Vazirlik tasarrufidagi o'quv muassasalari
O'zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi
O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994 yil 2 sentyabrdagi 447-son “O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Akademiyasini tashkil etish to'g'risida”gi qarori bilan Ichki ishlar vazirligi tasarrufidagi oliy va o'rta maxsus maktablari negizida Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi tashkil etilgan.
O'zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi kunduzgi ta'lim shaklida (bundan buyon Akademiya) o'qish muddati
3 yil bo'lib, bitiruvchilarga magistr darajasiga tenglashtirilgan oliy ma'lumot (yurist malakasi) hamda “leytenant” maxsus unvoni beriladi.
Akademiyada “Tergov faoliyati”, “Tezkor-qidiruv faoliyati”, “Huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyati”, “ekspert-kriminalistik faoliyat”, “Yo'l harakati xavfsizligini ta'minlash faoliyati”, “Xizmat faoliyatini psixologik ta'minlash” va “Jinoiy jazolarni ijro etish faoliyati” mutaxassisliklari bo'yicha kadrlar tayyorlanadi.
Qabul qilish tartibi:
Akademiyaga o'qishga qabul qilish O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 1 dekabrdagi 958-son qarori bilan tasdiqlangan O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining kunduzgi ta'lim shakliga nomzodlarni tanlash va o'qishga qabul qilish tartibi to'g'risidagi nizomga asosan amalga oshiriladi.
Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashga munosib hissa qo'shgan, xizmat yoki ilmiy faoliyatida yuqori natijalarga erishgan ichki ishlar organlarining amaldagi xodimlari farzandlariga Akademiyaga kirish uchun kursantlarni qabul qilishning umumiy sonidan besh foizli kvota ajratiladi.
Akademiyaga yoshi 18 dan kichik va 25 dan katta bo'lmagan IIV akademik litseylari va harbiy akademik litseylar bitiruvchilari, ichki ishlar organlari xodimlari, shuningdek profilaktika (katta) inspektorlarining jamoat tartibini saqlash bo'yicha yordamchilari tanlov asosida o'qishga qabul qilinadi.
IIV Akademiyaga o'qishga qabul qilish quyidagi bosqichlarda tashkil etiladi:
- dastlabki tanlov;
- maxsus kasbiy tanlov;
- yakka tartibdagi yakuniy suhbat.
Nomzodlar sinovlarni o'zbek yoki rus tillaridan birini tanlagan holda topshiradilar.
Akademiyaga nomzodlarni tanlash va o'qishga qabul qilish uchun Ichki ishlar vazirligi va Akademiyaning rasmiy veb-sayti hamda ommaviy axborot vositalari orqali tanlov e'lon qilinadi. Unda ariza qabul qilinadigan manzil, tanlovni o'tkazish muddatlari va joyi, o'qishga qabul qilish shartlari hamda tanlovni o'tkazish bilan bog'liq boshqa ma'lumotlar aks ettiriladi.
Dastlabki tanlov:
- nomzodga tegishli hujjatlarni va uni tavsiflovchi ma'lumotlarni to'plash, nomzod to'g'risidagi turli ma'lumotlarni aniqlash (oilaviy ahvoli, ota-onalari va yaqin qarindoshlarining ichki ishlar organlaridagi xizmatga munosabati va shu kabilar);
- nomzodning sog'lig'i jihatidan o'qishga yaroqliligini aniqlash.
Dastlabki tanlov:
- IIV akademik litseylari bitiruvchilari uchun — ularning doimiy yashash joyidagi tegishli ichki ishlar organlarida;
- harbiy akademik litseylar bitiruvchilari uchun — (hujjatlarni to'plash va o'rganish tadbirlari) ularning doimiy yashash joyidagi tegishli ichki ishlar organlarida va (tibbiy ko'rikdan o'tkazish tadbirlari) harbiy akademik litsey joylashgan hududdagi ichki ishlar organlarida;
- ichki ishlar organlari xodimlari va harbiy xizmatchilari uchun — ularning xizmat joyi va harbiy qismlarda (muassasalarda) o'tkaziladi.
Akademiyaga o'qishga kirish uchun nomzodlarning arizalari qabul yilidan oldingi yilning 15 noyabridan qabul yilining 15 fevraliga qadar qabul qilinadi.
Nomzodlar Vazirlar Mahkamasining “O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlarida tibbiy tekshiruvni tashkil etish va harbiy-tibbiy ekspertizani o'tkazish tartibi to'g'risida nizomni tasdiqlash to'g'risida” 2017 yil
26 sentyabrdagi 764-son qaroriga muvofiq vazirlik va ichki ishlar organlarida maxsus tashkil etiladigan harbiy-tibbiy komissiyalar tomonidan tibbiy ko'rikdan o'tkaziladi.
Maxsus kasbiy tanlov:
- hujjatlarni o'rganish;
- tibbiy ko'rikdan o'tkazish;
- psixofiziologik o'rganish;
- yozma ish (bayon yoki insho);
- umumjismoniy tayyorgarlik darajasini baholash;
- chet tillarini o'zlashtirganlik darajasini baholash.
Psixofiziologik o'rganish, yozma ish, umumjismoniy tayyorgarlik va chet tillarini o'zlashtirganlik darajalarini baholash bo'yicha to'planishi mumkin bo'lgan eng yuqori ballning 50 foizidan kam ball to'plagan nomzodlar qabul komissiyasining qaroriga ko'ra yakka tartibdagi yakuniy suhbatga qo'yilmaydi.
YAkka tartibdagi yakuniy suhbat:
YAkka tartibdagi yakuniy suhbatning asosiy maqsadi huquqshunoslik, O'zbekiston va jahon tarixi, adabiyot, ma'naviyat asoslari va milliy istiqlol g'oyasi: asosiy tushuncha va tamoyillar fanlari bo'yicha nomzodlarning bilimlarini har tomonlama va xolisona baholashdan iborat.
YAkka tartibdagi yakuniy suhbat Qabul komissiyasi tomonidan kollegiallik printsipi asosida har bir fan bo'yicha kamida bir nafardan malakali mutaxassis jalb etilgan holda o'tkaziladi.
Nomzodlarga beriladigan savollar umumiy o'rta, o'rta maxsus, kasb-hunar ta'limi fanlarining o'quv dasturlariga muvofiq ishlab chiqiladi.
Nomzodlarga beriladigan imtiyozlar:
A) Vazirlar Mahkamasining «Ta'lim muassasalarida chet tillarini o'qitishning sifatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida» 2017 yil 11 avgustdagi 610-son qarori asosida chet tillarini bilish darajasi haqida davlat namunasidagi V1 va undan yuqori darajadagi malaka sertifikatiga ega bo'lgan nomzodlarga chet tili fanidan belgilangan maksimal ball beriladi va ular chet tili fanidan o'tkaziladigan sinovdan ozod etiladi;
B) Xizmat majburiyatlarini bajarish chog'ida halok bo'lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining farzandlari Akademiyaga dastlabki va maxsus kasbiy tanlov natijalari hamda tegishli vazirlik yoki idora rahbarining taqdimnomasi asosida, O'zbekiston Respublikasi ta'lim muassasalariga o'qishga qabul qilish bo'yicha davlat komissiyasining qarori bilan yakka tartibdagi yakuniy suhbatsiz o'qishga qabul qilinadilar;
V) Terrorizm va jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda jamoat xavfsizligini ta'minlash chog'ida halok bo'lgan yoki olgan jarohati tufayli nogiron bo'lib qolgan ichki ishlar organlari xodimlarining farzandlari Akademiyaga qabul kvotalaridan tashqari, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashga munosib hissa qo'shgan, xizmat yoki ilmiy faoliyatida yuqori natijalarga erishgan ichki ishlar organlarining amaldagi xodimlari farzandlari besh foizli kvotalar doirasida dastlabki va maxsus kasbiy tanlov natijalari hamda O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining taqdimnomasi asosida qabul qilinadilar.
Ichki ishlar organlari amaldagi xodimlarining farzandlarini ajratilgan besh foizli kvotalar doirasida Akademiyaga qabul qilishda o'rinlar maxsus kasbiy tanlov natijalari bo'yicha to'plangan ballardan kelib chiqib ketma-ketlik tartibida taqsimlanadi.
Ajratilgan besh foizli qabul kvotalariga qabul qilinmagan nomzodlar maxsus kasbiy tanlov natijalari bo'yicha to'plagan ballari bilan umumiy tartibda tanlovda ishtirok etadilar.
