Qozogʻistondan 8 nafar voyaga yetmagan oʻzbekistonliklar qaytarib olib kelindi
Oʻzbekiston Respublikasi IIV HPBB tashabbusi bilan Tashqi ishlar vazirligi hamkorligida qoʻshni Qozogʻiston Respublikasida ota-onalari Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga ega boʻlgan fuqarolarning nazoratsiz va qarovsiz qolgan voyaga yetmagan farzandlarini Vatanga qaytarib olib kelish uchun Ichki ishlar vaziri farmoyishiga asosan tizimdan tajribali xodimlar ajratildi.
Mazkur tadbir talablariga koʻra haqiqatan ham bolalarning ota-onalari roʻyxatda turgan hudud fuqarosi ekanliklariga aniqlik kiritilib, bolalarning kelgusidagi taqdirlarida sezilarli oʻrin tutuvchi rasmiy hujjatlar bilan taʼminlanishlarida, qolaversa, ularga ijtimoiy–huquqiy yordam koʻrsatish, sogʻliqlariga gʻamxoʻrlik qilish va taʼlim–tarbiya jarayonlarini davom ettirishda amaliy yordam koʻrsatish maqsadida Oʻzbekistonning Qozogʻistondagi elchixonasi tomonidan berilgan “Oʻzbekiston Respublikasiga qaytish uchun guvohnoma” asosida 8 nafar voyaga yetmagan oʻgʻil-qizlar Oʻzbekiston Respublikasiga olib kelindi va shu bilan bir qatorda ularni kelajakdagi taqdirlarini qonuniy taʼminlanishi nazarda tutilib, hududiy taalluqliligi boʻyicha ota-onalari roʻyxatda turgan mintaqaviy hududlardagi Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy–huquqiy yordam koʻrsatish markazlariga yetkazildi va oʻzaro amalga oshirilishi lozim boʻlgan ishlar rejalashtirilib, aniq vazifalar belgilab olindi.
IIV Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi Axborot xizmati