12 Avgust 2022 1630

Respublika ishchi guruhi Navoiy viloyatining bir qator tuman-shahar Ichki ishlar bo‘limlari faoliyati bilan tanishdi

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri P.Bobojonov hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuror o‘rinbosari Sh.Uzakov boshchiligidagi ishchi guruh viloyat markazidan 70 km uzoqlikdagi Nurota tumani Ichki ishlar bo‘limida bo‘lishdi. Tashrif davomida tuman sektor rahbarlari hududning kriminogen vaziyati hamda jinoyatchilikni oldini olish borasida amalga oshirayotgan ishlar xususida axborot berishdi. Taʼkidlash lozim, so‘ngi 6 oy mobaynida Nurota tumanida jinoyatchilikning umumiy salmog‘i kamayishiga erishilgan bo‘lsada, ayrim turdagi jinoyatlar: firibgarlik hamda o‘g‘rilik jinoyatlari soni oshgani, qizil toifadagi mahallalardagi ishsiz fuqarolar bilan alohida shug‘ullanish, ularning bandligini taʼminlash borasida takliflar bildirildi.

Navbatdagi tashrif Gozg‘on shahridagi Ichki ishlar bo‘limiga amalga oshirildi. Ishchi guruh rahbarlari mazkur shahar aholisining ayni paytdagi demografik joylashuvi, tadbirkorlik subyektlarida yaratilayotgan bo‘sh ish o‘rinlari va xotin-qizlar bandligini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar  bilan yaqindan tanishib, jinoyatlarni barvaqt oldini olish va uning profilaktikasini doimiy tashkil etish bo‘yicha zarur topshiriqlarni berishdi.

Shuningdek, mehmonlar Navbahor tumani Ichki ishlar bo‘limi faoliyati bilan ham tanishib, tuman sektorlarida so‘ngi 6 oy mobaynida sodir etilgan jinoyatlarni turlar kesimida tahlil qilishdi. Ilgari jinoyat sodir etib, ayni paytda Probatsiya nazoratida turgan shaxslar bilan yakka tartibda ish olib borish, ularning bandligini taʼminlash orqali jamiyatda foydali shaxsga aylantirish bo‘yicha muhim vazifalar berildi. Taʼkidlash lozim o‘rganishlar viloyatning barcha shahar tumanlarida olib borildi. Ijtimoiy-siyosiy vaziyat hamda kriminogen holat o‘rganilib shaxsiy tarkibga zarur amaliy ko‘nikmalar berildi. Har bir soha xodimi daxldorlik tuyg‘usi bilan xizmat olib borishi, fuqarolar manfaatini birinchi galdagi vazifa sifatida ko‘rishi  lozimligi taʼkidlandi.

Respublika ishchi guruhining viloyatdagi o‘rganishlari davom etmoqda.

IIV Axborot xizmati

© 2006-2022. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага