13 Iyul 2022 400

Xalqaro hamkorlik: Polsha IIV Chegara xizmati delegatsiyasi Buxoro viloyatiga tashrif buyurdi

Polsha Respublikasi IIV Chegara xizmati Bosh komendaturasi chet el fuqarolari boʻyicha boshqarma direktori, mayor Pavel Xolovenko boshchiligidagi delegatsiya yurtimizga qilgan amaliy tashrifi doirasida joriy yilning 11-12-iyul kunlari Buxoro viloyatida ham boʻlishdi.

Mehmonlarni Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari podpolkovnik Erkin Safarov boshchiligidagi masʼullar kutib oldi.

Delegatsiya rahbari va aʼzolariga Buxoroda ichki ishlar organlari, ayniqsa migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish hamda xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmalari va ularning quyi tuzilmalarining asosiy vazifalari, sohada amalga oshirilgan islohot va istiqboldagi rejalar haqida soʻzlab berildi.

Jumladan, davlatimiz rahbari tomonidan mamlakatimizda turizm salohiyatini yanada rivojlantirish, ayniqsa chet el fuqarolarini Respublikamizga jalb qilishga alohida eʼtibor qaratilib, ushbu sohani izchil rivojlantirishga doir qator imtiyoz va keng qulayliklar yaratilayotgani, shu oʻrinda, “Oʻzbekiston Respublikasida turizmni jadal rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” gi Farmoni bilan 76 davlat fuqarolari, shu jumladan Polsha fuqarolari ham Oʻzbekiston Respublikasiga 30 kun muddatga vizasiz rejim asosida kelib ketishlari belgilangani mazkur islohotlarning yorqin namunasi ekanligi taʼkidlandi.

Shuningdek, mehmonlar viloyat IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasida boʻlib, bunda fuqarolarga xizmat koʻrsatish faoliyat turlari hamda ish jarayoni va xodimlarga yaratib berilgan xizmat sharoitlari bilan yaqindan tanishishdi.

Bundan tashqari delegatsiya aʼzolari viloyat Ichki ishlar boshqarmasining rahbariyati, viloyat IIB MvaFRB boshligʻi hamda qator masʼullar ishtirokida chet el fuqarolarini Oʻzbekiston Respublikasiga tashrifi va mamlakatimiz qonunchiliga asosan istiqomat qilishi tartibi, chet el fuqarolariga yaratilgan shart-sharoitlar hamda mazkur yoʻnalishga doir olib borilayotgan ishlar yuzasidan tashkil etilgan uchrashuvda ishtirok etib, oʻzlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob olishdi.

Tashrif davomida mehmonlar viloyatning diqqatga sazovor qadimiy manzillari boʻylab ham sayohat qildi. Madaniy meros obyektlari hamda ziyoratgohlarda boʻlib, sharif shaharning koʻp yillik tarixi va qadimiy jozibasiga yuqori qiziqish bildirib, buyuk ajdodlarimizning jahon sivilizatsiyasi rivojiga qoʻshgan beqiyos hissasini alohida eʼtirof etdilar.

Tashrif chogʻida janob Pavel Xolovenko tizim xodimlarining zamonaviy jahon andozalari darajasida jihoz va texnik vositalar bilan taʼminlangani, ular yuqori professional darajada xizmat qilayotganini alohida eʼtirof etdi.

Polsha IIV Chegara xizmati delegatsiyasining Oʻzbekistonga tashrifi davom etmoqda.

Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati

© 2006-2022. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага