«Xizmat» evaziga pora
Toshkent tumanida istiqomat qiluvchi Mansur Mirshodov (ism-shariflar oʻzgartirildi) oʻziga tegishli issiq-xonani isitish maqsadida noqonuniy ravishda gaz quvuriga ulanib, 61 million 204 ming soʻmlik zarar yetkazdi.
Holat yuzasidan jinoiy ish qoʻzgʻatilib, qonunbuzarlikni butunlay fosh etish tuman IIB huzuridagi Tergov boʻlimi tergovchisi, leytenant M.Hamidovga topshirildi.
Tergov harakatlari davomida gumon qilinuvchi aybiga toʻla iqror boʻlib, yetkazilgan zararni qopladi. Soʻngra tergovchidan ishni sudga chiqarmasdan, maʼmuriy tartibda tugatib berishini soʻradi va buning evaziga 400 AQSH dollari miqdorida pora taklif qildi.
Bu harakat jinoyat ekanini qayta-qayta tushuntirishning foydasi boʻlmadi. Fuqaro bilganidan qolmadi.
Leytenant M.Hamidov viloyat IIBB boshligʻi nomiga ariza bilan murojaat qilgach, huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligida tezkor tadbir oʻtkazildi.
Tadbir davomida 400 AQSH dollarini tergovchiga uning xizmat xonasida pora tariqasida berayotgan vaqtda fuqaro M.Mirshodov qoʻlga olindi.
Qonunbuzarning «men bu pullarni sovgʻa tariqasida bergandim, buning jinoyat ekanini bilmasdim» degan bahonalari esa oʻtmadi.
Ichki ishlar organlarida qasamyodiga sodiq xodimlar bor ekan, har qanday jinoiy qilmishga jazo muqarrarligi taʼminlanadi. Buni aslo unutmaslik lozim.
Mixli Safarov, “Postda” muxbiri.