8 Iyul 2022 1523

Soha fidoyilari: Xorazm viloyati IIB YPX katta inspektori, katta leytenant Azizbek Boltayev

Yoz oyi. Jazirama issiqning shashti ancha baland. Ayniqsa, yurtimizning janubiy sarhadlarida kunlik isish darajasi ancha yuqori. Ana shunday kunlarning birida germaniyalik sayyoh Shuman Yohannes Urganch shahrining goʻzal va xushmanzara joylarini tomosha qilayotib, oʻzini yomon his etdi. Piyodalar yoʻlagidan zoʻrgʻa odimlayotgan xorijlik mehmon birdan yoʻl chekkasidagi daraxtga suyangancha oʻtirib qoldi. Bu holatga koʻzi tushgan viloyat IIB Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasi yoʻl harakat xavfsizligi guruhi YPX katta inspektori, katta leytenant Azizbek Boltayev darhol uning yoniga kelib, ingliz tilida undan hol-ahvol soʻradi. Sayyoh xizmat kiyimidagi xodimning xorijiy tilda erkin va ravon gapirayotganini eshitib, biroz hayratlandi va qon bosimi oshganligini, tibbiy yordamga muhtojligini aytdi. Mehmonning sogʻligʻida jiddiy muammolar borligini sezgan katta leytenant A. Boltayev uni harakatlantirmasdan darhol “Tez tibbiy yordam”ga xabar berdi. Bemorni tibbiy tekshiruvdan oʻtkazgan shifokorlar uni tezda shu yaqin atrofdagi kasalxonaga olib borishdi. Xullas, inspektor hamda shifokorlarning oʻz vaqtida koʻrsatgan yordami va tibbiy muolajalari tufayli bemorning hayoti saqlab qolindi. Oʻzini yaxshi his etgan Schuhmann Johannes tibbiyot xodimlariga hamda xaloskori-Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasi YHXG YPX katta inspektori, katta leytenant Azizbek Boltayevga samimiy minnatdorlik bildirdi. Mehr-oqibatli, mehmondoʻst oʻzbek eliga tashrif buyurganidan juda mamnun ekanligini izhor etdi.

Inson yoshlikdan sevgan kasbiga mehr qoʻyib, unga erishish uchun tinmay intiladi. Oʻqiydi, izlanadi. Ota-onasining, yaqinlarining maslahatini oladi. Shu sohaning hadisini olgan kishilarning nasihatlariga quloq tutadi. Sohaning ilgʻor kishisi, bilimdoni boʻlishga, oʻzining butun hayotini tanlagan kasbiga bagʻishlashga intiladi. Lavhamiz qahramoni yangiariqlik Azizbek Boltayev ham yoshlikdan ana shunday aniq maqsad sari dadil odimladi.

Urganch Davlat universitetining xorijiy tillar fakultetini muvaffaqiyatli tamomlagan Azizbek bir yil Yangiariq tumanidagi 25-umumtaʼlim maktabida ingliz tilidan oʻquvchilarga saboq berdi. Shundan soʻng uni tanlagan kasbi-viloyat IIB XTTB YHXG YPX katta inspektori lavozimiga xizmatga qabul qilishdi. Orzusiga erishgan Azizbek sohaning sir-asrorlarini qunt bilan oʻrganishga kirishdi. Ustozi mayor Matyoqub Madaminovning maslahatlariga, nasihatlariga, oʻgitlariga amal qildi. Bilmaganlarini soʻrab oʻrgandi. Oradan koʻp vaqt oʻtmay mustaqil ish yurita oladigan, buyruq va koʻrsatmalarni oʻz vaqtida bajaradigan masʼuliyatli xodimga aylandi.

Mana toʻrt yildirki, ushbu masʼuliyatli vazifada sidqidildan xizmat qilayotgan katta leytenant Azizbek Boltayev yoʻllarda harakat xavfsizligini taʼminlash, yoʻl transporti hodisalarining oldini olish, viloyatga tashrif buyurayotgan turistlar xavfsizligini taʼminlashda sidqidildan xizmat qilmoqda.

Joriy yilning oʻtgan davri mobaynida viloyatga 214 ming 500 nafar turistlar tashrif buyurdi. Shundan 197 ming nafari mahalliy, 17 ming 500 nafari esa xorijiy sayyohlardir. Ularning boy madaniy merosimiz joylashgan hududlarga xavfsiz kuzatuvini tashkil etishda aynan lavhamiz qahramonining xizmatlari alohida tahsinga loyiq. Chunki ushbu muhim tadbirlar jarayonida birorta ham koʻngilsiz voqea-hodisalar sodir etilishiga yoʻl qoʻyilmadi.

-Kasbiga mehr qoʻygan kishi qiyinchiliklardan aslo choʻchimaydi,-deydi viloyat IIB XTTB boshligʻining oʻrinbosari, podpolkovnik Marat Xudoyberganov.-Aksincha uni yengishga, muvaffaqiyatlarga erishishga, kasbining fidoyisi boʻlishga intiladi. Katta leytenant Azizbek Boltayevning tabiatida ham ana shunday ijobiy xislatlarni, fazilatlarni koʻrishimiz mumkin. Bu esa uning tajribali osoyishtalik posboni sifatida shakllanishida muhim omil boʻlmoqda.

Inson hayoti davomida amalga oshirgan har bir ezgu va xayrli ishlari bilan xalqning nazariga tushadi. Lavhamiz qahramoni ham oʻzining fidoyi xizmati bilan ana shunday eʼtirofga munosib boʻlayotgan yoshlardan biridir.

Xudoybergan JABBOROV,
“Postda” muxbiri.

© 2006-2023. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага