Surxondaryo viloyati Bandixon tumani ichki ishlar boʻlimi yangi binosi foydalanishga topshirildi
Navroʻz shodiyonalari viloyat ichki ishlar organlari xodimlari uchun ham esda qolarli voqeiyliklar bilan qarshi olindi. 80 ming nafarga yaqin aholi istiqomat qilayotgan Bandixon tumani qayta tashkil etilgandan buyon ichki ishlar boʻlimi oʻz xizmat binosiga ega emas edi. Ichki ishlar Vazirligi tomonidan ajratilgan 11 mlrd 511 mln soʻm mablagʻ evaziga barcha shart-sharoitlarga ega yangi zamonaviy bino qurib bitkazildi. Uning foydalanishga topshirilishi tantanali koʻrinish kasb etdi.
Bandixon tumani ichki ishlar boʻlimi yangi binosining foydalanishga topshirilishida viloyati hokimi viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi, tuman mutasaddilari, faxriylar, mahalla va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi. Tadbirda soʻzga chiqqanlar tuman ichki ishlar boʻlimi shaxsiy tarkibini yangi bino bilan tabriklab, ichki ishlar tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli aholining tinchlik va xavfsizligini taʼminlashda, fuqarolarning huquqlarini ishonchli himoya qilishning izchil tizimi yaratilganligini taʼkidlashdi.
Ikki qavatli koʻrkam binoda ichki ishlar organlari xodimlarining samarali faoliyat koʻrsatishlari uchun barcha qulayliklar mavjud. Unda maʼrifat xonasi, maxsus tergov majmuasi, tuman markazidagi videokuzatuv kameralariga ulangan situatsion markaz, sportzal, futbol maydoni dam olish va oʻquv xonalari yotoqxona, oshxona faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Patrul-post xizmati, yoʻl harakati xavfsizligi va boshqa tezkor qismlar boʻlimning geoinformatsion tizimi orqali boshqariladi.
Bular hammasi xodimlarning siyosiy, maʼrifiy va jangovar tayyorgarligini oshirishga, jinoyat va huquqbuzarlik sodir etilishining oldini olish, ularni tez fursatlarda fosh etishga xizmat qiladi.
Eʼtiborlisi, aholi eng koʻp murojaat qiladigan migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish, yoʻl harakati xavfsizligi boʻlimlari umumiy binodan alohida joylashgan boʻlib, ularda ham fuqarolar qabuli va murojaati uchun qator qulayliklar yaratilgan. Albatta munosib mehnat sharoitlari kishi zimmasiga masʼuliyat ham yuklaydi. Bu esa shubhasiz ish samaradorligida muhim ahamiyat kasb etadi.
Surxondaryo viloyati IIB Axborot xizmati