G) O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “O'zbekistonning o'quvchi yoshlarini rag'batlantirish choralari to'g'risida” 1993 yil 5 fevraldagi PF-555-son Farmoniga muvofiq va Vazirlar Mahkamasining 2008 yil 13 oktyabrdagi 226-son qarori bilan tasdiqlangan Xalqaro va respublika olimpiadalari, tanlovlari, musobaqalari g'oliblari bo'lgan akademik litseylar, kasb-hunar kollejlari va umumta'lim maktablari o'quvchilarini taqdirlash tartibi to'g'risidagi nizomga muvofiq dastlabki va maxsus kasbiy tanlov natijalari asosida xalqaro va respublika olimpiadalari g'oliblari Qabul komissiyasining qaroriga ko'ra Akademiyaga yakka tartibdagi yakuniy suhbatsiz o'qishga qabul qilinadilar.
Xalqaro va respublika olimpiadalari, tanlovlari, musobaqalarining Akademiyaga tanlovdan tashqari o'qishga qabul qilishga tavsiya etilgan g'oliblari ro'yxati O'zbekiston Respublikasi ta'lim muassasalariga o'qishga qabul qilish bo'yicha Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.
Akademiyaga o'qishga qabul qilish:
Nomzodlar maxsus kasbiy tanlov va yakka tartibdagi yakuniy suhbat natijalari asosida Akademiyaga o'qishga qabul qilinadi.
Akademiyaga o'qishga kirgan nomzodlar kursantlar safiga qabul qilinadi.
O'zbekiston Respublikasi IIV Akademik litseylari
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 16 avgustdagi PQ-3216-son “Ichki ishlar organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida” qaroriga asosan Ichki ishlar vazirligining 14 ta akademik litseyi tashkil etildi:
- IIVning Qoraqalpoq akademik litseyi (Nukus sh.);
- IIVning Andijon akademik litseyi (Andijon sh.);
- IIVning Buxoro akademik litseyi (Buxoro sh.);
- IIVning Jizzax akademik litseyi (Jizzax sh.);
- IIVning Qashqadaryo akademik litseyi (Qarshi sh.);
- IIVning Navoiy akademik litseyi (Navoiy sh.);
- IIVning Namangan akademik litseyi (Namangan sh.);
- IIVning Samarqand akademik litseyi (Samarqand sh.);
- IIVning Sirdaryo akademik litseyi (Guliston sh.);
- IIVning Surxondaryo akademik litseyi (Jarqo'rg'on t.);
- IIVning 1-son Toshkent akademik litseyi (Toshkent sh.);
- IIVning 2-son Toshkent akademik litseyi (Qibray t.);
- IIVning Farg'ona akademik litseyi (Farg'ona sh.);
- IIVning Xorazm akademik litseyi (Urganch sh.).
Akademik litseylarda asosiy e'tibor o'quvchilarni ichki ishlar organlari xodimlari uchun zarur bo'lgan yuksak vatanparvarlik va ma'naviy-axloqiy fazilatlarga, dastlabki kasbiy bilim va ko'nikmalarga ega aqlan va jismonan etuk etib tarbiyalashga va Ichki ishlar vazirligining oliy ta'lim muassasalariga kirishlari uchun maqsadli chuqur tayyorlashga qaratiladi.
Qabul qilish tartibi:
IIV akademik litseylariga o'qishga qabul qilish O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil
26 sentyabrdagi 767-son qarori bilan tasdiqlangan O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademik litseylariga o'quvchilarni qabul qilish tartibi to'g'risidagi nizomga asosan amalga oshiriladi.
IIV akademik litseylariga umumta'lim muassasalarining 9-sinfini tamomlaganligi to'g'risida shahodatnomaga ega bo'lgan, sog'lig'i jihatidan o'qishga yaroqli deb topilgan, dastlabki, maxsus-professional tanlov va test sinovlaridan muvaffaqiyatli o'tgan nomzodlar o'qishga qabul qilinadi.
Arizalar qabul yilining 1 fevralidan 15 apreliga qadar qabul qilinadi.
Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashga munosib hissa qo'shgan, xizmat yoki ilmiy faoliyatida yuqori natijalarga erishgan ichki ishlar organlarining amaldagi xodimlari farzandlariga IIV akademik litseylariga kirish uchun o'quvchilarni qabul qilishning umumiy sonidan besh foizli kvota ajratiladi.
IIV akademik litseylariga o'qishga qabul qilish quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:
- dastlabki tanlov;
- maxsus-professional tanlov;
- test sinovi.
Dastlabki tanlov:
- IIV akademik litseylariga o'qishga kirish istagini bildirgan nomzodlar tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni o'rganish;
- yakka tartibda dastlabki suhbat o'tkazish;
- nomzodlarning individual-psixologik xususiyatlarini o'rganish;
- tibbiy komissiya ko'rigidan o'tkazish.
Nomzodlar yashash joyi bo'yicha Qoraqalpog'iston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi, viloyatlar sog'liqni saqlash boshqarmalari va Toshkent shahar sog'liqni saqlash bosh boshqarmasi tomonidan tashkil etiladigan tibbiy komissiya ko'rigidan o'tadi.
Nomzodlarga quyidagi hollarda rad javobi beriladi:
- nomzod O'zbekiston Respublikasi fuqarosi bo'lmasa;
- nomzod belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan bo'lsa;
- nomzodning sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganlik holati olib tashlanmagan bo'lsa;
- nomzodga nisbatan jinoyat ishi, surishtiruv va dastlabki tergov ishlari yuritilganda, sudda jinoyat ishi ko'rib chiqilayotgan bo'lsa;
- yashash joyidan, ichki ishlar bo'limlaridan salbiy tavsiyanomalar taqdim etilganda.
Maxsus-professional tanlov:
- nomzodning orfografik va punktuatsion savodxonlik darajasini aniqlash bo'yicha sinov o'tkazish;
- nomzodlarning jismoniy tayyorgarlik darajasini aniqlash bo'yicha sinov o'tkazish;
- yakka tartibdagi yakuniy suhbat o'tkazish.
Nomzodlarning orfografik va punktuatsion savodxonlik darajasini aniqlash uchun o'tkaziladigan sinovda ulardan yozma ish (diktant) olinadi.
YOzma ish (diktant) o'tkazish tartibi, metodikasi va baholash mezonlari O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.
Nomzodlarning jismoniy tayyorgarlik darajasini aniqlash bo'yicha sinov qabul komissiyasi tomonidan tegishli mutaxassislar jalb etilgan holda o'tkaziladi.
Nomzodlarning jismoniy tayyorgarlik darajasini aniqlash bo'yicha sinov o'tkazish tartibi, metodikasi va baholash mezonlari O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.
YAkka tartibdagi yakuniy suhbat qabul komissiyasi tomonidan nomzodning respublikada amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun mohiyatini anglashi, keng dunyoqarashga va intellektual salohiyatga egaligi, etakchilik sifatlari rivojlanganligi, bilimi, aqliy qobiliyati va boshqa muhim kasbiy fazilatlarini aniqlash maqsadida o'tkaziladi.
YAkka tartibdagi yakuniy suhbatni o'tkazish tartibi, metodikasi va baholash mezonlari O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.
Nomzodlarning test sinovlarini topshirishga qo'yish masalasi maxsus-professional tanlov natijalari bo'yicha uzil-kesil hal etiladi.
Test sinovlari
Test sinovlari belgilangan tartib asosida O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan O'zbekiston Respublikasi ta'lim muassasalariga qabul qilish bo'yicha davlat komissiyasi belgilagan muddatlarda o'tkaziladi.
Test sinovlari o'tkaziladigan umumta'lim fanlari bloki O'zbekiston Respublikasi ta'lim muassasalariga qabul qilish bo'yicha davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.
Nomzodlar test sinovlarini o'zlarining tanlovi bo'yicha uchta: davlat tili, rus tili va qoraqalpoq tilining birida topshiradilar.
Nomzodlarga beriladigan imtiyozlar
IIV akademik litseyiga O'zbekiston Respublikasi ta'lim muassasalariga qabul qilish bo'yicha Davlat komissiyasining qaroriga muvofiq, dastlabki va maxsus-professional tanlov natijalariga javob beradigan quyidagi nomzodlar test sinovlarisiz imtiyoz asosida qabul qilinadi:
A) tegishli ixtisoslik fanlari bo'yicha xalqaro olimpiadalar va fan olimpiadalarining respublika bosqichi, shuningdek O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi, Madaniyat vazirligi hamda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan o'tkaziladigan tanlovlar va musobaqalarda g'olib bo'lgan, O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligining O'rta maxsus, kasb-hunar ta'limi markazining belgilangan namunadagi guvohnomasiga ega bo'lganlar;
B) o'z xizmat vazifalarini bajarish chog'ida halok bo'lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining farzandlari.
V) Terrorizm va jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda jamoat xavfsizligini ta'minlash chog'ida halok bo'lgan yoki olgan jarohati tufayli nogiron bo'lib qolgan ichki ishlar organlari xodimlarining farzandlari qabul kvotalaridan tashqari, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashga munosib hissa qo'shgan, xizmat yoki ilmiy faoliyatida yuqori natijalarga erishgan ichki ishlar organlarining amaldagi xodimlari farzandlari ajratilgan besh foizli kvotalar doirasida O'zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining taqdimnomasi asosida.
G) Ichki ishlar organlari amaldagi xodimlarining farzandlarini ajratilgan besh foizli kvotalar doirasida IIV akademik litseyiga qabul qilishda o'rinlar maxsus-professional tanlov natijalari bo'yicha to'plangan ballardan kelib chiqib ketma-ketlik tartibida taqsimlanadi.
Ajratilgan besh foizli qabul kvotalariga qabul qilinmagan nomzodlar maxsus-professional tanlov natijalari bo'yicha to'plagan ballari bilan umumiy tartibda tanlovda ishtirok etadilar.
D) O'zbekiston Respublikasi IIV ixtisoslashtirilgan maktab-internatining dastlabki tanlov natijalariga javob beradigan bitiruvchilari doimiy yashash manzili bo'yicha maxsus-professional tanlov va test sinovlarisiz imtiyoz asosida qabul qilinadi.
Qabul qilish tartibi
IIV akademik litseylariga qabul Ichki ishlar vaziri tomonidan ichki ishlar organlarining ehtiyojini inobatga olgan holda belgilanadigan kvotalar asosida amalga oshiriladi.
Nomzodlarni IIV akademik litseyining o'quvchilari safiga qabul qilish test sinovi natijalariga asosan amalga oshiriladi.
Bir nechta nomzodning o'tish reyting ballari teng bo'lgan holatlarda ular IIV akademik litseylariga belgilangan kvotadan tashqari qabul qilinadi.
O'zbekiston Respublikasi IIV Ixtisoslashtirilgan maktab-internati
O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 19 iyundagi 459-son “Ichki ishlar vazirligining ixtisoslashtirilgan maktab-internati faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qaroriga asosan ichki ishlar organlarining, birinchi navbatda xizmat majburiyatlarini bajarish chog'ida halok bo'lgan, shuningdek, xizmatni o'tash davomida olgan yaradorligi, kontuziyasi, kasalligi va jarohatlanganligi oqibatida nogironlikka uchragan yoki vafot etgan harbiy xizmatchi va xodimlarining farzandlariga ta'lim va tarbiya berish hamda ularning ijtimoiy-huquqiy himoya qilinishini ta'minlash maqsadida Ichki ishlar vazirligining ixtisoslashtirilgan maktab-internati (Toshkent shahri, Uchtepa tumani) tashkil etilgan.
Maktab-internati o'quvchilari belgilangan me'yorlar asosida oziq-ovqat, kiyim-kechak, poyabzal, yumshoq anjomlar va boshqa zarur buyumlar bilan ta'minlanadi.
Qabul qilish tartibi:
Ixtisoslashtirilgan maktab-internatiga o'qishga qabul qilish tartibi Ichki ishlar vazirining 2018 yil 20 oktyabrdagi 286-son buyrug'i bilan tasdiqlangan (Adliya vazirligi tomonidan 3089-raqam bilan ro'yxatga olingan) O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining ixtisoslashtirilgan maktab-internatiga o'quvchilarni o'qishga qabul qilish uchun tanlovlar o'tkazish va ularning hujjatlarini rasmiylashtirish tartibi to'g'risidagi nizomga asosan amalga oshiriladi.
Maktab-internatga o'qishga har yili umumta'lim muassasalarida 4-sinfni tamomlagan 50 nafar o'quvchi qabul qilinib, o'quvchilarning 80 foizi ichki ishlar organlari xodimlari va 20 foizi boshqa fuqarolar farzandlari (o'g'il bolalar) dan iborat bo'ladi.
Maktab-internatga o'qishga munosib nomzodlarni tanlab olishni tashkil etish uchun hududiy ichki ishlar boshqarmalari ishchi guruhlari tomonidan muntazam ravishda targ'ibot-tashviqot ishlari olib boriladi. Targ'ibot-tashviqot ishlari umumiy o'rta ta'lim muassasalarida, aholi turar joylarida va ichki ishlar organlarida uchrashuvlar o'tkazish orqali amalga oshiriladi. Ichki ishlar vazirining buyrug'i bilan tanlov e'lon qilinadi va ommaviy axborot vositalarida, shuningdek, Ichki ishlar vazirligining rasmiy veb-saytida beriladi. e'londa qabul qilish shartlari hamda tanlovlarni o'tkazish muddatlari ko'rsatilishi lozim.
Farzandlari maktab-internatga o'qishga kirish istagini bildirgan ota-onalar yoki ularning o'rnini bosuvchi shaxslar doimiy yashash joyidagi hududiy ichki ishlar boshqarmalariga ariza bilan murojaat qiladi.
Farzandlari maktab-internatga o'qishga kirish istagini bildirgan xodimlar bevosita ichki ishlar organlarining rahbarlariga bildirgi bilan murojaat qiladi.
Arizalar qabul yilining 15 aprelidan 1 iyun` kuniga qadar qabul qilinadi.
Ishchi guruh tomonidan hujjatlar yig'ilgandan so'ng o'quvchilar 10 iyundan 20 iyun` kuniga qadar hududiy sog'liqni saqlash muassasasida tashkil etilgan tibbiy komissiya tomonidan ko'rikdan o'tkaziladi.
Tibbiy ko'rikdan o'tkazishda o'quvchining antropometrik ko'rsatkichlari (tana vazni, bo'yining uzunligi va ko'krak qafasi aylanasi), funktsional imkoniyatlari va sog'lig'idagi mavjud nuqsonlari aniqlanadi.
Tanlov quyidagi bosqichlarda amalga oshirildi:
hujjatlarni to'plash va o'rganish;
orfografik va punktuatsion savodxonlik darajasini aniqlash;
umumjismoniy tayyorgarlik darajasini aniqlash;
yakuniy test sinovlari.
YOzma ish (diktant) o'tkazish qabul komissiyasi tarkibiga kiritilgan mutaxassislar tomonidan Ichki ishlar vazirligi tomonidan tasdiqlangan metodikaga muvofiq o'tkaziladi.
YOzma ish (diktant) o'tkazish bo'yicha qabul komissiyasi tarkibiga maktab-internat mutaxassislari kiritiladi, shuningdek komissiya tarkibiga umumiy o'rta ta'lim muassasalarining mutaxassislari kelishuv asosida taklif qilinishi mumkin.
Nomzodlarning umumjismoniy tayyorgarligi darajasini baholash qabul komissiyasi tarkibiga kiritilgan mutaxassislar tomonidan Ichki ishlar vazirligi tomonidan tasdiqlangan metodikaga muvofiq o'tkaziladi.
Qabul komissiyasi tarkibidagi nomzodning umumjismoniy tayyorgarlik darajasini baholashda qabul komissiyasi tarkibiga maktab-internat va hududiy ichki ishlar organlarining jismoniy tarbiya va sport sohasidagi mutaxassislari kiritiladi. O'zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tizimidan kelishuv asosida mutaxassislar taklif etilishi mumkin.
Qabul komissiyasi tomonidan yozma ish (diktant) hamda umumjismoniy tayyorgarlik darajasini aniqlash bosqichlarining natijalari bo'yicha 6 balldan kam to'plagan nomzodlar Davlat test markazi tomonidan o'tkaziladigan test sinovlariga kiritilmaydi.
Umumta'lim fanlari bo'yicha test sinovlari belgilangan tartibda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan Ichki ishlar vazirligi bilan kelishilgan muddatda qabul yilining 15 avgustidan 25 avgust kuniga qadar o'tkaziladi.
Nomzodlarni umumta'lim fanlari bo'yicha (ona tili va adabiyot hamda matematika) bilimini baholash Davlat test markazi tomonidan test sinovlari asosida o'tkaziladi.
Test sinovlari umumiy o'rta ta'limning davlat ta'lim standartlari doirasida o'zbek, rus va qoraqalpoq tillarida o'tkaziladi.
Nomzodlarga beriladigan imtiyozlar:
Jamoat tartibini saqlashda, jangovar harakatlarda, terrorchilikka qarshi operatsiyalar o'tkazishda, favqulodda holat tartibini huquqiy ta'minlash va ularning oqibatlarini bartaraf etishda ishtirok etgan vaqtda halok bo'lgan xodimlarning farzandlari maktab-internatiga o'qishga tanlovsiz qabul qilinadi.
SHuningdek, o'qishga qo'shimcha kvotaga asosan (qabul kvotasining 5 foizgacha) ota-ona yoki ota-ona o'rnini bosuvchi shaxslar nazoratsiz va qarovsiz qolgan voyaga etmaganlarning xulq-atvori, qobiliyati va qiziqishlarini inobatga olgan holda hududiy idoralararo komissiyaning tavsiya etgan voyaga etmaganlar Ichki ishlar vaziri tomonidan belgilanadigan tartibda tanlovsiz qabul qilinadilar.
O'zbekiston Respublikasi IIV Nukus “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyi
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 28 iyundagi PQ–4375-son “O'smirlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda O'zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari va davlat xizmati uchun kadrlar zaxirasini tayyorlash tizimini takomillashtirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qaroriga asosan Ichki ishlar vazirligi Nukus “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyi (Qoraqalpog'iston Respublikasi, Nukus shahri) tashkil etildi.
YAngi tashkil etilgan Nukus “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyiga (keyingi o'rinlarda “Temurbeklar maktabi”) qabul va o'qitish 2020/2021 o'quv yilidan boshlanadi.
“Temurbeklar maktabi”da o'qish davomiyligi 2 yil bo'lib, har biriga yillik qabul kvotasi 100 kishini tashkil etadi.
“Temurbeklar maktabi” bitiruvchilariga O'zbekiston Respublikasi oliy harbiy va ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalariga o'qishga kirishda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan o'tkaziladigan test sinovlarida o'zlari to'plagan ballarning 30 foizi miqdoridagi, respublikaning boshqa davlat oliy ta'lim muassasalariga o'qishga kirishda esa o'zlari to'plagan ballarning 15 foizi miqdoridagi qo'shimcha ballar ko'rinishida imtiyoz beriladi.
SHuningdek, “Temurbeklar maktabi”ni imtiyozli diplom bilan tugatgan bitiruvchilarga, tarkibida “Temurbeklar maktabi” bo'lgan vazirlik va idoralarning tegishliligi bo'yicha oliy harbiy yoki ixtisoslashtirilgan bilim yurtlariga test sinovlarsiz, harbiy-kasbiy saralash tadbirlarini muvaffaqiyatli o'tish natijalari bo'yicha kirish huquqi beriladi.
Ma'lumot uchun: O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 28 iyundagi PQ–4375-son qaroriga asosan Mudofaa vazirligi Farg'ona “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyi (Farg'ona sh.), Davlat xavfsizlik xizmati Qibray “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyi (Qibray t.), Milliy gvardiya Toshkent “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyi (Toshkent sh.) va Favqulodda vaziyatlar vazirligi SHahrisabz “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyi (SHahrisabz sh.) tashkil etilgan.
Qabul qilish tartibi:
“Temurbeklar maktabi”ga joriy yilda umumta'lim va ixtisoslashtirilgan maktab-internat maktablarining 9-sinfini tamomlaganlik to'g'risidagi shahodatnomaga ega, sog'lig'ining holatiga ko'ra o'qishga yaroqli deb topilgan hamda haqqoniy va shaffoflik tamoyillariga asoslangan saralash tanlovidan muvaffaqiyatli o'tgan, erkak jinsli O'zbekiston Respublikasining fuqarolari o'qishga qabul qilinadi.
Tanlov quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:
- Dastlabki tanlash;
- Harbiy-kasbiy tanlov;
- Test sinovlari.
“Temurbeklar maktabi”ga o'qishga hujjatlarni rasmiylashtirish masalasida nomzodlarning arizalari yashash joyi bo'yicha mudofaa ishlari bo'limlarida har yili 1 apreldan 30 aprelga qadar qabul qilinadi.
Dastlabki tanlov:
-nomzodga tegishli hujjatlarni va uni tavsiflovchi ma'lumotlarni to'plash;
-nomzod to'g'risidagi turli ma'lumotlarni (oilaviy ahvoli, ota-onasi va yaqin qarindoshlarining harbiy xizmatga munosabati va shu kabilar), nomzodning «Temurbeklar maktabi»ga o'qishga kirishini tanlashiga asoslar va sabablarni aniqlashtirish;
-umumta'lim fanlari bo'yicha o'zlashtirishi, sog'lig'i va jismoniy tayyorgarlik holatini har tomonlama va xolisona baholash;
-nomzodlarning shaxsiy-psixologik xususiyatlarini o'rganish.
Quyidagilar “Temurbeklar maktabi”ga kirish uchun rad javobini berilishiga asos bo'ladi:
nomzodning O'zbekiston Respublikasi fuqarosi emasligi;
nomzodga nisbatan jinoiy ish qo'zg'atilganligi, dastlabki tergov yoki surishtiruv o'tkazilayotganligi, jinoyat ishi sudda ko'rib chiqilayotganligi;
jazo chorasi turidan yoki amnistiya qarori qo'llanilganligidan qat'i nazar sodir etilgan jinoyat uchun ayblov hukmi chiqarilganligi;
yashash joyidan va ichki ishlar organlaridan salbiy tavsiyanomalar mavjudligi.
Harbiy-kasbiy tanlov:
- taqdim qilingan nomzodga tegishli hujjatlar va uni tavsiflovchi ma'lumotlarni o'rganish;
- nomzodlarni yakuniy tibbiy tekshiruvdan o'tkazish;
- nomzodning savodxonlik darajasini (orfografiya va punktuatsiya) baholash (diktant);
- nomzodlarning psixofiziologik xususiyatlarini o'rganish;
- nomzodlarning jismoniy tayyorgarlik darajasini aniqlash;
- nomzod bilan yakka tartibda yakuniy suhbat o'tkazish va nomzodlarni test sinovlariga qo'yish to'g'risida yakuniy qaror qabul qilish.
Test sinovlari O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan o'rnatilgan tartibda o'tkaziladi.
Test sinovlari o'tkaziladigan umumta'lim fanlari bloki O'zbekiston Respublikasi ta'lim muassasalariga qabul qilish bo'yicha Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.
Nomzodlar test sinovlarini o'z ixtiyoriga ko'ra uch tildan — o'zbek, qoraqalpoq va rus tillaridan birida topshiradilar.
Test topshiriqlari umumiy o'rta ta'limi fanlari (5 — 9 sinflari kesimida)ning Davlat ta'lim standartlariga muvofiq tuziladi.
Nomzodlarga beriladigan imtiyozlar
O'zbekiston Respublikasi ta'lim muassasalariga qabul qilish bo'yicha Davlat komissiyasining qaroriga muvofiq dastlabki va harbiy-kasbiy tanlovdan muvaffaqiyatli o'tgan quyidagi nomzodlar “Temurbeklar maktabi”ga test sinovlarisiz tanlovdan tashqari o'qishga qabul qilinadi:
A) xalqaro va respublika fan olimpiadalarining g'oliblari — belgilangan qabul kvotasi doirasida;
B) o'z xizmat vazifalarini bajarish chog'ida halok bo'lgan hamda jarohatlanish (shikastlanish) natijasida nogiron bo'lib qolgan harbiy xizmatchilar, huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari va Favqulodda vaziyatlar vazirligi qutqaruv bo'linmalari xizmatchilarining farzandlari — kvotadan tashqari;
V) etim, ota-ona qarovisiz qolgan, ijtimoiy nosog'lom oilalarda yashayotgan, davlat va jamiyat ko'magiga muhtoj bo'lgan, joriy yilda umumta'lim maktablarining 9-sinfini tamomlagan Voyaga etmagan yoshlar bilan ishlash bo'yicha hududiy idoralararo komissiya tavsiyasi hamda tegishli vazirlik va idoralar rahbarlarining qarorlari asosida — kvotadan tashqari, belgilangan kvotaning 5 foizidan ko'p bo'lmagan miqdorda.
SHuningdek, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi rahbarligida o'tkazilayotgan respublika va xalqaro sport musobaqalarining g'oliblariga O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan “Temurbeklar maktabi”ga kirish uchun o'tkazilayotgan test sinovlarida ular to'plagan ballarning 20 foizi miqdoridagi qo'shimcha ballar ko'rinishida imtiyoz beriladi.
O'qishga qabul qilish
Nomzodlarni “Temurbeklar maktabi” o'quvchilari safiga qabul qilish O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan o'tkazilgan test sinovlari natijalariga ko'ra amalga oshiriladi.
YUqorida ko'rsatilgan imtiyozlarga ega bo'lgan nomzodlar dastlabki va harbiy-kasbiy tanlash natijalariga asosan o'qishga qabul qilinadi.
Dastlabki va harbiy-kasbiy tanlashdan o'tgan nomzodlar soni belgilangan qabul kvotalaridan kam bo'lgan taqdirda test sinovlari o'tkazilmaydi va nomzodlar dastlabki va harbiy-kasbiy tanlash natijalariga asosan qabul qilinadi.
Bir nechta nomzodlarning o'tish reyting ballari teng bo'lgan hollarda ular orasida birinchi blok fanidan test natijalari yuqori bo'lgan nomzod qabul qilinadi, shunda ham baholar teng bo'lib qolgan taqdirda, umumiy o'rta ta'lim to'g'risidagi shahodatnomadagi matematika, fizika, ona-tili va adabiyot fanlaridan olgan yakuniy baholari yig'indisi boshqalarnikidan yuqori bo'lgan nomzod o'qishga qabul qilinadi.
“Temurbeklar maktabi”ni tamomlagandan keyin bitiruvchilarga belgilangan namunadagi diplom va ko'krak nishoni beriladi.