23 Iyul 2022 859

Yoʻllarda oʻzaro hurmat – xavfsizlik garovidir

Megapolis shaharlar odamlar gavjumligi, shuningdek, shahar yoʻllari boʻylab maʼlum bir tezlikda harakatlanayotgan mashinalar oqimi bilan oʻziga xos tarzda yashaydi. Aynan barcha joyga tezda yetib borish istagida boʻlgan baʼzi haydovchilarimiz, yoʻl harakati qoidalariga rioya qilmasdan, yoʻllarda xavfli va ayanchli holatlar yuzaga kelishiga sababchi boʻlmoqdalar. Shuni yodda tutish kerakki, haydovchining yoʻllardagi xatti-harakatlari bevosita uning tarbiyasidan dalolat beradi.

Biroq, baʼzida harakat ishtirokchilari oʻrtasida ziddiyatlar yuzaga keladi. Ikki taraf ham oʻzining haqligini isbotlashga harakat qiladi. Bir haydovchining beparvoligi, oʻzaro haqorat hamda tajovuzkor harakatlar katta janjalga aylanadi va bu oxir-oqibat jinoiy ish qoʻzgʻatilishiga olib keladi.

Misol uchun, Yashnobod tumani IIO FMBga kelib tushgan xabarga koʻra, Beshariq va Birlashgan koʻchalari chorrahasida, 20 yoshli Axror K., 21 yoshli Abror T. va 26 yoshli Otabek R. oʻzaro janjal oqibatida, haydovchi 32 yoshli Ravshan X.ga tan jarohatlari yetkazishgan, shundan soʻng ular hodisa joyidan yashiringanlar. Aynan yoʻl harakati qoidalariga rioya qilmaslik haydovchilar oʻrtasidagi mojaroga sabab boʻlgan. Mazkur holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi (Bezorilik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Xuddi shunday holat Sergeli tumanida ham sodir boʻldi. 32 yoshli Islomjon X. 43 yoshli Farhod M.ni urib tan jarohati yetkazgan. Oʻzaro janjal, haydovchilarning yoʻlni talashib qolganliklari oqibatida kelib chiqqan. Mazkur holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi (Bezorilik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Eng achinarlisi, bu holatlar ikki kun farqi bilan sodir boʻlgan.

Hurmatli haydovchilar! Yoʻllarda bir-biringizga va yoʻl harakatining boshqa ishtirokchilariga nisbatan xushmuomala boʻlishingizni soʻraymiz! Belgilangan tezlikka hamda yoʻl harakati qoidalariga rioya qiling!

Toshkent shahar IIBB Axborot xizmati

© 2006-2022. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага