12 May 2022 576

Shifokorlar Zominda tajriba almashishdi

IIO xodimlari hamda ularning oila aʼzolari, soha faxriylari salomatligini saqlash bevosita IIV tibbiyot boshqarmasi tasarrufidagi davolash profilaktika muassasalari tomonidan amalga oshiriladi. Hozirda ushbu muassasalarni zamonaviy uskunalar bilan taʼminlash, shifokorlarning bilim va malakasini yanada oshirishga alohida eʼtibor berilmoqda. Bu oʻz navbatida kasalliklarga tashxis qoʻyish, davolash jarayonidagi muammolarni aniqlash va bartaraf etish, rivojlangan davlatlar tajribasidan foydalanish, shifokorlarning oʻzaro tajriba almashishlarida muhim oʻrin tutadi. IIV tomonidan “Zomin” sogʻlomlashtirish oromgohida tashkil etilgan ilmiy-amaliy konferensiyaning maqsadi ham ayni masalaga qaratilganligi bilan ahamiyatli boʻldi. Anjumanda IIV tibbiyot boshqarmasi tasarrufidagi tibbiyot muassasalari kardiolog va nevrolog shifokorlari qatnashishdi.

Tadbir avvalida Jizzax viloyati IIB boshligʻi, general-mayor Gʻayrat Qodirov, IIV tibbiyot boshqarmasi boshligʻi, podpolkovnik Shuhrat Nishonovlar mamlakatimiz sogʻliqni saqlash tizimida kechayotgan islohotlar, IIO tibbiyot muassasalarida zarur qulayliklarni yaratish va davolash ishlarini yanada jonlantirish choralari haqida soʻz yuritishdi.

Bosh miyada qon aylanishining oʻtkir buzilishi natijasida miya toʻqimasining shikastlanishiga insult deyiladi. Uning gemorragik va ishemik turlari mavjud boʻlib, gemorragik insultda bosh miya toʻqimasiga qon qoʻyiladi. Ishemik insultda esa bosh miyani ozuqa bilan taʼminlovchi asosiy qon tomirlari berkilishga uchraydi. Konferensiyada qayd etilishicha, nasl suruvchi salbiy irsiyat, chekish yoki alkogol isteʼmoli, qandli diabet, miokard infarkti, bosh miya qon aylanishining surunkali buzilishi belgilari, tez-tez asabiylashish kabi bir qancha omillar insult rivojlanishi xavfini oshiradi. “Insultni erta aniqlash va davolash taktikasi” mavzusidagi maʼruzada ushbu kasallikni davolashda eʼtibor qaratish lozim boʻlgan jihatlar hamda kasallik belgilari, alomatlari, xurujda birinchi yordam, amaliyotda uchrayotgan mavjud muammolar va jahon tajribasida qoʻllanilayotgan davolash usullari tushuntirildi.

Maʼlum boʻlishicha, yurak-qon kasalliklari keyingi 20-25 yil ichida ancha koʻpaygan. Bugungi kunda dunyoda har 32 soniyada aynan yurak qon-tomir kasalliklaridan 1 ta oʻlim qayd etilishi shifokorlarni tashvishga solmoqda. Kardiolog va nevrolog shifokorlarning konferensiyasida yurak-qon kasalliklari orasida toʻsatdan roʻy beradigan eng ogʻir va xavflisi hisoblangan miokard infarkti, uni davolash masalasi xususida ham maʼruza tinglandi. Notiq respublikamizdagi joriy holat statistikasi, kasallik bilan ogʻriganlarning yosh tasnifi, shuningdek davolashdagi ilgʻor tajribalarni maʼlum qildi. Bundan tashqari, koronavirus pandemiyasidan keyingi muammoli kasalliklarni oʻrganish, davolash, tibbiyot xodimlarining oʻzaro hamkorligini yanada kengaytirish lozimligi taʼkidlandi.

Anjumanda inson tanasidagi, xususan bel, qoʻl va oyoq hamda nevrologik ogʻriqlarga tashxis qoʻyish va davolash, bemordagi tushkunlik, xavotirli depressiya, betoqatlik kuzatilganda psixiatr bilan hamkorlik qilish kerakligi aytildi. Har bir mavzu boʻyicha erkin suhbatlar uyushtirilib, amaliyotda uchrayotgan holatlar muhokama qilindi. Shuningdek, bu kabi tadbirlarni doimiy tashkillashtirish rejalashtirildi.

Konferensiya davomida IIV madaniyat saroyi ashula va raqs ansambli tomonidan xayriya konsert dasturi uyushtirildi. Qisqasi tibbiyot xodimlari oʻzaro tajriba almashish barobarida madaniy hordiq chiqarish imkoniga ham ega boʻlishdi.

Jizzax viloyati IIB Axborot xizmati

© 2006-2022. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага