytda har bir mahallada bir nafar profilaktika inspektori faoliyat olib borishi yo'lga qo'yildi. YOsh xodimlar uchun seminar-treninglar tashkil etilgan bo'lib, o'quv jarayonida profilaktika inspektorlari mahalla fuqarolar yig'ini bilan hamkorlikda faoliyatini tashkil etishi, har bir xodim mahalla raisining huquq-tartibot masalalari bo'yicha o'rinbosari ekanligi, hududidagi demografik ma'lumotlarni qunt bilan o'rganishi lozimligi, xodim aholi orasida barchaga namuna va ibrat bo'lishi, qonunchilikka va xizmat intizomiga rioya qilishlari, fuqarolar tomonidan kelib tushayotgan murojaatlarni odilona ko'rib chiqishi hamda tazyiq va zo'ravonlikka uchragan xotin-qizlarga himoya orderi berilishi lozimligi to'g'risida alohida tushunchalar berilmoqda.

SHuningdek, dars mashg'ulotlarida ma'muriy hududda ilgari sudlangan fuqarolarning qayta jinoyatga qo'l urmasliklarining oldini olishda, kriminogen vaziyati og'ir bo'lgan mahallalarda qoidabuzarliklar sodir bo'lmasligida, jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi samaradorligini oshirishda profilaktika inspektorlaridan mas'uliyat talab etilishi xususida ham alohida urg'u qaratilgan. O'quv-seminarlarida viloyatning barcha hududlarida yo'lga qo'yilgan “Obod va xavfsiz mahalla” tizimi bo'yicha belgilab berilgan vazifalarni o'z vaqtida sifatli va samarali bajarilishi yuzasidan tavsiyalar berilmoqda. Bundan ko'zlangan asosiy maqsad, yosh xodimlarda mahallalarda aholi bilan profilaktik ishlarni olib borish bo'yicha nazariy bilim berish bilan bir qatorda, hududlarda yuzaga kelayotgan kriminogen vaziyatni tezkor tahlil qilish hamda muammolarni mustaqil hal qilishga doir amaliy ko'nikmalarini shakllantirishdan iboratdir.

Ishonchimiz komilki, IIO tizimida ko'p yillar davomida xizmat qilgan, tajriba va mahoratga ega soha fidoyilari tomonidan yosh xodimlarga o'rgatilib kelinayotgan kasbning sir-asrorlari tez orada o'zining amaliy natijalarini berib, har bir hududning osoyishtaligi ta'minlanadi. Joylarda fuqarolarning huquqiy savodxonligi yanada ortib, jinoyatchiliklarning oldi olinadi.

Navoiy viloyati IIB Axborot xizmati

© 2006-2020. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech
Тепага