29 Iyul 2022 913

Respublika idoralararo ishchi guruhining Sirdaryo viloyatidagi oʻrganishlari natijalari tanqidiy tahlil etildi

Oʻrganishlar davomida Bosh prokuror oʻrinbosari, general-mayor Shuhrat Uzakov hamda Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari general-mayor Azizbek Ikromovlar boshchiligidagi idoralararo respublika ishchi guruhi Sirdaryo viloyatida tinchlik va osoyishtalikni taʼminlash, koʻp millatli xalqimizning ahil-inoq yashashlari uchun zaruriy sharoitlarni yaratish, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, fuqarolarning bandligini taʼminlash orqali aholi turmush farovonligini oshirish hamda mavjud muammolarni bartaraf etishga qaratilgan faoliyatini oʻrgandi.

Mazkur oʻrganish natijalari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasi, bir qator vazirliklar, Sirdaryo viloyatidagi boshqarma va tashkilotlar, mudofaa hamda huquq-tartibot organlari, oliy oʻquv yurtlari masʼullari va ichki ishlar organlari faxriylari ishtirokida muhokama qilindi. Tanqidiy ruhda oʻtgan yigʻilishda Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari Azizbek Ikromov soʻzga chiqib aniqlangan kamchiliklar yuzasidan axborotini oʻqib eshittirdi. Jumladan, hududlarda aholini tabiiy gaz bilan taʼminlash, toza ichimlik suviga boʻlgan talabani qondirish, ichki yoʻllar taʼmiri boʻyicha amalga oshirilishi lozim boʻlgan ishlarda sustkashlikka yoʻl qoʻyilgani qayd etildi. Fuqarolar ayniqsa yoshlarni bandligini taʼminlash ularni har tomonlama qulay ish oʻrinlariga joylashtirish masalasida ham talaygina muammolar borligi taʼkidlandi. Shuningdek, viloyatda soliq tushumlari koʻrsatkichi pastligi, milliy gvardiya tomonidan bozor hududida jamoat xavfsizligini taʼminlashdagi ishlar qoniqarli emas ekanligi, Adliya organlari tomonidan aholining huquqiy savodxonligini oshirishni jadallashtirish lozimligi, sogʻliqni saqlash tizimida aholiga mahallabay tibbiy xizmat koʻrsatish yaxshi yoʻlga qoʻyilmaganligi, banklarda bankomat yetishmasligi boʻyicha aniqlangan kamchiliklar aniq misollar tariqasida keltirib oʻtildi.

Yigʻilish davomida viloyat aholisining kayfiyatiga, jamoat xavfsizligiga salbiy taʼsir qiluvchi muammo va masalalarning oʻz vaqtida ijobiy yechim topishi kerakligi yuzasidan masʼullarga topshiriq va koʻrsatmalar berildi. Belgilangan chora-tadbirlarni oʻz vaqtida amalga oshirmagan yoki ijrosida sustkashlikka yoʻl qoʻygan bir qator rahbar xodimlarga intizomiy jazo choralari koʻrilishi taʼkidlab oʻtildi.

Kelgusida aniqlangan kamchiliklar takrorlanmasligi, aholining tinchligi va osoyishtaligini taʼminlash, ularni ijtimoiy-iqtisodiy qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan muammo va murojaatlarni oʻz vaqtida ijobiy hal etilishi lozimligi yuzasidan aniq chora-tadbirlar hamda yoʻl xaritalari belgilab olindi .

© 2006-2022. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага