Qalb koʻzi bilan koʻrish ham baxt
Bugungi suhbatdoshimizning sermazmun qoʻshiqlarini koʻp eshitgansiz. Uning soʻz ustalari bilan tengma-teng askiya aytishayotganini ham koʻrgansiz. Mashhur sanʼatkorlarimiz ovozini oʻxshatib, Shukur Burxonov, Abbos Bakirov, Turgʻun Azizovlarni taqlid qilganiga ham guvoh boʻlgansiz. Anglaganingizdek, navbatdagi suhbatdoshimiz professional ijodkor Oʻzbekiston xalq hofizi Orolmirzo Safarov.
- Suhbatimiz avvalida oʻquvchilarimizga, ayni paytda, aksar muxlislaringizga ham qiziq boʻlgan bir savol bilan murojaat qilmoqchiman. Orolmirzo Safarovning bolaligi qanday oʻtgan? Yoshligida nimalarni orzu qilgan?
- Bolaligim Samarqand viloyatining Tayloq tumanida oʻtgan. Oilamizda olti farzand boʻlgan, ota-onamiz bizlarni hech kimdan kam qilmay tarbiya qilishgan. Olti yoshimgacha qishlogʻimiz koʻchalarida boshqa bolalardek hayot kechirganman.
To Samarqand shahridagi koʻzi ojizlar maktabiga olib borishmaguncha mening koʻzim ojiz, degan tushuncha boʻlmagan. Uyimdagilar ham koʻzi ojiz ekanimni bildirishmagan. Keyin bildimki, tugʻilgan vaqtimda taqdirimda shu bitilgan, albatta, oilada Abduhamid akam va menga bunday takdir yozigʻi boʻlganidan ota-onamiz iztirobga tushishgan. Biroq bizni oʻksittirmay, yaxshi inson boʻlishimiz uchun jon-jahdi bilan harakat qilishgan.
18 yoshgacha Samarqand shahridagi koʻzi ojizlar maxsus maktab-internatida ustozlarimdan taʼlim oldim, toʻgaraklarda qatnashdim. Lekin toʻrtinchi sinfgacha koʻnikolmay, fanlarni yaxshi oʻzlashtirolmaganman. Vaqt oʻtishi bilan ustozlarimning nasihati, ota-onamning oʻgitlari va taqdir menga shunday hayotni ravo koʻrganini tushunib yetishim oʻzgarishimga sabab boʻlgan. 5-sinfdan boshlab hamma fanlardan yaxshi oʻqib, aʼlochi boʻlganman. Maktabni ham aʼlo baholarga bitirdim.
Oilamizda sanʼatga qiziqish katta boʻlgan. Uyimizda mashhur sanʼatkorlarning qoʻshiqlari jamlangan magnit tasmalari juda koʻp edi.
Keyin uyimizda moʻjazgina kutubxona boʻlardi. Qoʻshiqlarni eshitib, qoʻshiq va kuy olamini bolaligimizdan tasavvur qilib ulgʻaygan boʻlsak, onamning har kuni kitob oʻqib berishini ham sabrsizlik bilan kutardik.
Hayotdagi birinchi ustozlarim deb menga toʻgʻri yoʻlni koʻrsatgan otam-onam va nima kerak boʻlsa, topib berib, qayerga olib borish kerak boʻlsa, olib borgan akam boʻlgan, desam, aslo yanglishmagan boʻlaman.
Otam gʻoyibona sanʼatni yaxshi koʻrganlar, “Kuntugʻmish”, “Goʻroʻgʻli”, “Alpomish”, “Tohir va Zuhra” dostonlari asosida yaratilgan musiqiy asarlardagi ariyalarni mohirlik bilan ijro etgan. Shuning uchun ham oʻzi erisholmagan orzuni men amalga oshirishimni istab, shu yoʻlda jon-jahdi bilan harakat qilgan.
