14 Mart 2020 263

General-mayor o'quvchilarga ichki ishlar soati mashg'uloti o'tkazdi

So'nggi kunlarda viloyatimizda hududiy ichki ishlar organlarining birinchi rahbarlari umumta'lim maktablarida ichki ishlar soati mashg'ulotlarini o'tkazishmoqda. Xuddi shunday mashg'ulot viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig'i, genaral-mayor G'ayrat Qodirov tomonidan Jizzax shahridagi 6-sonli o'rta umumta'lim maktabida bo'lib o'tdi.

Tadbir avvalida o'quvchilar ichki ishlar organlari faoliyatida qo'llanilayotgan avtoulovlar hamda qurol-yarog'lar bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo'ldilar. Bu jarayonda ularga ichki ishlar organlari sohaviy xizmatlari faoliyati, foydalanuvdagi texnika va vositalar haqida atroflicha ma'lumot berildi.

Shundan so'ng Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasining patrul`-post xizmati va jamoat tartibini saqlash boshqarmasi kinologiya xizmatlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo'limi xodimlari xizmat itlari yordamida jinoyatchilarni ushlash, qurol-yarog' va giyohvand vositalarni topish, iz qidirishga oid malaka va ko'nikmalarini namoyish qildilar. Tadbir doirasida harbiy orkestri kontsert dasturi uyushtirdi.

Aytish joizki, muhtaram Prezidentimiz barcha darajadagi rahbarlardan yoshlar bilan ishni yangicha tartibda tashkil etishni talab qilmoqda. General-mayor ichki ishlar soati mashg'ulotida masalaning shu jihatiga to'xtalar ekan joriy yilda yoshlar hayotiga oid kutilayotgan o'zgarishlar va qo'yiladigan talablar xususida fikr bildirdi. Shuning barobarida yurtimizda yoshlarning bilim olishlari uchun yaratilayotgan sharoitlar xususida so'z yuritdi. Xuddi shunday, “Yoshlarga oid davlat siyosati to'g'risida”gi Qonunning ijrosi haqida batafsil ma'lumot berildi.

Mashg'ulotda ulg'ayib kelayotgan avlod vakillari tomonidan boshqarma boshlig'iga o'zini qiziqtirgan savollar berildi. SHuningdek iqtidorli o'quvchilarning vatanni madh etuvchi she'r va qo'shiqlari tinglandi. Uchrashuv davomida yoshlarga bir qator sohalar bo'yicha huquqiy maslahatlar berildi.

Bu kabi tadbirlardan ko'zlangan maqsad ulg'ayib kelayotgan avlod vakillarini mamlakatimizda kechayotgan islohotlardan boxabar qilish, qiziqish va intilishlarini qo'llab-quvvatlashdir.

Jizzax viloyati IIB axborot xizmati

© 2006-2020. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech
Тепага