29 Sentabr 2022 498

Yana va yana...

Inson bolasi xatokor bo‘ladi. Ammo tarbiyali, ongu shuuri toza kishi bilib-bilmay xatoga yo‘l qo‘ysa, ikkinchi bor uni takrorlamaslikka harakat qiladi.

Marg‘ilon shahrida yashovchi, ayni kunlarda 62 yoshni qarshilagan Qosim Berdiyev (ism-sharifi o‘zgartirildi) esa umri davomida ko‘plab jinoyatga qo‘l urib, tegishli jazo olsada, bundan to‘g‘ri xulosa chiqarmadi. Halol yashashga urinib ko‘rmadi.

1984 yildan jinoyat ko‘chasiga kirgan ushbu shaxs o‘tgan davr mobaynida 8 marotaba jinoyatga qo‘l urib, sudning qora kursisiga o‘tirdi. Har gal sud uning qilmishiga yarasha jazo tayinladi. Jazoni o‘tab qaytgach, «O‘rgangan ko‘ngil o‘rtansa qo‘ymas» deganlaridek, yana va yana qing‘ir ishga qo‘l uraverdi.

2021 yilning 28 sentyabrida jazoni to‘liq o‘tab qaytgan Qosim Berdiyev «Yoshim bir joyga borib qoldi, endi tinch va xotirjam yashay» degan fikrni o‘ylab ham ko‘rmadi. Aksincha, joriy yilning fevral oyida yana eski hunarini boshladi.

Yashash manzilida profilaktika inspektori va Probatsiya guruhi xodimlari tomonidan nazoratga olinib, oilaviy sharoiti muntazam ravishda o‘rganilib, tushuntirish ishlari olib borilishiga qaramay, shaharning boshqa hududiga borib, xufyona tarzda yana qing‘ir ishga qo‘l urdi.

...Marg‘ilon shahridagi bozorga kelgan Qosimning notanish bir erkakka ko‘zi tushdi. Erkakning qo‘lidagi sumka ichida pul borligi shundoqqina sezilib turardi. Qo‘li egri kas uni zimdan kuzatdi. Bola yetaklab olgan erkak pul solingan sumkasini “Labo” rusumli avtomashina saloniga qo‘ydi va maʼlum muddatga uni qarovsiz qoldirdi. Bundan foydalangan Qosim mashina salonida turgan sumkani olib, voqea joyidan yashirindi.

Jabrlanuvchining arizasiga asosan olib borilgan tezkor qidiruv harakatlari davomida Q.Berdiyev ashyoviy dalil bilan qo‘lga olindi.

Birovning peshona teri evaziga topgan pulini o‘margan xavfli retsidivistga nisbatan Marg‘ilon shahar IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Marg‘ilon shahar sudida bo‘lib o‘tgan sud majlisida to‘rt million so‘m pulni «tuya qilgan» Qosim Berdiyev to‘qqizinchi marotaba qora kursiga o‘tirdi. Sud yakunida unga nisbatan 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Zikrillo G‘OFUROV, mayor.

Farg‘ona viloyati.

© 2006-2023. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага