28 Yanvar 2023 1046

Yoʻl-transport hodisalarini toʻxtating!

Yoʻl-transport hodisalari oqibatida insonlar halok boʻlgani toʻgʻrisidagi xabarlar hech kimni befarq qoldirmaydi. Baxtsiz hodisa guvohlari oʻziga kelishi uchun uzoq vaqt talab qilinadi, ishtirokchilar esa nafaqat Yoʻl harakati qoidalariga, balki hayotga boʻlgan munosabatini qayta koʻrib chiqadilar. Statistik maʼlumotlarga koʻra, 2022-yilning 12 oyi mobaynida poytaxtda 1200 ta yoʻl-transport hodisasi sodir boʻlgan. Hisobot davrida YTH oqibatida halok boʻlganlar soni 136 nafarni tashkil etgan, 1463 nafari tan jarohati olgan.

Yoʻl-transport hodisalarining 32,5 foizini piyodalar ishtirokidagi baxtsiz hodisalar tashkil etadi. Bolalar ishtirokida 169 ta YTH sodir boʻlgan, buning oqibatida 56 nafar voyaga yetmaganlar tan jarohati olgan, 17 nafari vafot etgan.

Har bitta raqam ortida insonlar taqdiri yotibdi. Bitta insonning halok boʻlishi – uning oila aʼzolari, yaqinlari uchun ogʻir judolik hisoblanadi.

Oʻtgan bir yil davomida haydovchilar tomonidan yoʻl harakati qoidalariga rioya qilmaslik oqibatida sodir boʻlgan YTHlar tahliliga toʻxtalsak.

Eng koʻp uchraydigan qoidabuzarlik tezlikni oshirish boʻlgan — 370 ta holat. 143 nafar haydovchi svetoforning taqiqlovchi ishorasiga oʻtgan. 8 ta baxtsiz hodisa avtomobil rulida oʻtirgan shaxslarning mast holatda boʻlganligi sababli sodir boʻlgan. 73 ta YTH jiddiy oqibatlarga olib keldi.

Bir soʻz bilan aytganda, har bir haydovchi transport vositasini boshqarayotganda nafaqat oʻzi, balki yoʻlovchilar va piyodalarning hayotiga masʼuliyat bilan qarashlari lozim. Piyodalar esa yoʻl harakati ishtirokchisi ekanligini unutmasligi va oʻrnatilgan qoidalarga rioya etishlari kerak.

Toshkent shahar IIBB Axborot xizmati

© 2006-2023. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага