Navoiy viloyati IIB Probatsiya nazoratidagi 14 nafar mahkum muddatidan oldin ozod etildi
Hukumat qarorlari bilan mamlakatimizda koʻplab mahkumlar afv etilib erkin hayotga qaytmoqda. Berilgan imkoniyat sabab ozod etilgan mahkumlar orasida halol hayot yoʻlida mehnat va istiqomat qilayotganlar shu bilan birga vatan ravnaqiga hissa qoʻshishga bel bogʻlaganlarni koʻrib quvonasiz kishi. Yaqinda Navoiy viloyati IIB Probatsiya maʼmuriy binosida boʻlib oʻtgan sud jarayonida ham Probatsiya nazorati ostida turgan, tuzalish yoʻliga oʻtgan 14 nafar mahkumlarning jazolari muddatidan ilgari shartli ravishda ozod etildi. Taassufki, Probatsiya nazorati ostidagi 3 nafar mahkumning jazosi ogʻirrogʻiga almashtirildi. Boisi ular jazoni oʻtashdan qasddan boʻyin tovlab, sud tomonidan yuklatilgan majburiyatlarni bajarmasdan kelayotgan edi.
Shu kuni viloyat IIB Probatsiya maʼmuriy binosining majlislar zalida yana bir tadbir tashkil etildi. Viloyat IIB Probatsiya boʻlimi boshligʻi Otabek Ilbayev rahbarligida Probatsiya nazorati ostida turgan tuzalish yoʻliga oʻtgan, jinoyat sodir etishga moyil hamda jinoyat sodir etish xavfi yuqori boʻlgan 40 nafar mahkumlar ishtirokida davra suhbati boʻlib oʻtdi. Davra suhbatida mahkumlarning muammolari eshitildi hamda 5 nafar mahkumlarning muammolarni hal etish boʻyicha mutasaddi tashkilotlarga taqdimnoma kiritildi va ijrosi nazoratga olindi. Yakunida esa ularning kelgusidagi rejalari, ular uchun yaratilgan shart-sharoitlar haqida suhbatlashildi.
Navoiy viloyati IIB Axborot xizmati