19 Iyul 2022 695

Tojikiston delegatsiyasi aʼzolari IIV malaka oshirish institutiga tashrif buyurib, institut faoliyati bilan yaqindan tanishdi

Xabaringiz bor, Tojikiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi delegatsiyasi rasmiy tashrif bilan yurtimizda bo‘lib turibdi. Tashrif davomida delegatsiya aʼzolari mamlakatimizda IIO xodimlari uchun yaratilgan shart-sharoitlar, tizimda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar bilan tanishish mobaynida Ichki ishlar vazirligi tasarrufidagi taʼlim muassasalari hamda maʼmuriy obyektlarga tashrifi amalga oshirilmoqda. Navbatdagi manzil O‘zbekiston Respublikasi IIV Malaka oshirish instituti bo‘ldi.

Tojikiston Respublikasi IIV Militsiya faoliyatini isloh qilish bo‘yicha milliy koordinatori, militsiya polkovnigi Valixon Xamdamzoda boshchiligidagi delegatsiya aʼzolarini institut boshlig‘ining o‘rinbosari polkovnik U.Rasulev iliq kutib oldi.

Shundan so‘ng, mehmonlarni institut faoliyati, tarixi, buguni va ertasi, taʼlim jarayonlari bilan taqdimot shaklida tanishtirib o‘tdi va ularda mavjud savollarga javob berdi.

Mazkur o‘quv-bazasi va undagi shart-sharoitlar, o‘quv xonalari, moddiy-texnik bazasi hamda Axborot-resurs markazi faoliyati bilan yaqindan tanishgan militsiya polkovnigi Valixon Xamdamzoda o‘z fikrlarini quyidagicha bayon etdi.

– Malaka oshirish instituti va uning ilmiy salohiyati haqida OAV hamda ijtimoiy tarmoqlar orqali ko‘p ko‘rganman, eshitganman. Bugun o‘z ko‘rganlarim haqida so‘zlamoqchiman. Yurtingizdagi professional kadrlar tayyorlash bo‘yicha eng namunali taʼlim muassasalari qatorida Malaka oshirish institutining o‘rni muhim va beqiyos. Ayniqsa, IIO xodimlarining malakasini doimiy va uzluksiz oshirib borish va ularning zamonaviy qiyofasini yaratishda mazkur dargoh anchagina vazifani o‘z zimmasiga olgani va uni ishonch bilan uddalab kelayotgani meni lol qoldirdi. Institutning kelgusi faoliyatiga zafarlar tilagan holda mamnuniyat bilan aytolamanki, kelgusida ilmiy salohiyatni oshirish yo‘lida o‘zaro hamkorlikni yana-da mustahkamlaymiz.

IIV Malaka oshirish instituti Matbuot xizmati

© 2006-2022. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага