Sogʻlom turmush tarzi - salomatlik garovi
Oʻzbekiston Respublikasi IIV Malaka oshirish institutining Olmaliq shahridagi oʻquv bazasi Maʼnaviyat va maʼrifat zalida Institut Tibbiyot qismi boshligʻi mayor Z.A.Qalandarov tomonidan tinglovchilar bilan «Sogʻlom turmush tarzi - salomatlik garovi” mavzusida davra suhbati oʻtkazildi.
Davra suhbatida toʻgʻri ovqatlanish qoidalari, yaʼni tarkibida yogʻi kam boʻlgan sut va sut mahsulotlari hamda yogurt va pishloqlarni isteʼmol qilish, shakar va qandni kamroq isteʼmol qilish va tarkibida qand moddasi kamroq boʻlgan mahsulotlarni tanlash, shirinliklar va shirin ichimliklar miqdorini chegaralash, tuzni ortiqcha isteʼmol qilmaslik, sutka davomidagi tuz miqdori bir choy qoshiqdan (5gr.) oshmasligi, faqat yodlangan osh tuzini ishlatish, choy oʻrniga tabiiy sharbatlar, shakarsiz kompotlar yoki qaynatilgan suv isteʼmol qilish, choyni ovqat bilan birga isteʼmol qilmaslik boʻyicha tushunchalar berildi.
Shuningdek, sogʻlom turmush tarzining qoidalari, gigiyena, badantarbiyaning hayotdagi oʻrni haqida maʼlumotlar berildi.
Davra suhbati davomida tinglovchilar oʻzlarining qiziqtirgan savollarga javoblar oldilar.
IIV Malaka oshirish instituti