13 Dekabr 2022 651

Tomonlar manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga tayyor

Ichki ishlar vazirligi akademiyasida AQSH Milliy mudofaa universitetining Yaqin Sharq va Janubiy Osiyo strategik tadqiqotlar markazi (NESA) vakillari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston va AQSH munosabatlarida koʻp qirrali hamkorlik, oʻzaro hurmat va ishonch tamoyillari ustuvorlik kasb etadi. Ayniqsa xalqaro terrorizm va ekstremizmga qarshi birgalikda kurashish, Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, zamonaviy tahdidlarning oldini olish borasida konstruktiv muloqot muhiti yaratilgan. Shu nuqtayi nazardan AQSH Oʻzbekiston bilan oʻzaro aloqalarni kuchaytirishdan manfaatdor.

Muloqot chogʻida oʻzaro manfaatli aloqalarni kengaytirish bilan birga, tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar muhokama qilindi. Delegatsiya rahbari, strategik tadqiqotlar markazi vakili, Rojer Kangas Oʻzbekistonning mintaqa davlatlari hamjihatligi yoʻlidagi faol tashabbuslarini alohida eʼtirof etdi.

Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlikning jadal rivojlanayotganidan mamnunman, – dedi R. Kangas. – Hozirgi global sharoitda taʼlim sohasini koʻp tomonlama hamkorlik integratsiyasini yoʻlga qoʻymay turib, ravnaq toptirib boʻlmaydi. Bugungi tashrifdan manfaatli aloqalarni yoʻlga qoʻyish orqali barqaror taraqqiyotga xizmat qiluvchi taʼlim dasturlarini amaliyotga joriy etishni koʻzlaganmiz. Muhimi, har ikki tomonda ham oʻzaro tajriba almashinuvini kengaytirishga intilish mavjud.

IIV Akademiyasi rahbari Rustam Xatamov kadrlar tayyorlash jarayoniga zamonaviy yondashuvlarni tatbiq etish, mintaqaviy xavfsizlik yoʻnalishida tadqiqotlar oʻtkazishdan manfaatdor ekanini bildirdi.

Akademiyani rivojlantirish boʻyicha ustuvor vazifalarni belgilab olganmiz. Bu borada jahonning rivojlangan mamlakatlari, jumladan, AQSH taʼlim muassasalari bilan koʻp vektorli hamkorlikni yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan. Samimiy muloqotimiz hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish imkonini berdi, – dedi Akademiya rahbari.

Uchrashuvda zamonaviy tahdid va xavf-xatarlarga qarshi kurashishda ilgʻor tajribalarni almashish, jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan tadqiqotlar olib borish, dolzarb mavzularda seminar-trening va malaka oshirish kurslarini tashkil etish, “taʼlimda koʻmak” tamoyili asosida istiqbolli dasturlarni ishlab chiqish, bu borada mavjud imkoniyatlarni samarali ishga solish borasida fikr almashildi.

Shundan soʻng mehmonlar Akademiya infratuzilmasi bilan yaqindan tanishdilar. AQSHlik mutaxassislarga taʼlim jarayoni, mutaxassislik yoʻnalishlari, taʼlim maskanining ilmiy salohiyati, oʻquv jarayoniga joriy qilingan yangi yondashuvlar haqida maʼlumot berildi. 

Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, sport majmuasi, Axborot-resurs markazida yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. Kunning ikkinchi yarmida Rojer Kangas, Hasan Abbos va Mishel Xansen tomonidan professor-oʻqituvchilar hamda magistratura tinglovchilari uchun “Mintaqaviy va transchegaraviy tahdidlarning oldini olish” mavzusida master-klass mashgʻuloti oʻtkazildi.

IIV Akademiyasi Axborot xizmati

© 2006-2023. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага