28 Dekabr 2021 4792

Xalqaro tajriba. Hamkorlik istiqbollari

Bugungi kunda ekologik muammolar, sogʻlom turmush tarzining izdan chiqishi oqibatida baʼzi kasalliklar koʻpayib bormoqda. Shunday kasalliklardan biri venoz qon tomir xastaliklaridir. Mutaxassislarning qayd etishicha, Oʻzbekistonda ham bu turdagi kasalliklar kundan-kunga oʻsib bormoqda.

Bunday kasalliklarning oldini olish, davolash borasida IIV Markaziy gospitali yetakchi mutaxassislari tomonidan koʻplab ishlar amalga oshirilmoqda. Venoz tomirlar patologiyalarida eng zamonaviy usullar keng qoʻllab kelinmoqda. Oʻtgan yilning yanvar oyida IIV Markaziy gospital yetakchi shifokor-tomirlar jarrohi, professor B. Tursunov boshchiligida Oʻzbekiston flebologlari assotsiatsiyasi tashkil etilgandi. Butun dunyo mamlakatlarida pandemiya sharoiti boʻlganligi sababli, 2020-yilda 3 marotaba Oʻzbekiston flebologlari uchun onlayn konferensiya oʻtkazilgan boʻlsa, joriy yilda assotsiatsiya tomonidan 2 marotaba onlayn konferensiya tashkil etildi.

2021-yilning 15-16-oktyabr kunlari Toshkent shahrida Oʻzbekiston flebologlari assotsiatsiyasining I venoz forumi boʻlib oʻtdi. Anjumanda Angliya, Belarus, Rossiya, Ukraina, Italiya, Hindiston, Janubiy Koreya, Turkiya, Misr, Qozogʻiston, Qirgʻiziston kabi davlatlarning 50 dan ortiq olimlari ishtirok etdi. Anjumanning yalpi majlisi ikki kun davomida 8 bosqichda oʻtkazildi.

Anjumanda ishtirok etgan flebologlar va qon tomir jarrohlari mamlakatimizda venoz patologiyasini davolash, tashxislash va davolashning zamonaviy usullariga katta qiziqish bildirishdi.

Forumda Sankt-Peterburg flebologlari jamiyati prezidenti, professor Ye. Shaydakov faol ishtirok etib, oʻzbekistonlik hamkasblari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarni yuqori baholadi. Pirovardida Oʻzbekiston flebologlari jamiyati va Sankt-Peterburg flebologlari jamiyati oʻrtasida hamkorlik aloqalarini oʻrnatishga kelishib olindi.

Sankt-Peterburg flebologlari jamiyatining xalqaro konferensiyasi talabnomasiga asosan, IIV Markaziy gospitali xodimlari tomonidan konferensiya tashkiliy qoʻmitasiga gospitalda olingan tajribaga asoslangan ilmiy tezis joʻnatildi va u mutaxassislar tomonidan qabul qilindi. Joriy yilning 8-10-dekabr kunlari esa Rossiya Federatsiyasida Sankt-Peterburg flebologlarining 14-forumi boʻlib oʻtdi. Unda IIV Markaziy gospitalining shifokor-jarrohlari oʻz maʼruzalari bilan qatnashdi.

Surʼat TEMIROV, IIV Markaziy gospitali katta shifokor-tomirlar jarrohi, mayor.

© 2006-2022. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага