Polkovnik Shuhratjon Sotvoldiyev
Prezidentimiz 2017-yilning 9-fevral kuni ichki ishlar organlari faoliyatida, tizimda mavjud muammo va kamchiliklarni aniqlash va bartaraf etish, istiqboldagi vazifalarni belgilab olishga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida soʻzlagan nutqida “ichki ishlar organlari shunday ishlashi kerakki, toki xalq davlatdan rozi boʻlsin”, deb taʼkidlagan edi. 2019-yil 10-yanvar kuni Yunusobod tumanidagi 7-ichki ishlar boʻlimiga tashrifi paytida esa davlat rahbari «ichki ishlar vazirligi, mudofaa vazirligi, davlat xavfsizlik xizmati, milliy gvardiya, prokuratura – hammasi xalqqa xizmat qilishi kerak…”, deb alohida qayd etgan edi.
Mamlakatimizda huquq-tartibot idoralari faoliyatini yaxshilash, xalqimizga xizmat qilishga erishish eng muhim vazifalardan biriga aylandi. Kim qanday ishlayotganini odamlardan yaxshiroq biladigan hech narsa yoʻq. “oʻzi bilmaydi” rukni orqali huquq-tartibot idoralari rahbarlari faoliyatiga hududdagi odamlarning fikri beriladi.
Qashqadaryo viloyatidagi 3-sektor faoliyatiga bugun Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi, polkovnik Shuhratjon Sotvoldiyev masʼul hisoblanadi. Hozirda sektor hududiga 202 ta mahalla qaraydi va ularda 146 ming 972 ta xonadon, 202 ming 926 nafar oila mavjud boʻlib, 736 ming aholi istiqomat qiladi.
– Mahallamizda ayni vaqtda 1 900 ta xonadonda 2 mingdan ortiq oila va 8 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi, – deydi “Otchopar” MFY raisi Zilola Xurramova. – 3-sektor rahbari Shuhratjon akaning amalga oshirgan ishlarini aytsam, u kishini maqtagan boʻlib qolamanda. Maqtadi, deb oʻylasangiz ham mayli. Shunday boʻlsada mahallamizda qilgan ishlarini gapiraman. Hududimizga qarashli hisoblangan tuproq va loy koʻchalarimizning barchasiga tosh shagʻal yotqizildi. Bundan tashqari, shaharning asosiy katta yoʻllariga bogʻlovchi koʻchalarimizning hammasi asfalt qilindi. 1,2 km. piyodalar yoʻlakchasi yangidan barpo etildi. Hududdagi 2 ta transformator qayta taʼmirlanib, 30 ta yogʻoch ustun temir-beton ustunlarga almashtirildi. Kam daromadli oilalarning ahvoli oʻrganib chiqilib, boquvchisini yoʻqotgan, nogironligi bor oilalarga moddiy yordamlar berib kelmoqda.
Misol uchun, mahallamizda istiqomat qiluvchi ehtiyojmand, boquvchisini yoʻqotgan Feruza Mirzayeva turmush oʻrtogʻining vafotidan soʻng 2 nafar voyaga yetmagan farzandi bilan koʻchada qolgan edi. Ushbu yolgʻiz ayolga hududdagi boʻsh turgan maydon aniqlanib, Qarshi shahri hokimining qarori asosida 5 sotix yer ajratildi va sektor rahbarining tashabbusi bilan 4 xonali uy qurib berildi. Ayolning kamchiliksiz yashashi uchun suv hovuzi, hammom, oshxona ham qurib berildi. Bu ogʻir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan ayolning bugun qaddi tiklandi, ertangi kuniga ishonchi oshdi. Bundan tashqari, “Bunyodkor” MFYda yashovchi 2-guruh nogironi Toʻlqin Avazov yashab turgan xonadonini termit bosib, uy devorlari, tom qismi, eshik va romlar yaroqsiz holga kelib, uyi qulab tushadigan ahvoldaligi bois, aniqroq aytganda, noilojlikdan fuqaro sektor rahbariga murojaat qildi. Uning murojaatini ham beeʼtibor qoldirmadi. Unga ham yangi uy qurib berish boshlab yuborildi. Bir soʻz bilan aytganda, u kishi sektor hududidagi aholining muammolarini qoʻlidan kelgancha ijobiy yechishga harakat qilmoqda.
Toʻlqin Avazov bilan suhbatlashish maqsadida uning uyiga qarab yoʻl oldik.
– Turmush oʻrtogʻim salomatligida biroz oʻzgarish boʻlgani uchun shifoxonaga ketgandi, – deydi Mohichehra Muxtorova. – Ular bundan 6 yil oldin avtohalokatga uchrab nogiron boʻlib qoldi. Undan oldin shahardagi bozorlarning birida tadbirkorlik qilar edi. Turmushimiz yaxshi edi. Hech kimdan kam emasdik. Hayot ekanda shunday musibatli kunlar boshimizda bor ekan. Uyimiz loy paxsa va tom qismi taxtadan boʻlganligi uchun termitlar bosib yeb qoʻyayotganini bilganimizdan soʻng, oʻzimiz yangi uy qurishga harakat qildik. Xoʻjayinimning pensiyasidan orttirib, qoʻy va bir nechta tovuq sotib oldik. Ularni koʻpaytirishni niyat qildik. Buning ham oʻzi boʻlmas ekan. Ularning yem-xashagiga ham anchagina mablagʻ ketar ekan. Turmush oʻrtogʻimga yordam boʻlsin, deb kunlik ishlarda ishladim. Shunday boʻlsada, farzandimiz va roʻzgʻordan orttirib, yangi uy qurishga yetarli mablagʻ yigʻa olmadik. Oldiniga xoʻjayinimning birovdan yordam soʻrashga gʻururi yoʻl qoʻymadi.
Vaqt oʻtgan sari uyimizning devor va tom qismi qulab tushish ehtimoli ortib boraverganidan soʻng yordam soʻrab tegishli idoralarga xat yozdi. Yozilgan xatlarga javob kelmadi. Shundan soʻng, sektor rahbariga murojaat qildi. Sektor rahbari Shuhratjon aka uyimizga kelib yashash sharoitimizni koʻrdi va zudlik bilan sizlarga yangi uy qurib bermasa boʻlmaydi, deb qurilishni boshlab yubordi. Mana, koʻrib turganingizdek, ikki xonali uyning devorlarini pishiq gʻishtdan, tom qismini esa temirdan qilib qurib bermoqda. Bir oylardan soʻng, yangi uyga koʻchib kiramiz nasib qilsa.
Tanish-bilish, qoʻshnilarimiz bizlarga toʻgʻrisini aytinglar, haqiqatan ham “militsiya”lar uy qurib berayaptimi, deya ishonqiramay soʻrashadi. Men shunda ich-ichimdan gʻururlanib bizga “militsiya”lar yangi uy qurib berayapti, deyman. Yurtimizda Shuhratjon akaday insonlar koʻpayaversin.
Ayolning gaplarini qogʻozga tushirib ulgurmasimdan shu mahallada yashaydigan hoji bobo Davron Xoliqov suhbatimizga qoʻshildi.
– Shuhratjon Sotvoldiyevning otasiga ming rahmat, – deydi hoji bobo. – Bilasizmi, bu joylarga oldin paxta va gʻalla ekilgan. 1990-yildan boshlab odamlarga uy-joy qurish uchun berilgan. Toʻgʻrisini aytsam, shaharda yashasamda koʻchalarimiz qishda tizzagacha loy, yozda esa chang boʻlganidan uyimizga qishloqdan yoki boshqa viloyatdan mehmonlar kelsa ular oldida juda xijolatda qolardim. Mana, qilsa boʻlar ekanku. Shu boisdan sektor rahbariga gapimni rahmat aytishdan boshladim. Mana endi koʻchamizda yurgan har bir odam shu ishning boshida turgan odamni har kuni duo qiladi.
– Mahallamizdagilar koʻchamiz endi asfalt qilinar ekan, boisi sektor rahbari polkovnik Shuhratjon Sotvoldiyevga murojaatimiz yetib boribdi va u kishi mahallamizga kelib koʻchamizning ahvolini koʻrib, aholi bilan suhbatlashib ketibdi, degan gap-soʻzlar boʻla boshladi, – deydi hoji ona Xursand Qodirova. – Kimdirlar boshqa oldingi rahbarlarga oʻxshab, bu ham asfalt qilib beraman, deb vaʼda berganda, amalda esa hech narsa qilmaydi, desa, yana kimdir “yoʻq, qilib beraman, deb aytdiku koʻrinishidan samimiy, bergan vaʼdasining ustidan chiqadigan odamga oʻxshaydi”, dedi.
Aholi orasida shunday gap-soʻzlar oraladi. Ha aytgancha, yana kimlardir “militsiya”ning koʻchani asfalt qilib yurganini hech koʻrganmisizlar, aytdi-qoʻydida, deydi. Kimdir bu gapga ishonsa, kimdir ishonmadi. Bir kuni koʻchani boshidan asfalt qilina boshlandi. Bir gala odam bilan ularning oldiga borib, polkovnik Shuhratjonga tarbiya bergan ota-onasiga rahmat, dedim.
Shunda istarali oʻrta yoshli odam “bu gapingizni eshitib ich-ichimdan xursand boʻldim, hoji ona”, deb qoldi. Keyin bilsam, Shuhratjonning oʻziga aytgan ekanman. Toʻgʻrisini aytsam, odamlar polkovnik “militsiya” deb, aytaverganidan koʻz oldimga forma kiygan, pogon taqqan bir salobatli, oʻziga oʻxshagan pogon taqqanlar qurshovida yuradigan odam, deb tasavvur qilar edimda. U esa hamma qatori oddiy kiyimda, chang-toʻzondan kiyimi va sochlari oqarib, asfalt qilayotganlarga oʻzi bosh-qosh boʻlib yurgan ekan. Yana oʻzingizcha oʻylamang, koʻchalarini asfalt qilib berganiga ogʻzidan bol tomib maqtayapti, deb. Yaqin bir tanishimiz shahardan 10 km. uzoqlikdagi “Shayxali” mahallasida yashaydi. U yerda yashaydigan odamlardan ham borib soʻrab koʻring vaqtingiz boʻlsa, Shuhratjonni taniydimikan, yoʻqmi. Shunda oʻzingiz bir xulosaga kelasiz.
Hoji ona aytgan manzilga qarab yoʻl oldim.
Mahallaga yetib kelganimdan soʻng, oʻzimni tanishtirib, maqsadimni tushuntirib, qoʻshimchasiga hoji onaning tavsiyasiga koʻra shu yerga keldim, deb gapni boshladim. Shunda “Shayxali” mahallasi, Koson yoʻli koʻchasida yashaydigan Abray Koʻchimov gap boshladi:
– Gap shundaki, 6 yildan buyon mahallamiz hududida Terini qayta ishlash zavodidan chiqayotgan sizot suvlari zax yerda yigʻilib, kattagina koʻl hosil qila boshladi, – deydi Abray Koʻchimov. – Undan chiqayotgan badboʻy hid esa shu yerda yashovchilarning yashashiga imkon qoldirmayotgandi. Boisi, u hidni hidlagan odamning oshqozonigacha achchiq dud yetib borardi. Bu yerda yashab boʻlmaydigan ahvolga kelib qolganimizni maʼlum qilish uchun oldiniga shahar, keyin viloyat va nihoyat respublikagacha murojaat qildik. Hammasi murojaatni oʻrgangani keladi, ahvolimizni koʻradi va bu muammoni tezda bartaraf qilamiz, deyishadi. Shu bilan yoʻq boʻlib ketishadi. Shu ahvolda 80 ta oila 6 yildan beri yashab kelayotgan edik. Boshqa yerga koʻchib ketaylik, desak imkoniyatimiz yoʻq. Toʻgʻrisini aytaman, murojaatimizni oʻrgangani kelgan odamlar uzogʻi bilan 15-20 minut gaplashib turardida, mashinasiga oʻtirib kelgan joyiga ketib qolardi. Chunki, hidning badboʻyligidan koʻzlarimiz achishib ketdi, deb oʻz ogʻzilari bilan aytishardi. Ammo natija yoʻq edi.
Eng yomoni, uyimizga hol-ahvol soʻragani eng yaqin tanishlarimiz ham kelmaydigan boʻlishdi. Shunday bir vaziyatda murojaatlarimizdan biri 3-sektor rahbari Shuhratjon akaga ham yetib borgan ekan. U kishi vaziyatni bilish maqsadida yetib keldi va aholi bilan gaplashdi. Shunda u kishi bu muammoni hal qilmasdan ketmasligini va shu joyda men ham yashayman, deb aytganda hech birimiz ishonmadik. Badboʻy suv maxsus texnikalar yordamida olib chiqib ketildi, zovurni koʻmib tashlash natijasida 20 gektarga yaqin joy tekislanib, ishlov berilib, daraxt koʻchatlari oʻtqazildi. Mana endi hamma qatori biz ham toza havodan nafas olib yashash imkoniyatiga ega boʻldik.
Men nima demoqchiman, aholini oʻylagan rahbar har qanday vaziyatda ham imkon topa olar ekan. Faqat bunga chin koʻngildan yondashsa, oʻzim shu yerda yashaganimda nima qilgan boʻlar edim, degan fikrda boʻlsa. Bu muammoni bartaraf qilishga bir oydan oshiqroq vaqt ketdi. Sektor rahbari shu yerda ishladi, ishchilar bilan birga nonushta qildi. Bugungi kunda zavod har doimgidek ishlab turibdi. Faqat sizot suvlari maxsus hovuzda yigʻilib, darhol maxsus texnikalar orqali olib chiqilib ketilyapti…
Qisqa muddatli oʻrganishimiz Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi, polkovnik Shuhratjon Sotvoldiyevning faoliyati haqida xulosa deyish fikridan mutlaqo yiroqmiz. Biz uchratgan odamlar u kishining 3-sektor rahbari sifatidagi faoliyatiga baho berishdi, xolos. Viloyatda ichki ishlar tizimi qanday ishlayotgani haqida har xil fikrlar boʻlishi mumkin va bu tabiiy. Masalaning bu jihatiga Ichki ishlar vazirligida asosli javob borligiga aminmiz.
Toshtemir XUDOYQULOV, “Oʻzbekiston ovozi” muxbiri.