Xodimlarning Zuhra opasi
Zuhraning bolaligi Gulistondagi mahallada oʻtdi. Otasi sutni qayta ishlash zavodida ishlar, kenja qizini juda yaxshi koʻrardi. U bolaligidan matematika fanidan iqtidorli ekanini namoyon qildi. Biroq hammani hayron qoldirib, ichki ishlar organi xodimi boʻlish orzusida yashay boshladi. Akalaridan biri yoʻl harakati xavfsizligi xizmatida ishlar, xizmatdan kelganida, darhol uning bosh kiyimini olib, kiyib olardi.
1983-yili maktabni bitirgach, Yangiyer shahridagi qurilish texnikumining buxgalteriya fakultetiga oʻqishga kirib, u yerni imtiyozli diplom bilan tugatgani qoʻl kelib, oradan bir oy oʻtmay, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi buxgalteriya boʻlimiga ishga qabul qilindi.
Ustozlari — moliya boʻlimi boshligʻi, polkovnik Gʻanibek Yoʻldoshev, bosh hisobchi, kapitan Joʻrabek Jaloyirovlar unga gʻamxoʻrlik qilishdi.
1989-yil Zuhra Isoqulovaga serjant unvonini berishdi. Nihoyat, u ham bir paytlar orzu qilganidek, furajkasini boshiga qoʻndirib, uyga kirib keldi. Otasi, onasini yana bir bor xursand qildi. Bu paytda u allaqachon oilali edi. Turmush oʻrtogʻi bilan ikki nafar oʻgʻilni tarbiyalay boshlashgan, oilaviy tashvishlarga ham ulgurishga harakat qilardi.
IIV Akademiyasiga sirtdan oʻqishga qabul qilinganida uning tashvishi yanada koʻpaydi. Uddaburon qiz hammasiga ulgurdi. Hash-pash deguncha yelkasida leytenant unvonini anglatuvchi yulduzlar porladi. Lavozimi ham oʻzgardi. Sirdaryo viloyati IIBning Yongʻin xavfsizligi boshqarmasi aloqa boʻlimiga ishga oʻtdi. Viloyatning barcha hududlaridan yongʻin toʻgʻrisidagi xabar birinchi shu yerga yetib kelar, shundan keyingina oʻt oʻchirish brigadalariga buyruq berilardi. Ish juda ham qizgʻin edi. Lekin Zuhra bu yerda uzoq qolmadi. Uni yana moliya boʻlimiga ishga qaytarib olishdi. Sirdaryo viloyati IIB Koʻriqlash boʻlimida bosh buxgalter, viloyat IIB Nazorat-taftish boʻlimida taftishchi lavozimlarida halol, oʻz ishiga sadoqatli, hisob-kitobga usta ekanligini namoyon etdi.
Zuhra Isoqulovaning obroʻsi, faolligi eʼtiborga olinib, qoʻshimcha ravishda viloyat IIB xotin-qizlar qoʻmitasi raisi vazifasi ham yuklandi. Bu anchagina masʼuliyatli vazifa edi. Uning tashabbusi bilan koʻplab madaniy, sport tadbirlari,uchrashuvlar, davra suhbatlari uyushtirila boshlandi. Koʻplab ayollarning oilaviy ahvoli oʻrganildi, ayrimlariga koʻmak berilib, maʼnan qoʻllab-quvvatlandi. Natijada koʻplab xodimlarning Zuhra opasiga aylandi. Shuning oʻzi eng katta mukofot edi. Axir inson uchun elning eʼzozida, eʼtirofida boʻlishdan ortiq baxt bormi?!
Isteʼfodagi mayor Zuhra Isoqulova ana shunday baxtga sazovor boʻlgan inson. Oʻgʻillari hunarmand usta. Oʻz baxtini topishgan. Opa nevaralari qurshovida shodon hayot kechirmoqda. Shogirdlari, hamkasblari doim yoʻqlab turishadi. Eng muhimi, hayotini behuda sarflamagani, doim el osoyishtaligi, tinchligi yoʻlida halol xizmat qilganidan faxrlanadi.
Abdurahmon MUSTAFOQULOV, “Postda” muxbiri.
Sirdaryo viloyati.