“Salomatlik patruli” brigadalari joylarda xodimlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining buyrug‘iga asosan Ichki ishlar organlari shaxsiy tarkibi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, kasalliklarni erta aniqlash hamda malakali tashxis qo‘yish va tibbiy-ijtimoiy xizmat ko‘rsatish sifatini yana-da oshirish maqsadida “Sog‘lom xodim – samarali xizmat” tamoyiliga asoslangan tibbiy profilaktik tadbirlarni manzilli tashkil etish belgilandi. Unga ko‘ra vazirlik tizimida haftaning xar chorshanba kuni “Salomatlik kuni” sifatida o‘tkaziladigan bo‘ldi. Shuningdek vazirlik Markaziy poliklinikasi va hududiy tibbiyot bo‘limlari tomonidan “Salomatlik patruli” brigadalari tashkil etilib, ular tomonidan xodimlarni tanlov asosida rejadan tashqari holda, idorabay tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish ishlari boshlandi.
Bunda yurak-qon tomir, qandli diabet, semizlik va unga sabab bo‘luvchi boshqa endokrin tizimi hamda moddalar almashinuvi kasalliklari bilan bog‘liq dispanser nazoratiga olingan xodimlar sog‘lig‘ini kuzatib borilishi, bir yilda kamida ikki marotaba qon bosimini o‘lchash, elektrokardiografiya, zarur xollarda boshqa tekshiruvlardan o‘tkazish orqali qo‘shimcha ravishda profilaktik tibbiy ko‘riklar tashkil etilayotganligi ham ahamiyatlidir.
Ahamiyatli jihati shundaki shifokorlar tomonidan idoralarda tashkillashtirilayotgan ushbu ko‘riklar xodimlarni ish jarayonidan ajralmagan xolda ortiqcha vaqt sarflamay tibbiy ko‘rikdan o‘tishlariga qulay sharoit yaratadi.
Aytib o‘tish kerakki brigadalar tarkibiga harbiy-tibbiy komissiyalarning ekspert shifokorlari ham kiritilgan bo‘lib, agarda tibbiy ko‘rik davomida maʼlum bir kasallik aniqlansa ularga mutaxassislar tomonidan zarur tibbiy maslahatlar beriladi.
Hozirda “Salomatlik patruli” brigadalarining idorabay o‘tkazayotgan tibbiy ko‘riklari davom etmoqda.