4 Iyun 2022 1281

Sohibqironning maktubi yoki mohirona diplomatik tadbir

Amir Temur oʻz davrining nafaqat buyuk sarkardasi, balki uzoqni koʻra oluvchi siyosat arbobi va oqil diplomati ham boʻlgan. Muarrix Gʻiyosiddin ibn Xumomiddin Xondamir oʻzining «Habib ussiyar fi axbori afrod ulbashar» (Bashar aqli siyratidan xabar beruvchi doʻst) asarida ham bunga daxldor muqim maʼlumot keltirib oʻtadi.

Maʼlumki, Bagʻdod hukmdori Amir Temur qoʻygan talablardan xavfsirab, poytaxtini yordamchilariga qoldirib, oʻzi Misr sultonidan panoh izlab dastlab Iskandariya, soʻngra Qohirada yashay boshlaydi.

Turkmanlar sardori Qora Yusuf ham Sohibqironga nisbatan dushmanlik jabhasini egallaydi. U ham Sulton Ahmadga qoʻshilganicha Misr sultoni Faraj saroyidan boshpana izlab, uning huzuriga ketadi. Shu tariqa Amir Temur gʻanimlari Qohirada toʻplanib, Sulton Farajning soʻzsiz ittifoqchisiga aylanadilar.

Buyuk sarkarda Misr bilan masalani hal qilishni darhol qilichga qoldirmay, oqilona ish koʻradi. Agar Sulton Faraj bilan masalani urush ochib hal qiladigan boʻlsa, Oʻrta Yer dengizi orqali qoʻshin Kichik Osiyo hududidan Misrga olib oʻtadigan boʻlinsa, daxmaza va mashaqqatlar girdobida qolishi aniq edi.

Shuning uchun diplomatik tadbirni afzal bilib, soʻz qurolini ishga solib, uning qudratini namoyish qilishga kirishadi. Hayot tajribasini olgan donishmand, arab tili va siyosatdan yaxshi xabardor boʻlgan Mavlono Badriddinni Faraj huzuriga elchi qilib joʻnatar ekan, Sulton Ahmad va Qora Yusufni hibsga olib, saltanati poytaxti Samarqandga bandi qilib joʻnatishini soʻraydi.

Amir Temur shahzoda nabiralarining nikoh toʻylarini dovruq qilib berayotganida, Gʻarbiy Yevropa va Osiyoning koʻplab mamlakatlari elchilari qatorida Misr hukmdori Sulton Farajning elchisi ham unda ishtirok etardi.

Elchi uning har ikki gʻanimi hibsga olinganini Sohibqironga maʼlum qiladi. Bu toʻyning shohona tarzda oʻtkazilgani haqida Ispaniya qirolining elchisi Ruy Gonsales de Klavixo Samarqand xotiralari kundaligida batafsil maʼlumotlar beradi. Biz esa muarrix Xondamirning «Habib us-Siyar» asarida Amir Temurning Misr elchisi bilan muloqotiga doir maʼlumotni keltirish bilan cheklanib, soʻngra joʻnatilgan maktubning diplomatik yuqori saviyada yozilishi, uning siyosiy ahamiyati haqida fikr yuritamiz.

Xondamir oʻz asarida dovruqli maktubning mashhur xattotlar qay uslubda tayyorlashga kirishilganligini tubandagicha bayon etadi: «Zar suvi bilan bezantirilgan eni uch gaz (1,5 metr) va uzunligi yetmish gaz (35 metr) boʻlgan maktubni oʻsha davrda husnixatu xattotlikda mashhurlarning ham eng ustuni Mavlono Shayx Muhammad ibn Xoja Bandagiri Tabriziyning mohir qoʻllari bilan yozdirib, Malik Faraj nomiga joʻnatdi. Chunki Misr sultoni “Biz Sulton Ahmad Jaloyir va Qora Yusufni ushlab band etdik. Ularni nima qilish kerakligini buyursangiz, oʻshanday qilardik”, degan xabarini Samarqandga joʻnatilgan oʻz elchisidan yetkizgan edi.

“Sulton Ahmadni zanjirband etib, bizga joʻnatsin. Qora Yusufni esa hayot kishanidan boʻshatib yuborsinlar”, deb yozdi va elchi bilan qimmatbaho sovgʻalar, munosib nafis narsalar bilan birga maktubni ham joʻnatdi».

Endi maktub hajmi tahliliga kelsak, u oʻrta asrlar xattotlik sanʼatining betakror va goʻzal namunasi edi. Avvalo maktub uchun oliy sifatli qogʻoz tayyorlandi. Unga eng mohir hunarmandlar zar boʻyoqlar bilan ishlov berdi. Maktub hajmiga ham eʼtibor bering. Unda sanʼatpardozlikning eng nozik jihatlari oʻta ustalik bilan qoʻllanilgan.

Amir Temur davrigacha va undan keyingi davrlarda ham bunday yirik hajmli maktub hukmdorlar munosabatlarida qayd etilmagan.

Nihoyat, Amir Temur elchisi Mavlono Abdulloh Keshiyni Misr hukmdori muhtasham saroyida qabul qilar ekan, barcha amaldoru akobirlar hayratdan yoqa ushlaydilar. Odatda qolgan elchilar qoʻlidagi hukmdorga topshiriladigan moʻjazgina maktubni kaftlarida tutganicha taʼzim bajo keltirgach, elchining qoʻlidan Sultonning eng yaqin amaldorlaridan biri olganicha hukmdoriga topshirardi.

Soʻngra Sulton uni eng yoqimli ovoz sohibi boʻlgan devon boshliqlaridan biriga ovoz chiqarib oʻqishni topshirardi. Oliy amaldorlar umri bino boʻlib, bunaqa maktubni ilk bor koʻrib turar edilar.

Bu noyob hodisa zamirida bir qancha sir-sinoat mujassamlashtirolgan. Avvalo ikkinchi bir davlat hukmdorining shaxsiyatiga tegmagan holda, hurmatini oʻrniga qoʻyib, oʻz talabini six ham kuymasin, kabob ham shaklida yetkazish, maktub hajmini haddan tashqari oshirish orqali Misr sultoni va saroy amaldorlariga kuchli ruhiy taʼsir oʻtkazish, bir vaqtda soʻz qudratini badiiy uslubda namoyish qilib ularning qalbiga gʻulgʻula solish, shuningdek, qizim senga aytaman, kelinim sen eshit qabilidagi qochirimli iboralar ham yotar edi. Amir Temur qoʻllagan mantiqiy soʻz qurilishiyu tuzilishini eng tajribali, yirik adiblarning ham oʻylab topishi amri mahol edi.

Bu maktub Sohibqironning davlat tashqi siyosatini yuritishidagi asosiy shiori boʻlgan “Men hal qilishim lozim boʻlgan siyosat ishlarimning oʻndan toʻqqiz qismini murosa-madoraga, faqat bir qismini qilichga qoldirdim”, degan hikmatining amaliyotdagi aynan ifodasi edi.

Shu bois Farajga diplomatik bosim oʻtkazib, shunda ham uning sultonlik hurmatini oʻrniga qoʻygan holda siyosiy taʼsir oʻtkazish usulini qoʻllashga qaror qildi.

Diplomatik tadbir qoʻllab, oʻz maqsadini amalga oshirishni ayni muddao deb bildi. Bu uning saltanati buyukligini bemalol ifoda eta oladigan ajabtovur va oʻta hayratomuz maktubida oʻz ifodasini topdi.

Maktubni ochish jarayonidagi oʻttiz besh metr masofani egallaganligining oʻziyoq Sulton Farajdan tortib butun saroy ahlini hangu mang qilishi aniq edi. Oʻylagan reja aniq nishonga tegishi edi.

Shunday boʻldi ham, maktubdagi “Sulton Ahmadni hibsga olib bizga joʻnatib yuborsinlar” qabilidagi ham iltimos, ham buyruq maʼnosini bildiruvchi gap tobelikni ham soʻzsiz qabul qilishga undar edi. Mohir siyosatchi va diplomat Amir Temurning mazkur maktubi bir qarashda iltimos ohangiga ega boʻlsada, ammo mazmun-mohiyat yoʻnalishiga koʻra ixtiyoriy-majburiylik talabi yaqqol sezilib turardi.

Bu Sohibqiron Amir Temurning oʻta mahoratli siyosatchi ekanligi, shuningdek, diplomatik munosabatlarda eng yuksak darajalarni egallaganligidan dalolat edi.

Maktub hajmi va eniyu uzunligi Sohibqiron saltanatining mislsiz ulugʻvorligi ramzi boʻlsa, uning mazmuni esa Amir Temurning soʻz sanʼati mahoratining yuqori mavqeyini ham egallaganligini koʻrsatar edi.

Maktub mazmuni oʻqilish jarayonidayoq Sulton Farajgina emas, uning barcha saroy amaldorlari ham Amir Temur qoʻygan talabni bajarish va tobelikni qabul qilish eng toʻgʻri yoʻl ekanligini toʻla anglab turganlar.

Shu bois Amir Temurning uzoqni koʻzlab yuritgan siyosati oʻzini toʻla oqlagan edi. Natijada qaltis ziddiyatli harbiy-siyosiy muammo tinch va qon toʻkishsiz yoʻl bilan amalga oshirilib, Sohibqiron Amir Temurning toʻla gʻalabasi bilan yakunlangan edi.

Haqiqatan ham, uning qilich zarbi mardlik va adolatni himoya qilishga qodir qudratli kuch sifatida namoyon boʻlsa, Sohibqiron bobomiz soʻz sanʼatini egallashda ham oʻz davrining zabardast notigʻi edi. Buni sheʼriyat mulkining sultoni Alisher Navoiy ham eʼtirof etgani bejiz emasdi.

Jumaboy Rahimov, Jamoat xavfsizligi universiteti professori, tarix fanlari nomzodi.

© 2006-2023. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага