22 Oktabr 2022 1504

Xalqaro Jinoiy Politsiya Tashkiloti – Interpol Bosh Assambleyasining 90-sessiyasi yakunlandi

21-oktyabr kuni Hindistonning Nyu-Dehli shahrida Xalqaro jinoiy politsiya tashkiloti Interpol Bosh Assambleyasining 90-sessiyasi oʻz ishini yakunladi. Ushbu muhim tadbirda Interpolga aʼzo 166 davlatdan 1000 dan ortiq delegatlar, jumladan, 85 nafar politsiya boshligʻi va 40 dan ortiq ichki ishlar vazirlari ishtirok etdi. Bosh Assambleya tasdiqlangan kun tartibiga muvofiq boʻlib oʻtdi, unda Yevropadan vitse-prezident va Afrikadan delegat lavozimlariga Interpol Ijroiya qoʻmitasiga saylovlar boʻlib oʻtdi. Ovoz berish jarayonida ushbu lavozimlarga quyidagilar saylandi: janob Piter de Busher (Peter DE BUYSSCHER), Birinchi bosh superintendant, Belgiya Federal politsiyasining Xalqaro hamkorlik departamenti direktori va janob Alaa El Din Muxamed Abdala Ragab (Alaa EI Din Mohamed Abdalah RAGAB), general, Interpol Qohira/Misr MMB rahbari, AFRIPOL Milliy aloqa idorasi rahbari.

Bundan tashqari, moliyaviy jinoyatlar va korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha hamkorlikdagi harakatlarni kuchaytirishga, Internet sahifalarida joylashtirilayotgan bolalarga nisbatan jinsiy zoʻravonlik holatlarini aniqlash va tekshirish, yangi INTERPOL I-Familia maʼlumotlar bazasidan optimal foydalanish orqali bedarak yoʻqolgan shaxslarni aniqlash kabi masalalarga qaratilgan qator qarorlar qabul qilindi, 2023-yilga moʻljallangan byudjet loyihasi ishlab chiqildi, tashkilot aʼzolik toʻlovlarining yangi hajmi va 2024-2025-yillarga moʻljallangan strategik rejasi, shuningdek, Interpolning 100-yilligini nishonlash boʻyicha rejalar tuzildi.

Bosh Assambleya sessiyasi Hindiston ichki ishlar vaziri Amit Shohning soʻzlari bilan yakunlandi: «Oʻtgan yuz yil ichida Interpol 195 davlatni birlashtirgan va butun dunyo boʻylab jinoyatchilikka qarshi kurashda juda muhim rol oʻynaydigan yirik va samarali platformaga aylandi. Bugungi kunda jinoyatchilik chegara bilmay qoldi. Agar biz buni toʻxtatmoqchi boʻlsak, unda odatdagi chegaralarimizdan tashqarini ham oʻylashimiz kerak». Keyin u kelasi yil Avstriya poytaxti Vena shahrida Interpol Bosh Assambleyasining 91-sessiyasi boʻlib oʻtadigan mamlakat – Avstriya delegatsiyasi rahbariga Interpol bayrogʻini topshirdi. Bunday muhim voqeani oʻtkazish joyini tanlash 1923-yil 7-sentyabrda II Xalqaro Jinoiy Politsiya Kongressida shtab-kvartirasi Vena shahrida boʻlgan Xalqaro Jinoiy Politsiya Komissiyasi tashkil etilganiligi bilan bogʻliq.

Interpolning Oʻzbekiston Respublikasidagi MMB

© 2006-2023. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага