15 Noyabr 2022 650

Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasida navbatdagi maʼrifiy tadbirda “Eng yaxshi profilaktika inspektori” koʻrik-tanlovi gʻoliblari taqdirlandi

Ichki ishlar organlarida shaxsiy tarkibni maʼnaviy-axloqiy tarbiyalashga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda. Mazkur faoliyat soha xodimlarining umumiy dunyoqarashi, siyosiy ongi, maʼnaviy-intellektual salohiyatini yanada yuksaltirishga qaratilgan.

Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasida “Vatan bayrogʻini gʻurur bilan koʻtaramiz” mavzusida maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi.

Ichki ishlar vazirligi akademiyasi magistraturasining yuridik fanlar boʻlimi boshligʻi, yuridik fanlar nomzodi, dotsent podpolkovnik Umid Qodirov shaxsiy tarkib oldida maʼruza qildi.

Uning aytishicha, istiqlol yillarida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi nafaqat yurtimizda, balki uning chegaralaridan tashqarida ham haqli ravishda hurmat qozongan. 

Mustaqil Oʻzbekiston bayrogʻi 1992-yil 2-martdan boshlab BMT qarorgohi oldida, mamlakatimiz aʼzosi boʻlgan nufuzli xalqaro tashkilotlar, xorijdagi diplomatik vakolatxonalar bayroqlari ustunlarida tinchlik va osoyishtalik timsoli boʻlgan yuzlab bayroqlar qatorida hilpiramoqda.

Tadbir davomida “Eng yaxshi profilaktika inspektori” respublika koʻrik-tanlovi gʻoliblarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi. 

Barcha test sinovlari natijalariga koʻra eng yaxshi profilaktika inspektori Yakkasaroy tumani IIO FMB 2-sonli IIB profilaktika inspektori, katta leytenant Hoshimxoʻja Usmonov deb topildi.

Ikkinchi oʻrinni Yangihayot tumani IIO FMB 1-sonli IIB profilaktika inspektori, kapitan Jamshidbek Xasanov, uchinchi oʻrinni esa Yunusobod tumani IIO FMB 4-sonli IIB profilaktika katta inspektori podpolkovnik Farhod Xoliqulov qoʻlga kiritdi. 

Yigʻilganlarning olqishlari ostida gʻoliblarga diplom va qimmatbaho sovgʻalar topshirildi.

Toshkent shahar IIBB Axborot xizmati

© 2006-2023. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага