22 Iyul 2022 2193

Respublika ishchi guruhining Jizzax viloyatidagi oʻrganishlari davom etmoqda

Avval xabar berganimizdek, ayni kunlarda Ichki ishlar vaziri general-leytenant Poʻlat Bobojonov hamda Bosh prokuror oʻrinbosari general-mayor Shuxrat Uzaqovlar boshchiligidagi idoralararo respublika ishchi guruhi tomonidan viloyat hududida tinchlik va osoyishtalikni taʼminlash, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, fuqarolarning bandligini taʼminlash orqali aholi turmush farovonligini oshirish hamda mavjud muammolarni bartaraf etishga qaratilgan faoliyat samaradorligi tahlil qilinmoqda.

Jumladan, oʻrganishlarning navbatdagi kuni ishchi guruh masʼullari Forish tumanidagi harbiy togʻ poligonida boʻldi. Belgilangan reja asosida harbiy va jangovar tayyorgarlikdan oʻtayotgan viloyat ichki ishlar organlari xodimlarining jismoniy tayyorgarligi, texnika, qurol va vositalardan foydalanishga doir mahorati hamda murakkab vaziyatlarda toʻgʻri qaror qabul qilishga oid bilim va tajribalari sinovdan oʻtkazildi.

Ishchi guruh vakillari harbiy xizmatchilar va ularning oilalari uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdilar. Shu yerda ichki ishlar organlari faxriylari bilan muloqot tashkil etildi. Tadbirda huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda xizmat intizomi va qonuniylikni taʼminlashda soha faxriylarining boy tajribasidan foydalanish yuzasidan fikr va mulohazalar bildirildi. Yakunda mamlakatimizning qadimiy shaharlariga faxriylar sayohatini tashkil etishga kelishib olindi.

Keyingi manzil Jizzax viloyati prokuraturasi boʻldi. Bu yerda dastlab Jizzax viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha 2-sektor shtabi faoliyati oʻrganildi. Maʼlum boʻlishicha, joriy yilning oʻtgan davrida viloyatning 2-sektorida yashovchi ehtiyojmand fuqarolarga 30 milliard soʻm ajratilgan. Shuningdek, 2 588 ta tadbirkorlik subyekti 65,9 milliard soʻm miqdorida imtiyozli kredit bilan taʼminlangan. Sektor masʼullari “Temir daftar”, “Ayollar daftari” hamda “Yoshlar daftari”da roʻyxatda turganlarga koʻrsatilayotgan yordam va hududlarda tashkil etilayotgan sport musobaqalari haqida maʼlumot berdilar.

Viloyat prokuraturasining “Obod qishloq”, “Obod mahalla” hamda investitsiya dasturlarining bajarilishi, qurilishlar sifatini nazorat qilish, yer uchastkalarining noqonuniy egallab olinishiga qarshi kurashish hamda majburiy ijro byurosi xodimlarining undiruvga oid faoliyati tahlil qilindi. Mamlakatimiz rahbarining 2021-yil 29-noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi jamoat xavfsizligi konsepsiyasini tasdiqlash va uni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni ijrosini taʼminlash boʻyicha amalga oshirilgan ishlarga eʼtibor qaratildi.

Viloyatdagi oʻrganish ishlari davom etmoqda.

IIV Axborot xizmati

© 2006-2022. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага