Nurli yoʻl
“Gaz-52” yuk mashinasi kuzovida bir necha oilaning yigirmadan ortiq aʼzosi qunishib, sholcha, koʻrpalar tagiga tiqilib olgan, bahor boʻlsada, qishning zahasi ketmagandi. Forishning goʻzal Narvonidan koʻchirma qilingan oila aʼzolari oldinda ularni nimalar kutayotganini hali bilishmasdi.
Hammasi ikki hafta oldin kolxoz raisining uyma-uy yurib, qishloq ahli choʻlga koʻchirma boʻlayotganini aytgach boshlandi. Kun yarmidan ogʻganda mashina Yangiyer tumanining “Doʻstlik” kolxoziga kelib toʻxtadi. Odamlar koʻzyosh bilan mashinadan tushishar, chor atrof yaydoq dala, qamishdan qurilgan yetti-sakkiz uy bor, xolos. Onasining ortidan ergashib olgan oʻn yoshli Zubaydillo hali koʻp narsani tushunmas, lekin endi shu yerda yashashlari kerakligini anglab turardi.
Zubaydillo Jabborov otasining suratini koʻrgan, xolos. U tugʻilmasidan sal oldin, 1941-yilda otasi urushga joʻnab ketib, fashistlarga qarshi kurashda halok boʻlgan. Shu sabab onasi va akalarining qoʻlida katta boʻldi. Maktabni tugatishi bilan Toshkentga yoʻl oldi. Yangiyerdagi vokzalda onasi kuzatib qoʻygani hali-hamon koʻz oldida. Tugunchadagi toʻrtta qora non, bir siqim turshak, jiyda, mayizni qoʻliga tutarkan, ona koʻzidan yosh yumaladi. Zubaydillo esa uni kutayotgan kelgusi hayot sari shoshar, uzoqdan koʻringan poyezd hali zamon uni oʻsha manzil sari eltishi darkor edi.
Toshkentning Xadrasi yaqinida joylashgan Madaniy oqartuv texnikumidagi zavqli oʻquv yillari bir zumda oʻtdi-ketdi. Oʻqishni tugatar-tugatmas harbiy kiyimdagi bir kishi uning qoʻliga sargʻimtir qogʻoz tutqazdi. “Povestka” deb yozilgan varaqda harbiy komissariatga yetib borishi zarurligi koʻrsatilgandi. Xullas, harbiy xizmat boshlandi. Irkutskning Bratsk shahrida bor-yoʻgʻi uch oy iliq kunlar boʻlardi. Ham bahor, ham yoz! Zubaydillo navqiron yigit emasmi, sovuqni pisand qilmas, jangovar vazifalarni bajarishda barchaga oʻrnak edi.
1968-yilda harbiy xizmatni tugatib, xuddi bir paytlar koʻchirma qilinganidek, “GAZ-52” avtomashinasida Yangiyer shahriga kirib bordi. Shu tariqa Zubaydillo Jabborov hayotining yangi pallasi boshlandi. U Sardoba tumani ichki ishlar boʻlimiga hujjat topshirdi. Qarangki, omadi chopib bir necha haftaning ichida onasining yoniga ichki ishlar idorasi xodimi formasida kirib keldi. Oʻgʻlining elga qoʻshilib borayotganini koʻrgan onasi juda baxtiyor edi.
1972-yilda Oqoltin tumani IIB Pasport boʻlimiga rahbar etib tayinlangan Zubaydillo Jabborov ushbu lavozimda 1992-yil pensiyaga chiqquniga qadar, naqd yigirma yil faoliyat koʻrsatdi. Oddiy safdorlikdan ichki ishlar mayorigacha boʻlgan yoʻlni bosib oʻtgan bu inson barchaga namuna, desak, mubolagʻa boʻlmaydi.
80 yoshda keksalik gashtini surayotgan Zubaydillo Jabborov turmush oʻrtogʻi bilan yetti farzandni voyaga yetkazdi. Besh oʻgʻil va ikki qiz hayotda oʻz oʻrnini topdi. Farzandlaridan Baxtiyor Jabborov ota izidan ketdi. Oqoltin tumani IIBda turli lavozimlarda xizmat qilib, pensiyaga chiqdi.
Zubaydillo akaning umr yoʻli, oilasiga hamma havas bilan qaraydi. Aslida ham shunday, hayotda faqat ezgulik urugʻini qadar ekansan, umr yoʻling barchaning eʼtiborini tortadigan darajada nurga chulgʻanib boraveradi.
Abdurahmon MUSTAFOQULOV, “Postda” muxbiri. Sirdaryo viloyati.