19 Iyul 2022 746

Tojikiston Respublikasi IIV delegatsiyasi Samarqandda bo‘ldi

Do‘stlik, yaqin rishtalar, hamkorlik kabi tushunchalar xalqimizning o‘ziga xos azaliy odatlardan sanaladi. Bu anʼana va qadriyatlar yaqinda Samarqand shahrida mehmon bo‘lgan Tojikiston Respublikasi IIV Militsiyani islohot qilish milliy koordinatori, militsiya polkovnigi Valixon Hamdamzoda boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari tashrifida ham yaqqol ko‘zga tashlandi.

Joriy yilning 15 iyul kuni shahrimizda mehmon bo‘lgan Valixon Hamdamzoda boshchiligidagi delegatsiya Samarqand viloyati IIB faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi. Tizimdagi kuch va vositalar, xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar, zamonaviy texnika va texnologiyalar, bugungi davr talablariga to‘liq javob bera oladigan asbob-uskunalar martabali mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Bu jarayonlarni kuzatar ekan mehmonlar o‘z hayratlarini yashira olmadi. Ular bir necha ming yillarga borib taqaluvchi o‘zbek-tojik xalqlari do‘stligi namunasi sifatida yana-da yaqinroq o‘zaro hamkorlik va tajriba almashish kabi masalalar haqida gapirib o‘tdi. Darhaqiqat Samarqand viloyati IIB, hamda boshqarmaning sohaviy xizmatlari va tarkibiy tuzilmalaridagi jarayonlar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

“Ochiq osmon ostidagi muzey” deya taʼriflanadigan Samarqand shahri mehmonlarga chin maʼnoda moʻjizalar mamlakatini eslatdi, desak xato bo‘lmaydi. Ko‘hna va hamisha navqiron shaharda joylashgan niliy gumbazlar va sirli koshinlar, ansambl va maqbaralar, arxeologiya va arxitektura namunalari tojikistonlik mehmonlar hayratini yana-da oshirdi.

Amir Temur maqbarasi, Registon ansambli, Bibixonim jomeʼ masjidi ajdodlarimiz aqlu tafakkuri namunasi sifatida mehmonlar ko‘z o‘ngida gavdalangan bo‘lsa, Siyob dehqon bozori olijanob xalqimizning mehnatsevarligi, mehmondo‘sligi va olijanobligini yana bir karra namoyon etdi.

Tojikiston Respublikasi IIV Militsiyani islohot qilish milliy koordinatori, militsiya polkovnigi Valixon Hamdamzoda boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari Samarqand shahridan ulkan-ulkan taassurotlar bilan poytaxtimiz Toshkent shahriga jo‘nab ketdi.

Samarqand viloyati IIB Axborot xizmati

© 2006-2022. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага