Respublika idoralararo ishchi guruhi aʼzolari Milliy gvardiya qoʻmondoni oʻrinbosari polkovnik Mamirjon Jamoldinovich hamda boshqa mutasaddilar ishtirokida Fargʻona viloyatining Qoʻqon shahri, Furqat, Oltiariq hamda Rishton tumanlarida oʻrganish ishlarini olib borishdi
Masʼullar Qoʻqon shahar dehqon bozorida boʻlib, jinoyatchiliklarning barvaqt oldini olish boʻyicha qoʻshimcha kameralar oʻrnatish jarayoni bilan tanishdilar. Bozordagi arzonlashtirilgan savdo yarmarkasi faoliyati hamda zaxira ombori ham koʻzdan kechirildi.
Shaldiramoq MFY da jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, jamoat tartibini saqlash hamda qoʻriqlash xizmati afzalliklarini targʻib qilish maqsadida profilaktik ishlar olib borildi.
Tadbir jarayonida oʻz xonadonlarini qoʻriqlash xizmatiga topshirish istagini bildirgan 60 nafar fuqarolar va tadbirkorlik subyekti vakillaridan arizalar olinib, tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirildi. Shu kunning oʻzidayoq koʻplab obyektlar qoʻriqlash pultiga ulandi.
Shuningdek, Qoʻqon shahar Aziztepa mahallasida yashovchi fuqaro Muxsinjon Azizovning holidan xabar olindi. 1995-yil tugʻilgan M. Azizov hozirda 1- guruh nogironi boʻlsada IT sohasiga qiziqishi tahsinga sazovor. Ishchi guruh nomidan uning orzu-istaklarini roʻyobga chiqarish maqsadida kompyuter jamlanmasi sovgʻa qilindi.
Bundan tashqari, ishchi guruh aʼzolari Furqat tumani Ingichka MFY, Yangi hayot koʻchasi 17-uyda tashkil etilgan “Murgʻak qalb” oilaviy bolalar uyiga borib, muassasadagi shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar.
Dastlab tuman hokimligida sektor rahbarlari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Shundan soʻng tumandagi Oltiariq nomli mahalla fuqarolar yigʻinida oʻrganishlar davom ettirildi. Hududda jamoat tartibini saqlash borasida olib borilayotgan ishlar hamda yuzaga kelayotgan muammolar joyida tahlil qilindi.
Keyingi manzil Rishton tumani boʻldi. Tuman hokimligida masʼul rahbarlar ishtirokida yigʻilish oʻtkazildi. Yigʻilishda jamoat tartibini saqlash borasida amalga oshirilishi zarur boʻlgan ishlar xususida atroflicha fikr almashilib, mavjud muammolarning yechimi yuzasidan takliflar ishlab chiqildi.
Bu kabi tadbirlar joylarda davom etmoqda.
Fargʻona viloyati IIB Axborot xizmati