8 Mart 2023 347

Tomoshabin bo‘lmaylik

Joriy yilning 28 yanvar kuni soat taxminan 20:00larda Xatirchi tumani “Korizarab” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi S.M “Saroy” mahallasida yashovchi tanishi M.X. bilan rashk tufayli janjallashib qoladi. Jahldan ko‘zi qonga to‘lgan S.M. ayolning yelka va ko‘krak sohasiga bir necha marta pichoq urgan. Og‘ir tan jarohati olgan M.X. qarindoshlari tomonidan kasalxonaga olib borildi, ammo shifokorlarning saʼy-harakatlariga qaramay vafot etdi. Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Fuqaro M.X. qo‘lga olinib, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ushbu jinoyat viloyat IIB rahbari boshchiligida “Korizarab” mahalla fuqarolar yig‘inida keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilindi. Mehr-oqibatning yo‘qolib borayotganligi afsus bilan taʼkidlanib, ko‘pchilikning loqaydlarcha yashashga o‘rganib qolganligi, milliy qadriyatlarimizga to‘g‘ri kelmaydigan hodisalarga tomoshabin bo‘lib turishlari keskin qoralandi. Har qanday vaziyatda ham ayolga tazyiq o‘tkazish yoxud tan jarohati yetkazish erkakning shaʼniga isnod ekanligi qayta-qayta aytildi.

Ha, jinoyatga jazo muqarrar. Endi aybdorning 4 nafar farzandi maʼlum muddat otasiz ulg‘ayishi aniq. Bundan muhokamada ishtirok etgan fuqarolar o‘zi uchun tegishli xulosa chiqaradi, deb o‘ylaymiz. Mahallaning ko‘pni ko‘rgan keksalari bu borada yoshlarga pand-nasihat qilishsa, ayni muddao bo‘lardi.

Mahliyo XOLOVA, “Postda” muxbiri.

Navoiy viloyati.

© 2006-2023. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага