Uni asrab-avaylash zurur
Chirchiq shahrida 164 mingga yaqin turli millat vakillari tinch-totuvlikda istiqomat qilib keladi. Shahar IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmasi xodimlari zimmalariga yuklatilgan vazifalarni sidqidildan bajarib, aholi ishonchini qozonib kelmoqda.
Shaharda yashovchi fuqarolardan 5872 nafariga ID-kartalar berilgan va bu jarayon izchillik bilan davom etmoqda. Shuningdek, o‘tgan davrda 6814 nafar fuqaroga xorijga chiqish biometrik pasporti rasmiylashtirilgan bo‘lsa, 7123 ta fuqaro ro‘yxatga qo‘yilib 329 nafari ro‘yxatdan chiqarilgan.
— Yurtdoshlarimiz orasida muhim hujjatga eʼtibor bermay, unga sovuqqonlik bilan munosabatda bo‘layotganlari ham uchrab turadi, — deydi Chirchiq shahar IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmasi boshlig‘i, mayor Azizxon Xo‘jayev. — Masalan, joriy yilning 9 oyida o‘tkazilgan “Tozalash-Antiterror”, «Xavfsiz hudud» va “Pasport-viza” profilaktik tadbirlari davomida 664 kishi pasport tizimi qoidalarini buzgani aniqlanib, ularga nisbatan maʼmuriy jazo choralari qo‘llanildi.
Bundan tashqari, boshqa davlatlardan kelib, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida yashash guvohnomalari bilan yashayotgan va uning amal qilish muddatini o‘tkazib yuborgan 43 nafar chet el fuqarosi va fuqaroligi bo‘lmagan shaxsga ham maʼmuriy bayonnomalar tuzilib, belgilangan miqdorda jarima undirilgan.
Shahar hududida muddati o‘tgan pasport va yashash guvohnomalari bilan yashayotgan fuqarolar ro‘yxatlari hududiy profilaktika inspektorlariga takdim etilgan hamda ogohlantirilgan bo‘lishiga qaramasdan, ular tomonidan bu muhim hujjatga panja orasidan qarayotgan fuqarolarning borligi afsuslanarli hol. Shuning uchun ham bo‘linma xodimlari joylarda o‘tkazilayotgan targ‘ibot-tashviqot tadbirlarida bu kabi holatlarning oldini olishga alohida eʼtibor qaratishmoqda. O‘tkazilayotgan profilaktik tadbirlarda muhim hujjatdan foydalanish tartib-qoidalari, uni asrab-avaylash zarurligi tushuntirilmoqda.
Sherzod ABDUSAMADOV, “Postda” muxbiri.
Ikrom HASANOV olgan suratlar.