- Gazetamizning “Bir qoʻshiq tarixi” ruknida xalqimiz dilidan joy olgan qoʻshiqlarning yaralishi haqida maqolalar berib boramiz. Shu oʻrinda siz mahorat bilan ijro etgan “Shukronalik” qoʻshigʻining tarixi haqida toʻxtalib oʻtsangiz.
- Bu qoʻshiqning yaratilishiga oʻzim sababchi boʻlganman. Koʻplab insonlarni shukur qilishga undovchi shunday qoʻshiq yaratish gʻoyasi menda boʻlgan, lekin uning amalga oshishi mushkul boʻlib turgandi.
Bir kuni zarur ish bilan Oʻzbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekovning ijodxonasiga bordim. Ozodbek oʻshanda yakkaxon konsertiga tayyorgarlik koʻrayotgandi. “Aka, sizga bir taklif bor, konsertda ikkalamiz bir duet ixtiro qilsak. Sizning hayotingiz, taqdir yoʻlingiz aks etgan boʻlsa”, deb qoldi. Men bunga jon deb rozi boʻldim.
Xullas, 2009-yil aprel oyida boʻlib oʻtgan konsertda oʻsha qoʻshiqni birgalikda ijro etdik. Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi Botirjon Ergashev sheʼri, Musaxon Nurmatov musiqasi bilan yaratilgan “Shukronalik” qoʻshigʻi dunyo yuzini koʻrdi.
Xalqimiz uni yaxshi kutib oldi, shu qoʻshiq orqali kimningdir qalbiga kirib borgan boʻlsak, oʻtayotgan kuniga, Olloh bergan neʼmatlariga shukronalikni jo qilgan boʻlsak, oʻzimizni juda baxtiyor his qilgan boʻlamiz.
- Siz ustoz sifatida hozirgi qoʻshiqchilik sanʼatiga baho berishga, uning yutuqlarini eʼtirof etib, kamchiliklarini roʻyi-rost aytishga haqlisiz. Aytingchi, siz bugun ijro etilayotgan qoʻshiqlardan koʻnglingiz toʻladimi?
- Hozirgi qoʻshiqchiligimizning yutuqlari ham bor, kamchiliklari ham yetarli. Afsuski, ayni paytda yaxshi sanʼatkorlar qatorida ogʻzini qimirlatib, fonogrammada bugun bor, ertaga yoʻq qoʻshiqlarni aytayotgan, tirikchilik, soxta obroʻ uchun shu sohada yurgan “sanʼatkor”lar koʻpayib ketdi.
Ular sayoz musiqa, nomi sheʼr boʻlgan almoyi-jalmoyi soʻzlar bilan oʻzlaricha qoʻshiq aytib, oʻzlariga mos auditoriyani ham shakllantiryapti.
- Xabaringiz bor, yurtimizning barcha hududida koʻzi ojiz va zaif koʻruvchi bolalar uchun faoliyat koʻrsatayotgan maxsus maktablar “Nurli maskan” deya qayta nomlanib, Ichki ishlar vazirligi va uning hududiy boshqarmalari otaligʻiga oʻtkazildi. Bu oʻzgarishlardan keyin siz maktablar kelajagini qanday tasavvur qilyapsiz?
- Gapning ochigʻi, Prezidentimiz juda ulugʻ, savob ishga qoʻl urdi. Negaki, hali birorta davlat rahbari koʻzi ojizlar maktabiga borib, holing nima, qanday kamchiliklaring bor, deb soʻramagan.
Yurtboshimizning shaxsan oʻzi maktab-internatga borib, oʻquvchilar va murabbiylar bilan gaplashib, ularning muammosini oʻrganishi, ularni hal qilish choralarini koʻrishi, bu butun koʻzi ojizlarga boʻlgan eʼtibor namunasidir.
Endi bu maktablarning “Nurli maskan” deya nomlanib, ularning Ichki ishlar vazirligi otaligʻiga topshirilishi ulkan voqelik boʻldi. Yaqinda ana shunday maktablar oʻquvchilari oʻrtasida respublika miqyosida oʻtkazilgan sport musobaqasi va kitobxonlik tanlovida ishtirok etdim.
Oʻquvchilarning shijoati, sportga boʻlgan qiziqishiga guvoh boʻldim. Mutasaddi idoralarning homiylik yordami, gʻoliblarga berilgan mukofotlarni eshitdim. Shu yoshga yetib bunaqa tadbir, koʻzi ojizlarga koʻrsatilayotgan bunday eʼtiborni koʻrmaganman.
Sal oldin oʻzim taʼlim olgan maktabga bordim. U yerda ayni paytda keng miqyosda taʼmirlash ishlari boshlangan. Hademay zamonaviy, koʻzi ojizlar uchun barcha qulayliklarga ega boʻlgan maktab qad rostlaydi. Bu xayrli ishlardan maktab jamoasi, ayniqsa, oʻquvchilarning quvonchini bir koʻrsangiz edi. Biz oʻqigan davrda brayl yozuvidagi kitoblarni topish juda qiyin boʻlgan.
Endilikda shunday yozuvli kitoblar bilan uzluksiz taʼminlash yoʻlga qoʻyilyapti, koʻplab toʻgaraklar faoliyati jonlantirilyapti. Nasib qilsa, kelajakda respublikamizdagi ana shunday maktablardan ham yaxshi insonlar, ijodkorlar, hunarmandlar chiqishiga ishonchim komil. Mana shunday ezgu ishlarning boshida turgan Yurtboshimizdan, Ichki ishlar vaziridan, barcha mutasaddi rahbarlardan cheksiz minnatdormiz.
- Bolaligimizda eshitgandik, bundan ancha yillar oldin boʻlib oʻtgan tanlovda mashhur sanʼatkorlardan biri sizning ijroingizga tan berib, oʻz torini sovgʻa qilgan ekan. Shu rostmi?
- 1991-yil 27-dekabrda yosh xonandalarning “Kamolot-91” respublika koʻrik-tanlovi boʻlib oʻtgandi. 14 nafar ishtirokchi orasida men ham qatnashib, ikkita qoʻshiq aytdim. Gʻolib boʻlib, gran-prini qoʻlga kiritganman. Tanlovdagi hakamlar hayʼati juda nufuzli insonlardan tashkil topgandi: Sherali Joʻrayev, Ortiq Otajonov, Nuriddin Haydarov, Muhammad Yusuf...
Xullas, hayʼat aʼzolariga qoʻshiqlarim manzur boʻlib, gran-pri bilan birga mukofot uchun qoʻyilgan tor sozini Oʻzbekiston xalq artisti Sherali Joʻrayev qoʻllaridan olish baxtiga muyassar boʻlganman.
Bu mukofot respublika miqyosidagi musobaqada erishgan birinchi sovrinim boʻlgani uchun hali-hanuz uni ardoqlab, saqlab kelaman. Ana shunday ustoz nazariga tushganimdan, u kishiga shogird boʻlganimdan faxrlanaman.
- Ichki ishlar organlari xodimlarining xizmat faoliyati haqidagi fikrlaringiz?
- Ichki ishlar organi xodimlari doim hurmat qilib, Orolmirzo aka, hofiz deb eʼzozlashadi. Xalqimiz tinchligi, osoyishtaligi uchun fidoyilik bilan xizmat qilayotgan barcha ichki ishlar organlari xodimlaridan juda roziman.
Qilgan ibodatlarimda boshqa sohadagilar qatori, ichki ishlar organlari xodimlarini ham doim duo qilaman. Tinchlikni asrab, xalqimiz osoyishta yashashi yoʻlida qilgan xizmatlari uchun ajru savoblarini soʻrayman.
Yurtimiz tinch boʻlsin. Mayli, qandaydir mashgʻulotlar uchun, harbiy tayyorgarlikni oshirish uchun yasama oʻqlar otilsin, lekin haqiqiy oʻqlar otilmasin, ichki ishlar organlari xodimlarining umri xazon boʻlmasin.
“Postda” muxbiri Foziljon Mamasharipov suhbatlashdi.