7 Fevral 2023 319

Talabalar koʻmakdoshi

...Namangan muhandislik-qurilish instituti profilaktika inspektori lavozimida xizmat faoliyatini boshlagan kapitan Vohidjon Abdiqodirovni oliygoh jamoasi iliq kutib oldi. Unga institut hududidan xizmat xonasi ajratilib, barcha zarur sharoitlar yaratib berildi.

Oʻtgan yilning oktyabr oyida mazkur lavozimga tayinlangan kapitan Vohidjon Abdiqodirov dastlab ishni oʻrganishlardan boshladi. Soʻngra amalga oshirishi lozim boʻlgan vazifalarni belgilab oldi. Shunga koʻra, talabalar oʻrtasida huquqbuzarliklarning oldini olishga yoʻnaltirilgan targʻibot-tashviqot ishlarini kuchaytirdi. Jinoyat qilishga moyil va muqaddam sudlangan talabalar bilan yakka tartibda profilaktik suhbatlar olib bordi. Uning bu saʼy-harakatlari institut rahbariyati tomonidan ijobiy baholanib, qoʻllab-quvvatlandi. Albatta, yaxshi ish tashkil etilgan joyda samara ham boʻladi.

Darvoqe, qahramonimiz faol va aʼlochi talaba yigitlardan iborat “Qalqon” guruhini tashkil etgan. Har bir qavatga sardor etib tayinlangan guruh aʼzolari talabalar turarjoyida osoyishtalikni taʼminlashda profilaktika inspektoriga beminnat koʻmakchi boʻlish bilan birga, turli koʻngilochar tadbirlar, sport musobaqalarini oʻtkazishda faollik koʻrsatishmoqda.

Hozirgi vaqtda taʼlim dargohida 9317 nafar talaba tahsil olmoqda. Vohidjon ularning eng yaqin koʻmakdoshiga aylangan. Bunda talabalar turarjoyi rahbari, isteʼfodagi mayor Husniddin Nizomovning ham hissasi katta. U profilaktika inspektoriga maslahatlar berib, hayotiy tajribalari bilan oʻrtoqlashib keladi.

Gulchehra BUVAMIRZAYEVA, “Postda” muxbiri.

© 2006-2023. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага