8 Iyul 2022 399

Turkiya milliy politsiya Akademiyasi delegatsiyasi Buxoro viloyatiga tashrif buyurdi

Turkiya milliy politsiya Akademiyasi boshligʻi oʻrinbosari Fatih Inal boshchiligidagi delegatsiya yurtimizga qilgan amaliy tashrifi doirasida joriy yilning 6-7-iyul kunlari Buxoro viloyatida ham boʻlishdi.

Mehmonlarni Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi polkovnik Shuxrat Aliyev kutib oldi. Delegatsiya rahbari va aʼzolariga Buxoroda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, ayniqsa hududiy ichki ishlar organlarini tuzilmasi va asosiy vazifalari, islohot va istiqboldagi rejalar haqida qisqacha soʻzlab berildi.

Soʻng mehmonlar Oʻzbekiston Respublikasi IIV Buxoro akademik litseyida boʻlib, taʼlim maskanining faoliyati bilan tanishib, litsey qoshidagi “Jasorat” tarixiy muzeyida sayohat qildilar.

Muzeyda viloyat ichki ishlar organlari shakllanishining turli bosqichlari, tizim xodimlarining xizmat kiyimlari, avto va mototransportlar, maxsus vosita va qurollar eksponatlari bilan yaqindan tanishishdi.

Tashrif davomida mehmonlar viloyatning diqqatga sazovor qadimiy manzillari boʻylab ham sayohat qilishdi. Jumladan, “Somoniylar maqbarasi”, “Ark qoʻrgʻoni”, “Poyi kalon”, “Labi hovuz” ansambli va “Moxi-xosa” madaniy meros obyektlari hamda “Bahouddin Naqshband” ziyoratgohida boʻlib, sharif shaharning koʻp yillik tarixi va qadimiy jozibasiga yuqori qiziqish bildirib, buyuk ajdodlarimizning jahon sivilizatsiyasi rivojiga qoʻshgan beqiyos hissasini alohida eʼtirof etdilar.

Bundan tashqari delegatsiya viloyat Ichki ishlar boshqarmasining Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasida boʻlib, oʻzlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob olishdi.

Bunda, mehmonlar boshqarma faoliyati, shaharning qadimiy qismida joylashgan turizm obyektlari boʻylab xavfsizlikni taʼminlash bilan bogʻliq xodimlarning ishlash tartibini, kuch vositalarning harakat yoʻnalishlarini chuqur oʻrganib, xodimlarga yaratib berilgan xizmat sharoitlari bilan yaqindan tanishishdi.

Tashrif chogʻida janob Fotih Inal turizm politsiyasi xodimlari zamonaviy jahon andozalari darajasida jihoz va texnik vositalar bilan taʼminlangani, ular yuqori professional darajada xizmat qilayotganini alohida eʼtirof etdi.

Turkiya milliy politsiya Akademiyasi delegatsiyasining Oʻzbekistonga tashrifi davom etmoqda.

Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati

© 2006-2022. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага