11 Iyul 2022 546

Tinglovchilar oʻrtasida sport musobaqasi oʻtkazildi

Sport. Inson sogʻligʻini yaxshilash bilan bir qatorda irodasini mustahkamlash uchun muhim vosita sanaladi. Tinglovchilarni jismonan sogʻlom, maʼnan yetuk qilib tarbiyalash borasida Oʻzbekiston Respublikasi IIV Malaka oshirish instituti rahbariyati tomonidan belgilangan reja asosida turli xil sport tadbirlari oʻtkazilib, ularda tinglovchilarning faol ishtiroki taʼminlab kelinmoqda.

Navbatdagi sport musobaqasi Bektemir bazasida Kasbiy tayyorgarlik oʻquv kursi tinglovchilari oʻrtasida jismoniy tarbiya va sportni yanada ommalashtirish, sogʻlom turmush tarzini shakllantirish hamda ularning boʻsh vaqtlarini unumli oʻtkazish maqsadida tashkil etildi.

Unda mazkur oʻquv-yigʻini bazasida ichki ishlar organlarining safdorlar tarkibiga qabul qilingan xodimlar hamda safdor va serjantlar tarkibidagi xodimlarni ofitserlik lavozimlariga tayinlash uchun tashkil etilgan oʻquv-kursida tahsil olayotgan tinglovchilar jamoalarga boʻlingan holda ishtirok etdilar.

Ishtirokchilar belgilangan 5 bosqichda oʻzaro bellashdilar. Hayʼat aʼzolari tomonidan “Guruh boʻlib zanjir usulida yugurish” shartida ishtirokchilarning epchilligi va chaqqonligi, chidam va bardoshlari, jismoniy holatlari sinovdan oʻtkazilgan boʻlsa, “Tosh koʻtarish” hamda “Arqon tortish” shartida tinglovchilarning birdamligi hamda kuchlilik darajalari yana bir karra koʻzdan kechirildi.

Musobaqa yakuniga koʻra, 2-otryad tinglovchilaridan tarkib topgan “Lochinlar” jamoasi 35 ball bilan 3-oʻrinni, 1-otryad tinglovchilaridan tarkib topgan “Temuriylar” jamoasi 37 ball bilan 2-oʻrinni egallagan boʻlsa, 38 ball toʻplagan 3-otryad tinglovchilaridan tuzilgan “Qalqonlar” jamoasi 1-oʻringa munosib deb topildi hamda koʻchma kubokni qoʻlga kiritishdi.

Ishtirokchilarga institut rahbariyati tomonidan minnatdorchilik tariqasida diplom va esdalik sovgʻalari topshirilib, yanada faol boʻlishlari lozimligi taʼkidlab oʻtildi.

IIV Malaka oshirish instituti Matbuot xizmati

© 2006-2022. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага