Xotiralar hikoyaga aylandi
- Konimex tumaniga uchastka katta inspektori lavozimida xizmat qilgan yillarim edi, -deydi isteʼfodagi mayor Muzaffar Bahronov. - 1993 yilning yozi edi. Cho‘l hududi bo‘lgani uchun harorat 50 darajadan yuqorilab ketgan. Bir kuni ovullarda profilaktik ishlar olib borayotganimda otliq cho‘pon oldimga kelib, qo‘ylarni boqayotgan joyida ko‘milgan odam murdasiga ko‘zi tushganini aytdi.
Xullas, cho‘pon otda, men esa mototsiklda Zarafshon va Konimex orasida yastanib yotgan Qizilqum cho‘liga keldik. Qarasam, odamning qo‘li yerdan chiqib turibdi. Yerga ko‘milgan odam bir qarashda qo‘g‘irchoqqa ham o‘xshab ketardi. Darhol bu haqida tuman IIB Navbatchilik qismiga xabar berdim. Ikki soatlarda tergov-tezkor guruhi yetib keldi. Murda yerdan kovlab olindi. Shaxsini aniqlashning iloji yo‘q, ko‘milganiga taxminan 2-3 oylar bo‘lgan edi.
Shuning uchun bedarak yo‘qolganlar bilan shug‘ullandik. Bu voqeadan uch oycha avval Zafarobod shaharchasidagi kon boshqarmasi boshlig‘ining haydovchisi ishga boryapman deb chiqib, uyiga qaytib kelmagani haqida gap tarqalgandi. Ammo oila aʼzolari uning bedarak yo‘qolganligi bo‘yicha ichki ishlar organiga xabar bermagandi. Surishtiruv davomida haydovchining xotini eri Toshkent shahrida ekanligini, undan «Meni kutmanglar, ish bilan shu yerda qolaman», degan mazmunda telegramma olganini aytdi.
Ushbu holat juda shubhali edi. Shu boisdan masalaga oydinlik kiritish maqsadida Toshkentga xizmat safariga jo‘nadim. Pochtaga borib, telegrammada aks etgan yozuvlar haydovchining dastxati emasligini aniqladim. So‘ng murdaning cho‘ntagidan chiqqan bir dona kalitni tekshirishga tushdik. Haydovchining oila aʼzolarini vahimaga tushirmaslik uchun boshqa bir bahona bilan xonadon kalitini olib solishtirdik. Kalit o‘sha yigitning xonadoni kaliti bo‘lib chiqdi. Yaqinlari qo‘l soati ham uniki ekanligini tasdiqlashdi. Jinoyat esa o‘sha telegramma orqali ochildi. Yaʼni telegrammadagi dastxat yordamida jinoyatchi ayol va uning sheriklari fosh etildi.
Muzaffar Bahronov ko‘p yillar Konimex tumani aholisining tinchlik-osoyishtaligini saqlash yo‘lida sidqidildan xizmat qildi. Qator jinoyatlarni fosh etishda faollik ko‘rsatdi. 2000—2006 yillarda Konimex tumani IIB XCHK va FRBda ham salmoqli ishlarni amalga oshirdi. Pensiyaga chiqqanidan so‘ng ko‘pgina davlat korxonalari xavfsizligini taʼminlashga munosib hissa qo‘shdi. 2021 yilgacha O‘rmon xo‘jaligida huquqshunos vazifasida ishladi. Ayni paytda farzandlar va nabiralar ardog‘ida umrguzaronlik qilmoqda.
— Taʼtil vaqtda nabiralarim to‘planishib, atrofimni o‘rab olishadi. Buvisi bilan ikkimiz ularning vaqtini mazmunli o‘tkazishga harakat qilamiz. Gohida ularga xizmat yillarimda boshimdan kechirgan, bevosita o‘zim ishtirok etgan voqealarni baʼzi holatlarini sal o‘zgartirib, sarguzashtga boy tarzda hikoya qilib beraman. Shunda kichkintoylar nafaslarini ichga yutib tinglashadi. Hikoyam tugagach esa meni savollarga ko‘mib tashlashadi, - deydi qahramonimiz kulimsirab.
Mahliyo XOLOVA, “Postda” muxbiri.
Navoiy viloyati.