1 Iyul 2022 491

Probatsiya xizmati xodimlari tomonidan Sirdaryo viloyati ichki ishlar organlari Probatsiya boʻlinmalari faoliyati oʻrganilib, amaliy-uslubiy yordam koʻrsatildi

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining oʻrinbosari polkovnik B.T.Abdullayev tomonidan imzolangan Reja-topshiriqqa asosan, Jamoat xavfsizligi departamenti Probatsiya xizmati xodimlaridan iborat boʻlgan ishchi guruhi tomonidan Sirdaryo viloyatida ichki ishlar organlari Probatsiya boʻlinmalari faoliyati oʻrganilib, soha natijadorligini oshirish, tizim faoliyatida samarali hamkorlik mexanizmlarini toʻgʻri yoʻlga qoʻyish borasida amaliy yordam koʻrsatildi.

Amaliy yordam koʻrsatish davomida asosiy eʼtibor, Probatsiya boʻlinmalari nazorati ostida turgan shaxslarga koʻrsatilayotgan ijtimoiy-huquqiy yordam, ularning hayotga moslashuvini taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlar, nazoratdagilarning muayyan foydali mehnat bilan shugʻullanishlari va bandligini taʼminlash, shuningdek, ular tomonidan qayta jinoyat sodir etilishiga yoʻl qoʻymaslik borasida amalga oshirilgan ishlarni oʻrganishga qaratildi.

Sirdaryo viloyatida Probatsiya nazorati ostida jazo muddatini oʻtayotgan shaxslarning ijtimoiy hayotga moslashuvini hamda bandligini taʼminlash, nazoratdagilarni qayta kasbga oʻqitish, egallagan mutaxassisliklari boʻyicha ishga joylashtirish masalalariga keng eʼtibor qaratilib, bu borada ijobiy natijalarga erishilgan.

Ichki ishlar organlarining sohaviy xizmatlari, shuningdek, Probatsiya faoliyatini amalga oshirishga daxldor boʻlgan boshqa davlat idoralari, qolaversa, keng jamoatchilik bilan hamkorlikda 235 nafar nazoratdagilarga ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatilgan. Xususan, 20 nafar nazoratdagilarning fuqarolik masalalari bilan bogʻliq muammolari hal etilgan boʻlsa, 4 nafar nazorat ostidagi shaxslar mahalliy hokimliklar koʻmagida uy-joy bilan taʼminlangan.

Hamkorlikda olib borilgan manzilli chora-tadbirlar natijasida, nazorat ostida turgan 2 126 nafar shaxslarning 1 186 nafari tuzalish yoʻliga oʻtib sogʻlom turmush kechirishiga erishilgan.

Oʻtgan davr mobaynida nazoratdagilarni bandligini taʼminlash maqsadida Aholi bandligiga koʻmaklashish markazlari bilan hamkorlikda 26 marotaba “Ishga marhamat” mehnat yarmarkalari oʻtkazilib, ushbu tadbirlar davomida 94 nafar nazoratdagilar ishga joylashtirilgan.

Ishchi guruhi tomonidan viloyatda olib borilgan oʻrganishlar davomida, nazorat ostidagi shaxslarning muammolarini oʻrganish, ularni kasb-hunarga yoʻnaltirish va bandligini taʼminlashga qaratilgan tadbirlar tashkil etildi.

Jumladan, Guliston shahri hamda Sardoba tumanida ichki ishlar organlari Probatsiya boʻlinmalari nazorati ostida jazo muddatini oʻtayotgan shaxslar oʻrtasida “Ishga marhamat” mehnat yarmarkalari tashkil etilib, Bandlik bosh boshqarmasi huzuridagi «Monomarkaz»larida ularni qayta kasbga oʻqitish orqali bandligini taʼminlash choralari koʻrildi.

Ishchi guruhi aʼzolari tomonidan Sirdaryo viloyatida olib borilgan oʻrganishlar davomida, Probatsiya boʻlinmalari faoliyati samaradorligini oshirish, tizim mavqeyini yuksaltirish, xodimlarning xizmat vazifalariga boʻlgan masʼuliyatini kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilab berilib, shahar-tuman Probatsiya boʻlinmalari faoliyatida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan amaliy yordam koʻrsatildi.

Sirdaryo viloyati IIB Axborot xizmati

© 2006-2022. Barcha huquqlar himoyalangan
Sayt materiallaridan foydalanilganda www.iiv.uz sayti ko'rsatilishi shart
Sayt yaratuvchisi: Online Service Group
Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing
Тепага