Toshkent shahar IIBBda huquqbuzarliklar profilaktikasi yoʻnalishida yigʻilish boʻlib oʻtdi
Toshkent shahar IIBB boshligʻi general-mayor Aziz Tashpulatov rahbarligida huquqbuzarliklar profilaktikasi yoʻnalishida 8 oydagi faoliyati sarhisobi yuzasidan yigʻilish boʻlib oʻtdi.
Ushbu yigʻilishda IIBB boshligʻi oʻrinbosari polkovnik Ravshan Sultanxodjayev, Oliy taʼlim muassasalariga biriktirilgan profilaktika inspektorlari, voyaga yetmaganlar masalalari boʻyicha inspektor-psixologlar, yoshlar bilan ishlash yoʻnalishi boʻyicha inspektor-psixologlar hamda bozorlarga biriktirilgan profilaktika inspektorlari ishtirok etdi. Yigʻilish davomida joriy yilning 8 oyida umumtaʼlim maktablarida, oliy taʼlim muassasalarida taʼlim olayotgan oʻquvchilar hamda talabalar bilan oʻtkazilgan profilaktik ishlar va jinoyatchilikni oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar muhokama qilindi. Shuningdek, inspektorlarning olib borayotgan xizmat faoliyati, xizmat vazifasini bajarishda yoʻl qoʻygan kamchiliklari hamda kelgusida bajarishi lozim boʻlgan vazifalar batafsil tushuntirildi, har bir yoʻnalish uchun alohida masʼul biriktirildi. Bundan tashqari, kelgusida olib borish zarur boʻlgan vazifalar toʻgʻrisida qoʻshimcha reja-dasturlar ishlab chiqilishi belgilab olindi.
Yigʻilish davomida, xizmat faoliyati davomida kamchiliklarga yoʻl qoʻygan inspektorlarga nisbatan tegishli taʼsir choralari koʻrildi. Shu bilan birga xizmat faoliyatini vijdonan bajarib kelayotgan inspektorlarning bir qatori ragʻbatlantirildi.
Toshkent shahar IIBB Axborot xizmati