13 Noyabr 2022 751

Shifokorlik masʼuliyati bilim, mahorat va tajribaga tayanadi

Shifokorlik - masʼuliyatli kasb. Chunki u inson salomatligi va hayoti bilan bog‘liq. Ayniqsa, shoshilinch vaziyatda bemorga to‘g‘ri tashxis qo‘yish va birinchi tibbiy yordam ko‘rsata olishda shifokorning masʼuliyati yaqqol ko‘rinadi. Bunda bu kasb sohibidan chuqur bilim, tajriba va mahorat talab etiladi.

Surxondaryo viloyati IIB Tibbiyot bo‘limi poliklinikasining oliy toifali jarrohi Yusufjon Boboqulov uzoq yillardan beri ko‘plab bemorlarning dardiga malham bo‘lib kelmoqda. Qariyb 33 yillik tajribaga ega qahramonimiz mazkur tibbiyot bo‘limida 2013 yildan buyon ichki ishlar organlari xodimlarining salomatligini saqlashda jonbozlik ko‘rsatib kelmoqda.

Yangilikdan, izlanishdan hech ham tolmaydigan qahramonimiz doimo o‘z ustida ishlaydi. Shiddat bilan rivojlanib borayotgan dunyoda zamonaviy bilimlarni egallab borish, yangilanishlardan orqada qolmaslik kerak, deb hisoblaydi.

- Shifokor uchun eng muhimi - to‘g‘ri va o‘z vaqtida qo‘yilgan tashxis, - deydi Yusufjon Boboqulov. - To‘g‘ri, hozir zamonaviy tibbiy uskunalar bor, biroq o‘z sohasini puxta bilgan shifokor shoshilinch holatlarda kasallikning klinik belgilariga qarab ham tashxis qo‘ya oladi va tezda davo choralariga kirishadi.

Yusufjon Boboqulov ko‘rigiga kelgan bemor borki, barchasiga xushmuomalada bo‘lishga intiladi. Chunki shifokorning shirin muomalasi - yarim davo, deb hisoblaydi u. Shu bois kamtar va mehnatsevar bu insonni, soha xodimlari ham, hamkasblari ham hurmat qilishadi.

Tibbiyot muassasasida tashkil etilgan tibbiy patrul orqali chaqiruvlarga borib, turfa odamlar bilan muloqotda bo‘layotgan Yu.Boboqulov bemorlarga noto‘g‘ri ovqatlanishdan tiyilish va sog‘lom turmush tarziga rioya qilish borasida qimmatli maslahatlarini berib keladi.

- Ko‘pchilik sport bilan shug‘ullanishga vaqtini qizg‘anadi, - deydi u. - Vaholanki, mana shu hafsalasizlik turli kasalliklarga duchor bo‘lishimizga sababchi bo‘ladi. Shular ichida eng ko‘p uchrayotgani bu qandli diabetdir. Shuning uchun ko‘p harakat va sport, to‘g‘ri ovqatlanish maqsadga muvofiqdir.

Qahramonimiz ikki o‘g‘ilning otasi, uch nabiraning sevimli bobosi. Ishdan horib borgan kuni nabiralarining kulgisi uning joniga oro kiradi. Ular bilan vaqt o‘tkazishga doim imkon topadi.

Feruza RAHMONQULOVA, “Postda” muxbiri.

Surxondaryo viloyati.

© 2006-2023. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага