13 Avgust 2022 3635

Respublika ishchi guruhining Navoiy viloyatidagi oʻrganishlari yakuniga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi

Navoiy viloyatida hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi muammolarini tizimli hal etish, jamoat xavfsizligini taʼminlash va kriminogen vaziyatga taʼsir etuvchi ijtimoiy-maishiy muammolarni bartaraf etish yuzasidan sektor rahbarlari hamda korxona tashkilot rahbarlari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar Respublika ishchi guruhi rahbari, Ichki ishlar vaziri P.R.Bobojonov va Respublika Bosh prokurori oʻrinbosari Shuxrat Uzoqov hamda viloyat hokimi N.Tursunov huzurida tanqidiy koʻrib chiqildi. 

Yigʻilish davomida Respublika ishchi guruhi mutasaddilari tomonidan oʻtgan olti oy mobaynida amalga oshirilgan ishlar, yoʻl xaritalarida belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosi tahlil etildi. 

Taʼkidlash lozim tadbirda Xalq taʼlimi, Oliy taʼlim, tijorat banklari hamda elektr tarmoqlari va Hudud gaz mutasaddilari tomonidan aholi murojaatlarini oʻz vaqtida koʻrib chiqishda yoʻl qoʻyilgan kamchilik hamda sustkashliklar tanqid qilindi.

Shuningdek, hududlardagi kriminogen vaziyatga ham alohida toʻxtalib, ayni paytda Navoiy shahar, Navbahor, Xatirchi tumanlarida firibgarlik bilan bogʻliq jinoyatlar oshgani, Zarafshon, Karmana tumanlarida oʻgʻrilik jinoyatlari salmogʻi yuqori ekani taʼkidlanib bu borada hudud ahvolidan kelib chiqqan holda yoʻl xaritalarini ishlab chiqish jinoyatlarni barvaqt oldini olish hamda uning profilaktikasini amalga oshirish boʻyicha topshiriqlar berildi. 

Bundan tashqari mahallalarda sodir etilayotgan jinoyatlar sohabay koʻrib chiqilib jinoyat hamda huquqbuzarliklarga murosasizlik kayfiyatini shakllantirish zarurligi, bunda nafaqat huquqni muhofaza qiluvchi organlar balki korxona- tashkilotlar, keng jamoatchilik birdek masʼuliyatni zimmasiga olishi zarurligi taʼkidlandi. 

Muxtasar aytganda Ichki ishlar vaziri P.Bobojonov hamda Respublika Bosh prokurori oʻrinbosari Shuxrat Uzoqov boshchiligida viloyatda olti kunlik oʻrganishlar chuqur tahlil qilinib barcha masʼullarga tegishli topshiriqlar berildi.

Navoiy viloyati IIB Axborot xizmati

© 2006-2022. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага