Propiska tizimini soddalashtirish maqsadida joriy etilgan tartiblar
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasida doimiy va vaqtincha propiska qilish tartibini yanada soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 28-dekabrdagi 1049-son qaroriga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi 320-son qarori asosida respublikamiz hududida propiska tizimi bir qator soddalashtirildi. Unga koʻra, quyidagi tartiblar amalga kiritildi:
- Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtmasdan istiqomat qilish muddati 15 kun hisoblanadi;
- Doimiy yashash joyi va vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olish bir kun ichida rasmiylashtiriladi;
- Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olishda avvalgi doimiy yashash joyidan roʻyxatdan chiqish tartibi bekor qilindi;
- Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olinishini rasmiylashtirishda pasport, uy daftari yoki xonadon kartochkasiga roʻyxatga olish shtampini bosish amaliyoti bekor qilindi;
- Harbiy xizmatga majburlarni doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olishda mudofaa ishlari boʻlimlariga harbiy hisobdan chiqish va harbiy hisobga turish uchun borish tartibi bekor qilindi;
- Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi soliq organlarida hisobga olingan ijara shartnomasi haqida maʼlumot taqdim etganda, uni vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olishda uy-joy egasining roziligi talab etilmaydi.
Agar Sizga nisbatan migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlinmalari tomonidan korrupsion harakatlar sodir etilsa, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasining 71-231-37-98, 71-231-61-32 raqamlariga murojaat qilishingiz mumkin.
IIV Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi