20 Fevral 2020 423

Husniya Salohiddinovaning iddaolari o'rinsiz

18 fevral` kuni "Youtube" saytining "SHuxrat Musaev" kanali orqali Jizzax viloyati, Zomin tumani, "Pshog'or" qishloq fuqarolar yig'ini, "YOshlik" mahallasida yashovchi Salohiddinova Husniya Temirovnaning ichki ishlar organlari xodimlarining harakatlaridan noroziligi aks etgan videomaterial tarqaldi. Unda bildirilishicha, Husniya Salohiddinova vaqtincha ijarada yashab turgan Jizzax shahri, "YOshlik" mahallasidagi xonadonida o'g'rilik sodir bo'lgani yuzasidan 2019 yilning 31 iyul` kuni ichki ishlar organlariga murojaat etgan, ammo bugungacha jinoyat fosh etilmagani, Jizzax viloyati hokimligi mas'uli ta'sirida soha vakillari unga nisbatan noto'g'ri munosabatda bo'lishayotganini bayon qilgan.

Ammo shikoyatchining iddaolari haqiqatga mos emas. CHunonchi, Jizzax shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi Husniya Salohiddinova yashab turgan yotoqxonadagi turar joyida o'g'rilik yuz bermagan, deb hisoblaydi. Surishtiruv natijalariga ko'ra, 2019 yilning 31 iyul` kuni Husniya Salohiddinova yashash joyida suv jo'mragini ochiq qoldirib, xonadondan chiqib ketgan. Natijada pastki qavatdagi xonalarni suv bosgan va mazkur yotoqxonada yashovchi A.Suyarov S.eshbekova va S.Xo'jamurodovlar guvohligida Husniya Salohiddinova yashaydigan xonaning eshigini buzgan. SHundan so'ng ular xonadonga kirishgan va suv jo'mragini yopib, chiqib ketganlar.

Bir necha soatdan so'ng Husniya Salohiddinova qaytib kelgan va Jizzax shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasiga ariza bilan murojaat qilib, noma'lum shaxslar yashash xonadonidagi sumkasida bo'lgan 500 ming so'mdan 300 ming so'mni hamda 300 AQSH dollaridan 100 AQSH dollari miqdoridagi pullarni va “Samsung S-2” rusumli uyali telefonini o'g'irlab ketganligini ma'lum qilgan.

Ariza asosida Husniya Salohiddinovaning xonadoni IIB xodimlari tomonidan ko'zdan kechirilganda “Samsung S-2” uyali telefoni divan ustidagi yostiq tagidan topilgan. Ikki kun o'tgach Husniya Salohiddinova yotoqxonadagi qo'shnisi S.Pakka turar joyi eshigini buzganlari uchun jahl ustida ichki ishlar organlariga o'g'rilik haqida yolg'on ma'lumot berganligini aytgan. Bu haqida ichki ishlar organlariga S.Pak yozma ko'rsatma bergan.

Holat yuzasidan Jizzax shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi Jinoyat qidiruv bo'limi xodimlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borildi. Husniya Salohiddinovaning ko'rsatmalaridagi noaniqliklar hamda boshqa guvohlarning ko'rsatmalari asosida arizachining murojaatida ko'rsatilgan holatda jinoyat tarkibi aniqlanmagan deb topilib, 2019 yilning 7 avgustida jinoyat ishini qo'zg'atish rad etilgan.

Qabul qilingan ushbu qarorning qonuniyligi Jizzax shahar prokurori tomonidan nazorat tartibida o'rganib chiqilib, 2019 yilning 15 dekabrida holat yuzasidan jinoyat ishi qo'zg'atilgan va tegishliligiga ko'ra tergov harakatlarini davom ettirish uchun Jizzax shahar IIO FMB huzuridagi Tergov bo'limiga yuborilgan.

SHu sababli ish qayta ko'rib chiqilgan va 2020 yilning 27 yanvarida Husniya Salohiddinova qo'shimcha so'roq uchun chaqirilgan. Tergov harakati soat 19.54 da boshlanib, 20.45 da tugallangan. Bu fakt uning maktabdan qaytgan 8 yoshli nabirasi uyga kira olmay qolgani to'g'risidagi gaplari ham yolg'on ekanligini ko'rsatadi. Xuddi shunday, Husniya Salohiddinova asossiz kuttirib qo'yilmagan va tabiiyki, yolg'on ko'rsatma berish oqibatlari to'g'risida ogohlantirilgan. U bilan suhbatlashgan xodimlar tomonidan qonunga zid xatti-harakatlar sodir etilmagan. Ma'lumot o'rnida aytish kerakki, Jinoyat-protsessual kodeksining 88-moddasiga ko'ra, ertalab 6.00dan kech 22.00 gacha tergov harakatlarini olib borishga ruxsat etiladi.

Olib borilgan tergov harakatlari natijasiga ko'ra, fuqaro Husniya Salohiddinovaning arizasida ko'rsatilgan holatda jinoiy hodisa yuz bermagan deb topilib, jinoyat ishi 2020 yilning 6 fevralida Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi 1-bandiga asosan harakatdan to'xtatilgan.

Xuddi shunday, surishtiruv harakatlariga hokimlik vakillarining aralashuviga yo'l qo'yilmagan. Xulosa qiladigan bo'lsak, Husniya Salohiddinovaning iddaolari o'rinsiz.

Jizzax viloyati IIB Axborot xizmati

© 2006-2020. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech
Тепага