20 Iyul 2022 2142

Respublika ishchi guruhi Jizzax viloyati aholisining muammolarini manzilli bartaraf etish choralarini koʻrmoqda

Davlatimiz rahbari boshchiligida aholining tinchligi va osoyishtaligini taʼminlash, koʻp millatli xalqimizning ahil-inoq boʻlib yashashlari uchun barcha sharoitlarni yaratib berish bilan bir qatorda, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, fuqarolarning bandligini taʼminlash orqali doimiy daromad manbaini yaratish va ularni qiynab kelayotgan muammolarni manzilli bartaraf etish boʻyicha mutasaddilar tomonidan aniq vazifalar bajarilmoqda.

Ushbu masalalarning yechimini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri general-leytenant Poʻlat Bobojonov hamda Bosh prokuror oʻrinbosari general-mayor Shuxrat Uzaqovlar boshchiligidagi idoralararo Respublika ishchi guruhi Jizzax viloyati aholisining huquqni muhofaza qilish, sogʻliqni saqlash, taʼlim, ijtimoiy-iqtisodiy yoʻnalishdagi muammolarini bartaraf etish boʻyicha oʻrganish ishlarini olib borishmoqda.

Ishchi guruh masʼullari dastlab Mirzachoʻl tumani Bogʻbon qishloq fuqarolar yigʻinidagi oʻzbek-qozoq madaniyat Markazida aholi bilan uchrashuv oʻtkazdi. Tadbirda Ichki ishlar vaziri Prezidentimiz rahbarligida mamlakatimizda jamoat xavfsizligini taʼminlash, sogʻliqni saqlash, sanoat va qishloq xoʻjaligini taraqqiy ettirish, xalqaro aloqalarni kuchaytirish, millatlararo hamjihatlikni mustahkamlash, huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar toʻgʻrisida atroflicha soʻz yuritdi.

Shuningdek, tadbir qatnashchilari tomonidan 2019-yildan Mirzachoʻl tumanida amalga oshirilgan bunyodkorliklar, mahalla institutini kuchaytirish, ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal qilish, ishlab chiqarish va tadbirkorlikni rivojlantirish borasida erishilgan natijalar tilga olindi. Mazkur muloqot doirasida kitoblar hamda xalq amaliy sanʼati namunalari koʻrgazmasi, badiiy dastalarning konserti, shuningdek mehnat yarmarkasi uyushtirildi. Ishchi guruh masʼullari teatr binosidagi xoreografiya toʻgaragi va tikuvchilik sexi ishi bilan tanishdilar.

Soʻng Doʻstlik tumani ichki ishlar boʻlimining huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurashishga qaratilgan faoliyati tahlil etilib, xodimlar uchun yaratilgan xizmat sharoitlari oʻrganildi. Shu yerda Jizzax viloyati IIB boshligʻining oʻrinbosari, jamoat xavfsizligi xizmati boshligʻi, podpolkovnik Rahmatulla Boʻriyev ichki ishlar organlari xodimlarining mahallalarda huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olishga qaratilgan faoliyati toʻgʻrisida hisob berdi.

Mazkur jarayonda oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 2022-yilda viloyatda umumiy jinoyatlar soni 0,9, oldini olish mumkin boʻlgan jinoyatlar miqdori 16, qotillik jinoyati 17, yoshlar jinoyatchiligi 3,2 foizga kamayganligi bildirildi. Xuddi shunday, 314 ta oilaviy ajrimning oldi olingan. Bugunda viloyatdagi 302 ta mahallaning 208 tasi yashil, 19 tasi sariq, 80 tasi qizil toifaga kiritilgan. Shuningdek, jinoyatlarni keltirib chiqaruvchi sabab va omillarni aniqlash va bartaraf qilish masalalariga eʼtibor qaratildi. Kuzatuv kameralaridan samarali foydalanish, ichki ishlar organlarida hisobda turgan shaxslarga nisbatan profilaktik tadbirlarni kuchaytirish, yoshlarni taʼlimga jalb qilish va ularning bandligini taʼminlash ham yigʻilganlar diqqat markazida boʻldi.

Doʻstlik tumani ichki ishlar boʻlimida Yoshlar ishlari agentligi Jizzax viloyati boshqarmasi boshligʻi Dilmurod Hudayshukurov hamda Jizzax viloyati xalq taʼlimi boshqarmasi boshligʻi Dilfuza Sadriddinova yoshlar va oʻquvchilar oʻrtasida jinoyatchilikning oldini olish, ularning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil qilish, taʼlim sifatini oshirish borasida qilinayotgan ishlar haqida maʼlumot berdilar.

Respublika ishchi guruhning keyingi manzili Sharof Rashidov tumani davlat soliq inspeksiyasi boʻldi. Bu yerda Jizzax viloyati davlat soliq boshqarmasi boshligʻi Bekzod Tashpulatov viloyatda soliq siyosatini amalga oshirish hamda 4-sektorda huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar haqida soʻz yuritdi. Tadbirda Jizzax viloyati hokimi Ergash Saliyev qatnashdi.

Shu kuni ishchi guruh Jizzax viloyati adliya boʻlimi faoliyati bilan tanishdi. Mazkur jarayonda Jizzax viloyati adliya boshqarmasi boshligʻi Shakir Saidov hududdagi adliya organlari faoliyati hamda soha vakillarining huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olishga qaratilgan tadbirlardagi ishtirokiga batafsil toʻxtaldi. Yigʻilganlarga masʼullar tomonidan viloyat bandlik boshqarmasi hamda viloyat IIB JXX probatsiya boʻlimi faoliyati haqida atroflicha maʼlumot berildi.

Mehmonlar Jizzax viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasida ham boʻldi. Boshqarmada soha vakillari qutqaruv va turli ofatlarni bartaraf etishda foydalaniladigan uskuna va vositalar xususida tushuncha berishdi. Shuningdek, qutqaruv guruhi gʻavvoslari 11 metr chuqurlikdagi havzadan jismni olib chiqish amaliyotini namoyish qildilar.

Oʻrganishlarning birinchi kuni yakunida ishchi guruh Sharof Rashidov tumanidagi harbiy qismga bordi. Bu yerda ichki ishlar organlari xodimlarining intellektual, jismoniy va jangovar tayyorgarligi bosqichma-bosqich oshirilmoqda. Ichki ishlar vaziri Poʻlat Bobojonov oʻquv yigʻinida qatnashayotgan 40 nafar profilaktika inspektorlari bilan muloqot jarayonida profilaktik hisobda turgan shaxslar bilan ishlash, xizmat intizomini mustahkamlash, jamoat xavfsizligini taʼminlash toʻgʻrisida soʻz yuritdi. Yakunda vazir oʻquvda faol ishtirok etayotgan 5 nafar xodimni ragʻbatlantirish boʻyicha topshiriq berdi.

Respublika ishchi guruhining Jizzax viloyatidagi oʻrganishlari davom etmoqda.

IIV Axborot xizmati

© 2006-2022. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага