Safimizdagi fidoyilar: Xorazm viloyati IIB Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmati xodimi kichik serjant Fazilat Zargarova
Bugungi kunda ayollarimiz jamiyatimizning turli sohalarida sidqidildan mehnat qilishmoqda. Ular ilgʻor tadbirkor, tajribali fermer, mohir tikuvchi, jonkuyar shifokor, mehribon oʻqituvchi, tengsiz sportchi... Hatto ular erkaklar bilan yonma-yon turib, yurtimiz osoyishtaligini taʼminlashdek mashaqqatli kasbda ham sharaf bilan xizmat qilishyapti. Bunday fidoyi ayollarimiz orasida Xorazm viloyati IIB Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmati kanselyariya boshligʻi, kichik serjant Fazilat Zargarova ham bor.
Urganch qurilish kasb-hunar kollejining huquqshunoslik boʻlimini muvaffaqiyatli tamomlagan Fazilat yoshlikdagi orzusiga erishish maqsadida viloyat ichki ishlar boshqarmasi huzuridagi Qoʻriqlash boʻlimiga ishga joylashdi. Kasbga boʻlgan intilishi yuz koʻzidan yaqqol sezilib turgan bu qiz ikki yil yollanma ishchi sifatida qoʻriqlash pulti operatori vazifasida sidqidildan xizmat qildi. Oʻtgan davr mobaynida uning ichki ishlar sohasiga boʻlgan qiziqishi yanada ortdi. Xizmat intizomiga, murabbiylarining maslahatlariga quloq tutib, kasb sir-asrorlarini qunt bilan oʻrganishga intildi.
Ijobiy tavsifnoma bilan viloyat IIB SHTBIXga kelgan bu qiz sinov imtihonlaridan muvaffaqiyatli oʻtgach, Tibbiyot xizmati kanselyariya xodimi vazifasiga xizmatga qabul qilindi. Orzusi ushalgan Fazilat oʻz xizmat vazifasini bajarishga astoydil kirishdi. Bunda unga isteʼfodagi katta serjant Shahodat Azimova, manzilgohlar boʻlimi qayd qiluvchisi Galina Karimboyeva singari qalbi keng, mehri daryo ustozlari yaqindan yordam berishdi. Ulardan kasb sirlarini qunt bilan oʻrganishga harakat qildi. Oradan koʻp oʻtmay u kasbining tajribali xodimasiga aylandi.
-Har bir kasbning oʻziga xos mashaqqatli hamda zavqli tomonlari bor,-deydi biz bilan suhbatda kichik serjant Fazilat Zargarova.-Buni toʻgʻri anglagan kishigina har qanday qiyinchiliklarga bardosh berib, oʻz kasbining fidoyisiga aylanishi mumkin. Ana shu halol mehnat, tinimsiz izlanish uni chinakam baxtli hayot sari yetaklaydi. Men ham osoyishtalik posboni boʻlishdek sharafli kasbni tanlaganimdan juda baxtiyorman.
Mana 20 yildirki, ichki ishlar organlarida sidqidildan xizmat qilayotgan kichik serjant Fazilat Zargarova oʻz baxtini mehnatda topdi. Kasbga boʻlgan sadoqati tufayli hamkasblari oʻrtasida hurmat eʼtibor qozondi.
-Yurt osoyishtaligini taʼminlash vazifasi naqadar mashaqqatli boʻlmasin bu sohada koʻplab ayollarimiz sidqidildan xizmat qilishyapti,-deydi viloyat IIB Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmati boshligʻining oʻrinbosari, podpolkovnik Dilnoza Bogʻibekova.-Kichik serjant Fazilat Zargarova ham ana shunday mehnatsevar xodimalarimizdan biri. U oʻzining tirishqoqligi, masʼuliyatni his qila bilishi, topshiriqlarni oʻz vaqtida aniq va puxta bajarishi hamda jamoat ishlaridagi faolligi bilan hamkasblariga oʻrnak boʻlib kelmoqda.
Xizmat burchini bajarishdagi fidoyiligi, kasbga boʻlgan sadoqati tufayli kichik serjant Fazilat Zargarova Ichki ishlar vazirligi hamda viloyat IIB rahbariyati tomonidan bir necha bor munosib tarzda ragʻbatlantirilgan.
Xudoybergan Jabborov, “Postda” muxbiri.