19 Iyul 2022 628

Tojikiston delegatsiyasi IIV akademiyasiga tashrif buyurdi

Tojikiston Respublikasi IIV Militsiya faoliyatini isloh qilish bo‘yicha milliy koordinatori, militsiya polkovnigi Xamdamzoda Valixon Xamdam boshchiligidagi delegatsiya rasmiy tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasida bo‘ldi.

Qo‘shni davlatdan tashrif buyurgan mehmonlar bilan taʼlim muassasasi rahbariyati ishtirokida tor doiradagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Ichki ishlar vazirligi akademiyasi boshlig‘i Rustam Xatamov tojikistonlik hamkasblarini taʼlim muassasasiga tashrif buyurganliklari uchun minnatdorlik bildirib, o‘zaro aloqalarning bugungi holatiga yuqori baho berdi.

– Bizning xalqlarimizni umumiy tarix, madaniyat va maʼnaviy qadriyatlar, o‘zaro hurmat hamda yaxshi qo‘shnichilikning ko‘p asrlik anʼanalari birlashtirib turadi. Bu yaqinlik O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasidagi munosabatlar uchun mustahkam zamin, asosiy tamoyil bo‘lib xizmat qiladi. Hamkorligimiz yuqori bosqichga ko‘tarilib, o‘zaro manfaatli kelishuvlarga erishilayotgani tizim uchun professional kadrlar tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi, – dedi RXatamov.

Shu bilan birga, so‘nggi yillarda ikki mamlakat Ichki ishlar vazirliklari o‘rtasidagi aloqalar yangi bosqichga ko‘tarilib, jinoyatchilikka qarshi kurashishda o‘zaro amaliy yordam ko‘rsatish, qo‘shma tergov ishlarini olib borish, terrorizm, odam savdosi, transmilliy uyushgan jinoyatchilik, noqonuniy migratsiya va boshqa turdagi xavf-xatarlarning oldini olish hamda qator yo‘nalishlarda samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani eʼtirof etildi. Bu borada 2021 yilning 23 dekabrida O‘zbekiston va Tojikiston IIV Akademiyalari o‘rtasida imzolangan memorandum o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish barobarida, ikki tomonlama tajriba almashish, ichki ishlar organlari uchun professional kadrlar tayyorlash hamda dolzarb muammolar bo‘yicha ilmiy-tadqiqot faoliyatini amalga oshirishga imkon berishi bildirildi.

– So‘nggi yillarda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar yana-da yuqori pog‘onaga ko‘tarildi, – dedi Tojikiston Respublikasi IIV Militsiya faoliyatini isloh qilish bo‘yicha milliy koordinatori, militsiya polkovnigi Valixon Xamdamzoda – Davlat rahbarlarining siyosiy irodasi va birgalikdagi saʼy-harakatlari natijasida aloqalarimiz barcha sohalarda jadal rivojlanib bormoqda. Bugungi uchrashuv istiqboldagi hamkorlikni rivojlantirish yo‘lida muhim qadam bo‘ladi.

Shuningdek, Valixon Xamdamzoda xalqlarimizni tarix sinovidan o‘tgan mustahkam qardoshlik va ahil qo‘shnichilik rishtalari bog‘lab turganligi, hamkorlik munosabatlari jadal surʼatda rivojlanayotganini alohida eʼtirof etib, ko‘p qirrali aloqalarni kengaytirish, mintaqaviy xavfsizlik, zamonaviy xavf-xatarlarning oldini olish, taʼlim sohasida hamkorlikni yuksaltirishdan manfaatdor ekanini taʼkidladi.

Kunning ikkinchi yarmida mehmonlar Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Akademiya tarixi muzeyi, Axborot-resurs markazi, Jangovar va jismoniy tayyorgarlik kafedrasida bo‘lib, so‘nggi yillarda amalga oshirilgan ulkan islohotlar va tinglovchi-kursantlar uchun yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar hamda nazariya va amaliyot uyg‘unligini taʼminlash maqsadida taʼlim jarayoniga kiritilgan yangi mexanizmlar bilan yaqindan tanishdilar.

IIV Akademiyasi Axborot xizmati

© 2006-2022. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага